Fermerlarga chorvachilik uchun oʻz yerida bino qurishga ruxsat beriladi

13:42 10 Dekabr 2025 Siyosat
492 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning qishloq xoʻjaligi sohasi xodimlari bilan boʻlib oʻtayotgan muloqotida hozirgi tez oʻzgaruvchan sharoitda bozorlardagi narx-navo barqarorligi va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash doimiy diqqat markazida boʻlishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

“Toʻgʻri, kuz-qish uchun asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini zaxira qilyapmiz. Endi bu ishni yil davomida amalga oshirib, narxlar barqarorligini taʼminlash uchun doimiy intervensiya tizimi joriy etiladi”, dedi Prezidentimiz.

Yaqinda ozuqabop, moyli ekin va kartoshka yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi mexanizmlar eʼlon qilingan edi. Jumladan, kelgusi yilda fermerlarga 2025-yil olgan hosil qiymatining 50 foizi miqdorida Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan 12 foizli kredit ajratiladi.

Xorijiy valyutadagi kredit stavkasining 8 foizdan oshgan qismi qoplab beriladi. Kreditlarning 50 foizgacha qismiga kafillik taqdim etiladi. Har yili “in-vitro” laboratoriyalarda virusdan xoli 10 milliondan ortiq kartoshka mini-tuganaklari tayyorlanib, urugʻchilik xoʻjaliklariga bepul beriladi.

Yana bir muhim, eʼtibor qaratish zarur boʻlgan masala – goʻsht va sut mahsulotlarini koʻpaytirish.

Kelgusi yilda chetdan 100 ming bosh qoramol va 200 ming bosh qoʻy-echki olib kelinadi. Paxta va gʻalla yoʻnalishidagi fermerlarga oʻz yerida chorvachilikni yoʻlga qoʻyish uchun 20 sotixgacha joyda yengil konstruksiyali bino qurishga ruxsat beriladi. Import qilingan nasldor qoramol va bir kunlik joʻja uchun subsidiya ajratish tartibi yana 5-yilga uzaytiriladi.

Chorvachilik loyihalari uchun keyingi yil Jahon banki va Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasidan olib kelingan resurslar hisobidan 157 million dollar yoʻnaltiriladi. Ushbu mablagʻlar chorvadorlarga 10-yil muddatga 3-yillik imtiyozli davr bilan 17 foizdan beriladi.

Bunga qoʻshimcha JICAdan 150 million dollar, Osiyo taraqqiyot bankidan 60 million dollar jalb qilinadi. Bu mablagʻlarni samarali ishlatib, kelgusi yilda 5 trillion soʻmlik 1 mingta loyihani ishga tushirish, Fransiya tajribasi asosida 167 ta tumanda 340 ta goʻsht va sut yoʻnalishidagi 50-60 boshli kichik chorvachilik xoʻjaliklarini tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер