Fraksiya aʼzolari eʼtiroz bildirishdi. Nega?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston XDP fraksiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Dastlab Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yilning 9 oylik ijrosi yakunlari chuqur tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqildi.
Avvalo taʼkidlandiki, Davlat byudjeti ijrosida mamlakatimizda olib borilayotgan aholini ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati oʻz aksini topgan. Pandemiya davrida bu masala, ayniqsa, dolzarbdir.
Yigʻilishda Davlat byudjeti haqidagi hisobotni takomillashtirishda Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari bergan takliflar inobatga olingani, avvalgi yillardagi hisobotlarda ochiqlanmagan maʼlumotlar bu yildan batafsil taqdim etila boshlangani qayd etildi.
Deputatlar partiya Saylovoldi dasturidagi ustuvorliklardan kelib chiqib, Davlat byudjeti ijrosida ijtimoiy sohalarni qoʻllab-quvvatlash, aholi turmush darajasini oshirish va ijtimoiy himoyasini taʼminlash borasidagi tadbirlarning moliyalashtirilishiga alohida eʼtibor qaratishdi. Taʼlim, ijtimoiy soha, sogʻliqni saqlash, nafaqa va pensiyalar tayinlash bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.
Pandemiya bilan bogʻliq butun dunyodagi cheklovlar mamlakatimiz iqtisodiyotiga, aksariyat koʻrsatkichlarga taʼsir oʻtkazgan, albatta. Qayd etildiki, 2020-yilning oʻtgan 9 oyi yakuniga koʻra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti hajmi joriy narxlarda 408,3 trillion soʻmni tashkil etgan holda, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 0,4 foizga oʻsdi.
Davlat byudjeti ijrosida asosiy saʼy-harakatlar aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga hamda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish va global inqiroz oqibatlarini bartaraf etishga yoʻnaltirilmoqda.
Joriy yil 9 oyda Davlat byudjeti daromadlari 94 457,2 mlrd. soʻmni tashkil etgan boʻlsa, xarajatlar (davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz) 102,164,8 mlrd. soʻmga yetgan. Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun 53 685,3 mlrd. soʻm (umumiy xarajatlarning 52,5 foizi) sarflandi. Davlat byudjetining ijtimoiy yoʻnaltirilgani Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlariga muvofiq keladi.
Shuningdek, deputatlar byudjet mablagʻlaridan maqsadsiz foydalanish, ularning noqonuniy ishlatilishi bilan bogʻliq kamchiliklarni koʻrsatib oʻtishdi. Pandemiya va karantin cheklovlari bilan bogʻliq qiyin vaziyatda mablagʻlarning samarasiz sarflanishi, ayniqsa, talon-taroj holatlari koʻpaygani aytildi. Hukumat, mutasaddi vazirlik-idoralar byudjet mablagʻlarining sarflanishi boʻyicha shaffof tizim yaratish ishlarini keskin kuchaytirishi zarurligi taʼkidlandi.
Hisobot davrida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida 129,1 mlrd. soʻm byudjet ijrosida kamomad va asossiz xarajatlar aniqlangani deputatlar tomonidan keskin tanqid qilindi.
Xususan, pandemiya bilan bogʻliq murakkab vaziyat boʻlishiga qaramay, sogʻliqni saqlash sohasiga ajratilgan byudjet mablagʻlarining qariyb 22 mlrd. soʻmi bemaqsad sarflangan. Shundan 17,8 mlrd. soʻmi noqonuniy oʻzlashtirilgani fraksiya aʼzolarining qatʼiy eʼtirozlarini keltirib chiqardi.
Koronavirusga qarshi kurashish uchun jalb etilgan tibbiyot muassasalarida Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan ajratilgan mablagʻlarning 70,7 mlrd. soʻmi qoidalarga amal qilmagan holda, sarflab yuborilgan.
Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimida 10 mlrd., Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tizimida 6,3 mlrd., Suv xoʻjaligi tizimida 4 mlrd. soʻm miqdorida moliyaviy qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilgan.
Bundan tashqari, davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari ijrosida ham qator xato-kamchiliklar boʻlgan. Misol uchun, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi xarajatlar rejasi 542,4 mlrd. soʻm etib belgilangan boʻlsa-da, shuning 63 foizigina ishlatilgan. Vaholanki, pandemiya sharoitida ishidan ayrilgan, oilaviy daromadini yoʻqotgan, kasb-hunar oʻrganishga xohishi, ehtiyoji katta boʻlgan fuqarolar hududlarda koʻpchilikni tashkil etadi. Bu jamgʻarma mablagʻlari aynan shunday yurtdoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash uchun toʻliq sarflanishi kerak edi.
