Fermerlarga suv tejovchi texnologiya joriy etgani uchun subsidiya beriladi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Zarafshon daryosi Samarqand viloyatining yagona suv manbai hisoblanadi. 340 ming gektardan ortiq sugʻoriladigan yer maydonlarining hosildorligi shu daryodan keladigan suvga bogʻliq. Suv sarfining koʻrsatkichlari tahlil qilinganda, har yili 7-10 foizga kamayib borayotganligi kuzatilmoqda. Kattaqoʻrgʻon va Oqdaryo suv omborlari ham Zarafshon daryosidan toʻldiriladi. Agarda daryo keskin kamaysa, suv omborlariga suv jamgʻarish imkoniyati boʻlmaydi. Ularning qurish xavfi yuzaga keladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha bir qator vazifalar belgilab berilgandi.
Qarorga asosan, “Agrobank” ATB tomonidan suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish boʻyicha shaffof onlayn kredit ajratish imkonini beruvchi “suvkredit.uz” elektron tizimi ishlab chiqilib, 2024-yil 1-fevraldan ishga tushirildi. Ushbu platforma orqali 2-yillik imtiyozli davr bilan 5-yil muddatga 14 foiz miqdorida onlayn kreditlar ajratilmoqda.
— Fermer xoʻjaliklariga kredit olish jarayonida garov taʼminoti majburiyati bekor qilingani ayni muddao boʻldi, — deydi Samarqand viloyat suv xoʻjaligi boshqarmasi boʻlim boshligʻi Shuhrat Yusupov. — Qarorga muvofiq qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorish va baliq yetishtirish uchun foydalaniladigan suv hajmi, dehqon xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarga ega boʻlgan jismoniy shaxslar uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 1 kub metr suv uchun 100 soʻm etib belgilandi. Joriy yilda 10,1 ming gektar maydonda tomchilatib, 3,2 ming gektar maydonda yomgʻirlatib, 3,2 gektar maydonda diskret, 8,3 ming gektar maydonda egiluvchan quvurlar orqali sugʻorish tizimi va egatga plyonka toʻshab sugʻorish tizimi joriy etildi. 23,1 ming gektar maydonni lazer uskunasi orqali tekislash ishlari amalga oshirildi. Bu orqali oʻrtacha 61 million metr kub suv tejalishiga va iqtisod qilingan suv hisobiga 18 ming gektar maydondagi takroriy ekinlarni suv bilan taʼminlash imkoniyati yaratildi.
Kelgusi yilda suvni tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etgan fermer xoʻjaliklari va agroklasterlarga davlatimiz tomonidan bir qator imtiyozlar qoʻllaniladi. Jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga texnologiyaning sifat koʻrsatkichidan kelib chiqqan holda subsidiya mablagʻlari ajratiladi. Bunda ular besh yil muddatga yer soligʻidan ozod qilinadi. Suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5-yil mobaynida maqbullashtirilmaydi. Suv hisoblagich qoʻyilganda suv soligʻidan 30 foiz imtiyoz beriladi.
Paxta-gʻalla va meva-sabzavot yetishtiruvchilarga suv tejovchi texnologiyalar uchun subsidiya mablagʻlarining ajratilishi hosilning yanada yuqori boʻlishiga zamin yaratadi. Bu fermer xoʻjaliklarining daromadini oshiradi. Bozorlarimiz toʻkin boʻladi. Qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlab, xorijga eksport qilish imkoni kengayadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring