Fraksiya aʼzolari Hukumatning hisobotini qanday baholadi?

19:19 10 May 2023 Siyosat
613 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP, OʻzXDP hamda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyalarining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Vazirlar Mahkamasining “2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2023-yil birinchi choragida bajarilishi yuzasidan hisoboti muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, 2023-yilning I choragida yalpi ichki mahsulot oʻsishi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 105,5 foiz, shundan yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat 104,1 foiz, xizmatlar 107,0 foiz, qishloq xoʻjaligi 103,2 foizni tashkil qildi. Oʻtgan davr mobaynida davlat byudjeti jaʼmi xarajatlari 47,3 trln. soʻmni, shundan ijtimoiy sohalarga yoʻnaltirilgan harajatlar 18,1 trln soʻmni tashkil qildi. Ushbu sarflangan xarajatlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 22,3 foizga oshgan.

Yigʻilishda “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzolari tomonidan Davlat dasturining partiya saylovoldi dasturi bilan hamohang boʻlgan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, xususan,   advokatura instituti jozibadorligini oshirish, sohaga yosh kadrlarni jalb qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida eʼtirof etildi.

Shuningdek, Davlat dasturi doirasida boshlangan va amalga oshirilayotgan loyihalarni 2023-yilning qolgan davrida ham izchil davom ettirish, belgilangan vaziflarni amalga oshirishda sustkashlikka yoʻl qoʻymaslik kerakligi taʼkidlab oʻtildi.

Qayd etilganidek, Davlat dasturining ijrosida Xalq demokratik partiyasining elektorati uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan — adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yoʻnalishlarida tizimli ishlar amalga oshirilgan. Xususan, respublika boʻyicha ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 78 mingga yaqin ishsiz xotin-qizlarning manzilli roʻyxati shakllantirildi. Ularni kasb-hunarga oʻqitish choralari koʻrilmoqda. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1 mln. 680 ming xotin-qizning 225 mingdan ziyodiga toifalarga ajratilgan holda yordam koʻrsatildi.

Shuningdek, professional taʼlim muassalari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish va ularni moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish toʻgʻrisida Prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi. Qaror loyihasi qabul qilinishi natijasida respublikadagi professional taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilar lavozim maoshlarini oʻrtacha 20 foizga oshirishga erishiladi.

OʻzXDP fraksiyasi aʼzolari hududlardagi ijtimoiy masalalarni samarali hal etishga, ijtimoiy sohaning barqarorligini taʼminlashga, ehtiyojmand qatlam vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotganini yuqori baholab, reabilitatsiya markazlarida nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya choralari bilan qamrab olish koʻlamini 5 baravarga oshirish, talabalarni yotoqxonaga onlayn joylashish imkoniyatlarini beruvchi, Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatiladigan bepul elektron xizmatni joriy etish kabi masalalar ijrosiga alohida eʼtibor qaratish zarurligini qayd etishdilar.

Qayd etilganidek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahorgi koʻchat ekish mavsumida 127,7 mln. dona koʻchat va qalamchalar ekilgan. Shu bilan birga, eksportbop mahsulotlar yetishtirish hamda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, intensiv bogʻlar maydonini 1,5 baravarga va issiqxonalarni 1,2 baravar koʻpaytirish boʻyicha tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturi doirasida 25 ming gektar bogʻlar va 35 ming gektar tokzorlar barpo etish koʻzda tutilgan boʻlib, hisobot davrida 10,9 ming gektar bogʻlar, 8,6 ming gektar tokzorlar tashkil qilingan hamda ularga 23,9 mln dona koʻchatlar ekilgan.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiya aʼzolari tomonidan Orolboʻyi hududini ekologik jihatdan tiklash ishlarini kengaytirish, olis hududlaridagi aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash, maishiy chiqindilarni yigʻish va uni qayta ishlash tadbirlarini oʻz muddatida, sifatli ijrosini taʼminlash borasida taklif va mulohazalar bildirildi.

Yigʻilishda Davlat dasturi bandlari ijrosining borishi yuzasidan samarali parlament nazoratini amalga oshirishga kelishib olindi. Fikr-mulohaza, savol-javoblarga boy boʻlgan yigʻilishda fraksiya aʼzolari tomonidan Hukumat hisoboti qoʻllab-quvvatlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер