“Fojiada hissamiz qancha?” Xotin-qizlar qoʻmitasi Surxondaryodagi mudhish holatga munosabat bildirdi

16:26 10 Iyul 2019 Jamiyat
4642 0

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Surxondaryo viloyati Denov tumanida oʻz bolasini hojatxonaga tashlab ketgan ona voqeasi boʻyicha munosabatini eʼlon qildi. Quyida ushbu maqolani toʻligʻicha eʼtiboringizga havola qilamiz (matnda faqatgina orfografik xatolar tuzatilgan).

Bugungi shiddatli, har kuni minglab voqea va hodisalar buhroni girdobida oʻtayotgan globallashuv davrida AYOL zotini qadr-qimmatini, himoyasini kuchaytirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar qancha boʻlsa, afsuski ayol bilan, uning maʼnaviyati bilan bogʻliq holatlar ham talaygina.

Masalan deb sanay boshlasangiz barmoq yetmaydi. “Ayol bolasini sotdi”, “ayol bolasini boʻgʻib oʻldirdi”, “ayol jinoyatga qoʻl urdi” va hokazo...

Tahlil uchun koʻpchilikni larzaga solgan 2 holatni olaylik:

- 2018-yil 5-mart kuni Namangan viloyatining Norin tumanida “Toshloq grand” fermer xoʻjaligi bogʻida yollanib ishlayotgan Uchqoʻrgʻon tumanida yashovchi B.X. bogʻdagi hojatxonada qiz tuqqan va uni qasddan oʻldirish maqsadida hojatxonaga tashlab yuborgan. Chaqaloq yigʻisini eshitgan shu bogʻ ishchisi A.T. chaqaloqni qutqarib qolgan. Chaqaloq tuman markaziy tugʻruqxonasiga yotqizilgan.

- 2019-yil 2-iyul kuni fuqaro F.T. Surxondaryo viloyati Denov tumani, Lolazor mahallasidagi “Xabibobod” bozori hududida joylashgan ayollar hojatxonasida qiz bola chaqaloqni tugʻib, hojatxona ichiga tashlab ketgan. Undan keyin hojatxonaga kirgan ayol chaqaloq yigʻisini eshitib, odamlarni yordamga chaqirgan. Natijada chaqaloq qutqarib qolinib, kasalxonaga joylashtirilgan.

Balki bular biz bilgan, bilib qolgangina holatlardir.

Nega asosiy omilni kam eslayapmiz?

Bunaqa paytda ijtimoiy tarmoqlarda, oʻzaro muloqotlarda yoshlar, ayniqsa qizlar tarbiyasiga masʼul tashkilotlarni, mahallani, ota-onani ayblash, bolasini hojatxonaga tashlagan ayolni laʼnatlash jarayonining boshlanishi tabiiy.

Internet tarmogʻida, matbuotda “Erkak aldagani uchun ayol shu holga tushdi” deyilmaydi, “Ayol jinoyat qildi” deyiladi. Asosan AYOL va uning gunohi, jinoyati haqida gapiriladi.

Toʻgʻri, bolasini tugʻib shu ahvolga solish - albatta, hech qachon oqlanmaydigan xol. Biroq, avvalo masala negizida yotgan yana bir haqiqat – shu holatni sodir etishda maʼnaviy maʼnoda ayol bilan teppa-teng aybdor boʻlgan erkak omili, uning tarbiyasiyu shu fojiadagi “hissasi” yetarlicha baholanmaydi.

Bunday hollarda ayolga nisbatan zoʻravonlik holatini “oʻzi xohlagani uchun birga boʻlgan”, “voyaga yetganku” degan izohlar bilan yopib yuborish ham aslida ayolga nisbatan haqli munosabat emas.

Fojianing yana bir asosiy sababi

Biz fojia sabablari, ildizlariga toʻxtaladigan boʻlsak, avvalo Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Termizdagi “Sulton Saodat“ majmuasini ziyorat qilish chogʻida yoshlarning islomiy taʼlim-tarbiyadan uzoq qolganini oʻz oʻrnida baholab, “Ochiq aytsak, odamlarni tarbiyasiga islom nur ekanligini singdirolmadik. Fojiamiz mana shu yerda“, - deb aytgan soʻzlarini eslashimiz zarur boʻladi.

Chunki, Denovda boʻlgan mana shu mudhish holatda ham nikohsiz bola koʻrish, oilasiga xiyonat qilish fojiasi bolani tugʻib hojatxonaga tashlab oʻldirish xulosasigacha borib yetishining negizida ham oilada, atrof muhitda avvalo nafaqat diniy, balki insoniy ahloq qoidalarni, maʼrifatni anglab yetmaslik, xalqining qadriyatlarini hurmat qilmaslik sababi yotibdi.

Qayerga qarayapmiz?

Bugungi kunda jamoatchilik tomonidan bot-bot takrorlanayotgan “masʼullar qayerga qarashyapti?” degan eʼtiroz ham oʻrinli.

Shu oʻrinda Surxondaryo viloyati Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Mavluda Qobulovaning Denov tumanida boʻlgan holat yuzasidan bergan maʼlumotiga toʻxtalamiz:

Men oʻsha kuni Denov tumanida xizmat safarida edim. Profilaktika inspektoridan eshitib, bolaning sogʻligini surishtirib, tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi bilan tibbiy yordam berishda eʼtiborsizlik qilmay nazoratda ushlashni navbatchi vrachlarga tayinladik.

Maʼlum boʻlishicha oilada 6 farzand – 2 nafar oʻgʻil, 4 nafar qiz ulgʻaymoqda. F.T.ning maʼlumoti oʻrta-maxsus, otasi ishlashga ruxsat bermaganligi uchun uyida tikuvchilik bilan shugʻullanib kelgan. Uning nomusiga amakisining oʻgʻli 1990-yilda tugʻilgan oʻzi bilan bir mahallada yashovchi A.T. tekkan.

Bola 02.07.2019-yilda tugʻilgan, onasi va oʻzidan boshqa hech kim bilmagan. Otasi va aka-ukasidan qoʻrqqanidan, qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshnidan uyalganidan onasi bilan kelishgan holda bolani yoʻq qilish uchun shu yoʻlni topgan. Bola hojatxona yangi tozalanganligi va orqa tomoni bilan tushganligi sababli va oʻz vaqtida topilib, tibbiy yordam koʻrsatilganligi uchun tirik qolgan, hozirda salomatligi yaxshi.

Tuman Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oiladan xabar oldi. Oila mahallaning oddiy oilalaridan. Otasi ham, oila aʼzolari ham voqeadan xabar topgach yana bir xatolikka yoʻl qoʻyib qoʻymasligi uchun ularga vaziyatni boricha qabul qilishi va yana keskinlashtirmasligi tushuntirildi. Hozir vaziyat nazoratga olindi, bolaga guvohnomani rasmiylashtirish chorasi koʻrilmoqda.

Yana kechikdik...

Toʻgʻri, aslida bu kabi bong urishlar ham, xalq taʼbiri bilan aytganda “boʻlari boʻlib, buyogʻi singib boʻlgan”dan keyingi xabar olishlar ham, qaysidir masʼulni ishdan olish, kimgadir chora koʻrish kabilar ham fojiani yumshatishga asos boʻlolmaydi.

Chunki, koʻrinib turibdiki, yuqoridagi holni sodir etgan erkak va qiz yashayotgan mahallada maʼrifiy muhit yetarlicha sogʻlomlashtirilmagan. Qiz homilasini “hojatxonaga tashlash uchun” koʻtarib yurgan 9 oy davomida hech kim hech narsani sezmagan.

Bugungi islohotlar natijasida shu holatlar sodir boʻlishining oldini olish uchun koʻrilayotgan choralar, masalan “Qizlar salomatlik markazi”, “Ayollar maslahatxonasi”, “Ayollar reabilitatsiya markazi” kabi ijtimoiy himoyalash tuzilmalaridan koʻzlanayotgan maqsad oʻz vaqtida aholiga yetkazilmagan. Qisqa qilib aytganda, yana kechikilgan.

U ham ayol, uning ham himoyachisi qonun

Hozirda jinoyat sodir etgan ayol haqida shov-shuvli eʼtiroz va haqoratga toʻla minglab izohlar va fikrlarni kuzatyapmiz.

Biroq, Xotin-qizlar qoʻmitasi va boshqa tashkilotlar ham ayol katta xato, hatto jinoyat qilib qoʻysa ham u ayolga nisbatan ommaning nafratini qoʻzgʻatishga, “bu ayolga oʻlim” qabilidagi kayfiyatni uygʻotishga haqli emas. Chunki, barcha qatlamdagi zarbaga uchragan, jinoyati zamirida bitta oʻzi turmagan ayollarni ham himoya qilish qonunga zid emas.

Bolasini tugʻib hojatxonaga tashlab yuborgan ayolning qilmishini mutlaqo oqlamagan holda, holat yuzasidan qoʻzgʻatilgan tergov ishi yakunlarini kutib, ushbu ayolni, uning oilasini hozirgi murakkab ruhiy holatdan olib chiqish bilan shugʻullanish Xotin-qizlar qoʻmitasining vazifasidir.

Xulosa oʻrnida...

“Birov gunoh qilganda jim kuzatib turish ham gunohdir” deydi dono xalqimiz.

Bu kabi holatlarni oʻz vaqtida oldi olinmagani masʼul tashkilotlarning yoshlar, aholi, qizlar oʻrtasida maʼnaviy targʻibot ishlarini samarali tashkil etish, tadbirlarni odamlarning kundalik hayotiga boʻlgan taʼsirini kuchaytirish, jamoatchilikning hal etuvchi ulkan kuchidan unumli foydalanish, oiladagi tarbiyani toʻgʻri tashkil etishda davlat va nodavlat tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini koʻrsatib turibdi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, yuqoridagi fojianing maʼnaviy jarohati juda chuqur va tez bitadigan emas. Bu fojia AYOLning, mutlaqo aybsiz GOʻDAKning, oʻsha OILAning taqdirida umrbod davom etishi ham bor gap. Biroq, har qanday vaziyatda ham xatoni toʻgʻrilashga, jarohatni bitkazishga, bu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun har mahalla va oila kesimida harakat qilish oʻrinliroqdir. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер