Fargʻonaning sarxil mevalari xorijda ham xaridorgir

15:41 18 Aprel 2025 Jamiyat
110 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Karimjon Ashurov asl dehqon. Quvada bu oilani yer ilmi mirishkori sifatida bilishadi. Karimjon aka uzoq yillar boʻsh yotgan qir-adirlarda intensiv bogʻ barpo etishga kirishganida koʻpchilik buning istiqboliga ishonmagandi. Ammo u ortga chekinmay, astoydil mehnat qilish orqali ezgu tashabbusni amalga oshirdi. Turkiya tajribasi asosida bunyod etilgan 90 gektarlik intensiv oʻrik bogʻi toʻliq mevaga kirgan. Zamonaviy ilm-fan yutuqlari, innovatsiya gʻoyalari asosida yetishtirilayotgan oʻrik mevasi xorijda ham xaridorgir.

Keyingi yillarda Fargʻona bogʻlarida sharbatga toʻlib pishadigan Rishtonning qandak oʻrigi, Quva anori, Oltiariq uzumi, Qoʻqon va Quvasoyning qashqar giloslari eksporti salmogʻi ham tobora oshib bormoqda. Ayni paytda viloyatda 49 ming gektardan ortiq bogʻlar mavjud. Joriy yilda 5 ming gektar kam hosilli bogʻlar oʻrnida intensiv bogʻlar tashkil etish maqsad qilingan. Bu borada fermer va dehqon xoʻjaliklari, ixtisoslashgan ilmiy markazlar olimlarining faol hamkorligi samarasi ham yildan yilga yaxshilanmoqda.

— Hozirgi kunda mahalliy hamda xorijdan keltirilgan oʻrikning 9 ta, shaftolining 13 ta, uzumning 5 ta navi boʻyicha tadqiqotlar olib borilmoqda, — deydi akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutining Fargʻona ilmiy tajriba stansiyasi direktor oʻrinbosari Adhamjon Mahmudov. — Bundan koʻzlangan maqsad viloyatimizdagi bogʻlarda turli navlarning ekologik sinovini oʻtkazish orqali serhosil, mevasi yuqori sifat koʻrsatkichlarga ega, eksportbop, kasalliklarga chidamli yangi navlarni yaratish hamda ularni parvarishlashning agrotexnologik asoslarini ishlab chiqishga qaratilgan.

Mazkur ilmiy markazda soʻnggi yillarda oʻrikning “Boborajabi”, “Chimyon Ergashqandak”, shaftolining “Muyassar”, behining “Mushkbehi”, “Olmabehi” navlari yaratilib, ushbu navlar davlat reyestriga kiritildi. Hozirgi kunda olma, behi va shaftoli navlari hosili meva eksportida salmoqli oʻringa ega. Markaz olimlari tomonidan unumdorligi past tosh-shagʻalli yerlarda olma, uzumning serhosil navlarini koʻpaytirish hamda yaxshi daromad olish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar ham eʼtiborga molik. Nazariy bilimlar va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida joriy yilda ekish uchun stansiyada sifat sertifikatiga ega 45 ming tup uzum, 4 ming tup olma, 3 ming tup oʻrik, 2 ming tup shaftoli koʻchatlari yetishtirildi.

Rishton tumanidagi 2,5 ming gektar oʻrikzorning 1,1 ming gektari qandak oʻrik bogʻlaridir. Bugungi kunda tumanda 20 ga yaqin eksportyor korxonalar faoliyati koʻrsatadi. Ular tomonidan MDH, Osiyo, Yevropa davlatlariga mahalliy bogʻlar mahsuloti eksport qilinmoqda. Oltiariqda uzum eksporti salohiyatini yanada oshirish maqsadida jahon bozorining eng xaridorgir uzum navlari olib kelinib, mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilmoqda.

Oʻtgan yili Fargʻona viloyatida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish maqsadida umumiy qiymati 2,1 trillion soʻmlik 462 ta loyiha amalga oshirildi. Shuningdek, 60,3 million dollar miqdorida xalqaro moliya institutlari kreditlari hamda xorijiy investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirildi. Tarmoqda 11 ming 200 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

— Fargʻona tumanining “Doʻstlik” MFY hududida turkiyalik investorlar tomonidan 70 gektar togʻ oldi qir-adirliklarda yangi sanoatlashgan intensiv bogʻlar barpo etilgan boʻlsa, joriy yilda yana qoʻshimcha 200 gektar maydonda bogʻlar tashkil etish maqsad qilingan, — deydi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi Fargʻona viloyati boʻlimi boshligʻi Shermuhammad Noʻmonjonov. — “Fergana Agro Cluster and Logistics” MCHJ QK tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha qiymati 2,5 million dollar boʻlib, zamonaviy intensiv bogʻda oʻrik, gilos, shaftoli va olxoʻri kabi eksportbop mevalar yetishtiriladi.

Goʻzal vodiyning Soʻx tabiati ham ortiqcha taʼrifga muhtoj emas. Purviqor togʻlar etagidagi koʻhna bogʻlar, xususan, Mirzo Boburdan meros mevazorlar tuman ahli azaldan bogʻdorchilik hadisini olganidan dalolat beradi. Keyingi yillarda Soʻx tumanining Javpaya massivida joylashgan togʻ oldi qir adirliklarda 210 gektar yerda intensiv oʻrik bogʻi tashkil etilib, 0,5 gektardan ishsiz oilalarga ajratib berildi. Mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan adirlikka obi zilol chiqarilib, suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatildi. Bugungi kunda mazkur bogʻlar mevaga kirib, bogʻbonlar mehnati rohatini koʻrmoqda. Ayni paytda Quva, Oltiariq, Qoʻshtepa tumanlari, qoʻyingki, viloyatning barcha shahar-tumanlarida intensiv bogʻlar barpo etilib, shirin-shakar mevalarimiz oʻnlab davlatlarga eksport qilinmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер