Forish uzumzorlarining shuhrati tiklanmoqda

16:33 13 Dekabr 2024 Jamiyat
281 0

Said Donishev/“Xalq soʻzi”. Forish deganda koʻz oʻngimizga qora kishmish, asaldek soyaki mayizlar keladi. Yana oq kishmish, husayni, toifi... Bu uzumlarning taʼmi va mazasi nafaqat mamlakatimizda, balki qoʻshni respublikalarda ham mashhur.

Davlatimiz rahbarining Jizzax viloyatidagi 4 ta tumanda bogʻdorchilikni rivojlantirish boʻyicha topshiriqlari asosida Forish tumanida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Hududning Egizbuloq va Oqtom mahallalarida uzoq yillar boʻsh turgan unumsiz 100 gektar maydon tadbirkorlarga berildi. Tijorat banki koʻmagida katta maydon oʻrnida yirik uzum plantatsiyasi barpo qilinmoqda. Bu loyiha yuzlab aholini ish bilan taʼminlash bilan birga, hududning eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi. Ayni paytda uzum koʻchatlarini ekish va tomchilatib sugʻorish ishlari olib borilmoqda.

— Forish tumanining uzumchilikka ixtisoslashuvining oʻziga xos sababi bor, — deydi agronom Namoz Qambarov. — Bu yerda doim shamol esib turishi natijasida uzumlarni kasallikka chalinish boshqa hududlarga qaraganda 2-3 barobar kam. Bir marta dorilash bilan koʻzlangan hosilni olish mumkin. Egizbuloq va Oqtom qishloqlarida istiqomat qiluvchi 9 ming aholining kamida 350-400 nafarini ish bilan taʼminlashga erishiladi. Asosan kam taʼminlangan, ishsiz aholiga 1 gektar, 50 sotixdan yer maydonlari berildi. Kelgusida shu uzumzorlar yonida mayiz quritadigan sex tashkil qilib, mahsulotlarimizni xorijga eksport qilish niyatimiz bor.

Ayni paytda uzumzorlarda ish qizgʻin. Yaqin besh yilda koʻchatlar toʻliq hosilga kirib, har gektaridan oʻrtacha 1 yarim ming tonnadan ortiq uzum olish imkoniyati yaratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер