Fargʻonada “Vatan manzumasi” nomli adabiy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi

11:45 07 Iyun 2024 Jamiyat
333 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona shahridagi Islom Karimov nomli viloyat teatr-konsert saroyida vatanparvarlik, mardlik va jasorat kabi xalqimizga xos eng ezgu fazilatlarni namoyon etuvchi “Vatan manzumasi” nomli adabiy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Unda viloyatning barcha shahar-tumanlaridan tashrif buyurgan turli soha vakillari, harbiy xizmatchilar, navqiron avlod vakillari ishtirok etdi. Tadbirda tinch-osoyishta hayotni qadrlash, Vatan, mardlik va jasoratni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar yangradi. Mumtoz raqslar shodon davraga yanada fayz baxsh etdi.

Madaniyat, Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Fargʻona viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda marhum va zamondosh shoirlarning sheʼrlari yosh ijodkorlar tomonidan oʻqib berildi. Oʻz navbatida yosh shoirlar oʻz ijod namunalarini yigʻilganlar eʼtiboriga havola etishdi.

— Fargʻona ijodkorlar yurti, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Bahodir Iso. — Bunday tadbirlar nafaqat vatanparvarlik va elparvarlik xislatlarini yuksaltiradi, balki ijodkorlik tuygʻularini tarbiyalashga ham xizmat qiladi. Shu bois bu singari adabiy-badiiy uchrashuvlarni doimiy ravishda oʻtkazib borish gʻoyatda ahamiyatlidir.

Bugungi tadbirda sevimli sanʼatkorlarimizning yurt, ona mavzusidagi qoʻshiqlari, teatr va kino sanʼati vakillari hamda harbiylarning chiqishlari barchani mamnun etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?