Fraksiya aʼzolari masalani keng va tahliliy muhokama qilishdi. Deputatlar partiya dasturiy maqsadlari hamda elektorat manfaatlaridan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz bosh moliyaviy hujjatining ijrosiga nisbatan qatʼiy nuqtayi nazarlarini bildirishdi. Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini kuchaytirish, Davlat byudjeti ijrosi ustidan qatʼiy parlament nazoratini amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Deputatlar hukumat vakillari, vazirlik va idoralar mutasaddilariga bandlik, sogʻliqni saqlash, migratsiya, taʼlim, moliya-iqtisodiyot boʻyicha 10 dan ortiq manzilli savollar berishdi. Ayrim savollarga umumiy mazmunda javob berilgani deputatlar eʼtiroziga ham sabab boʻldi.
Davlat byudjeti ijrosini taʼminlashda parlamentdagi muhokamalar bilan birga, joylarda, tarmoqlarda bevosita, tezkor tahlillar oʻtkazish, buning uchun byudjet mablagʻlari sarflanishi haqidagi maʼlumotlar ochiq boʻlishi zarur. Davlat byudjeti mablagʻlari ishlatilishi yuzasidan Gʻaznachilik hamda Nazorat-taftish boshqarmasi tomonidan oʻrnatilgan nazorat tizimi oʻzining samarasizligini koʻrsatmoqda. Byudjet tizimida kamomad, suiisteʼmolchiliklar va mablagʻlardan maqsadsiz foydalanish holatlari kamayish oʻrniga, yildan-yilga oʻsib bormoqda.
OʻzXDP fraksiyasi aʼzolari Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari ijrosi haqidagi axborot va maʼlumotlar soha hamda tarmoqlar darajasida ochiq boʻlmasa, parlament, jamoatchilik nazoratiga sharoit yaratilmasa, byudjet ijrosi bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etib boʻlmaydi, degan qatʼiy pozitsiya bildirishdi. Davlat byudjeti ijrosi haqidagi maʼlumotlarning ochiqlik darajasini oshirish boʻyicha hukumat tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilishi talab etilayotgani taʼkidlandi.
Yigʻilishdagi savol-javoblar, taklif-mulohazalardan kelib chiqqan holda, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yil 9 oylik ijrosi yakunlari toʻgʻrisidagi hisobotni qoʻllab-quvvatlash haqida qaror qabul qildi.
Yigʻilishda, shuningdek, “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi.
Kelgusi yilga moʻljallanayotgan Davlat byudjeti loyihasida ijtimoiy sohaga xarajatlar joriy yilga nisbatan 15 foizga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu sohadagi islohotlar, ijtimoiy himoya yondashuvi yana-da chuqurlashishini anglatadi. Xususan, kelgusi yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga moddiy yordam berish, bolali oilalarga barcha turdagi ijtimoiy nafaqalarni toʻlash, kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam koʻrsatish, bolalikdan nogironlarga nafaqalar toʻlash uchun 10,2 trln. soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan. Bu joriy yilgi koʻrsatkichga nisbatan 3,7 trln. soʻmga koʻp. Xalq demokratik partiyasi hukumatning ijtimoiy himoya masalasiga bunday yondashuvini qoʻllab-quvvatlaydi.
Deputatlar kelgusi yilgi byudjet xarajatlarini rejalashtirish boʻyicha saylovchilar murojaatlari, joylardagi oʻrganishlar asosida shakllantirilgan takliflari bilan oʻrtoqlashishdi.
Xususan, fraksiya aʼzosi Sherzod Rahmonov Davlat byudjeti xarajatlari samaradorligi va masʼuliyatini oshirish, bu jarayonda deputatlar va jamoatchilikning faolligini kuchaytirish maqsadida har bir saylov okrugi hududi uchun har yili maʼlum miqdorda mablagʻ ajratish, oʻsha mablagʻni eng muhim ijtimoiy loyihalar uchun sarflash masalasini bevosita parlament aʼzolari, mahalliy deputatlar bilan bamaslahat hal etish boʻyicha yangi mexanizm taklif qildi.
Fraksiya aʼzolari “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda maʼqulladi. Shu kunning oʻzida ikkinchi oʻqish uchun fraksiyaning qatʼiy takliflarini shakllantirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- “Real Madrid” alamli tarzda magʻlubiyatga uchradi
- Milliy terma jamoaning JChdagi oʻyinlari qachon va qayerda oʻtishi maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring