Fargʻonaga Xitoydan yangi avtobuslar olib kelinadi

14:52 03 Oktyabr 2023 Jamiyat
655 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Shu kunlarda Fargʻona shahrida jamoat transporti tizimini rivojlantirish uchun Xitoydan yangi avtobuslar olib kelinyapti.

— Belgilangan rejaga koʻra, joriy yil yakuniga qadar Xitoydan “King Long”, “Yutong, Foton” va “AsiaStar” rusumli 100 ta shahar ichi va 10 ta shaharlararo qatnovchi avtobus olib kelinadi, — deydi Fargʻona viloyati transport boshqarmasi boshligʻi Bobur Hamidov. — Kelgusi yili esa yana qoʻshimcha 160 ta avtobus olib kelinishi rejalashtirilgan.

Taʼkidlash oʻrinli, endilikda viloyatda jamoat transporti sohasida yangi tizim ishlab chiqilib, kunlik tushum rejasini belgilash amaliyotidan voz kechilmoqda. Shu tariqa bundan buyon tashuvchilarga mablagʻlar avtobusning yurgan masofasi va odamlar xizmat sifatidan qoniqishiga qarab beriladi. Bu tizim butun mamlakatimizda boʻlgani kabi 2024-yilning 1-iyunidan Fargʻona viloyatida ham toʻliq joriy etilishi belgilangan.

Oʻz navbatida Prezident qarori bilan xorijdan avtobus olib keladigan tadbirkorlik subyektlariga bir qator soliq va bojxona imtiyozlari joriy etilgan. Misol uchun, yangi avtobuslar sotib olish uchun tashabbuskor tadbirkorlarga 10 yilgacha muddatga imtiyozli kredit ajratiladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?