Fargʻonada prokuror oʻrinbosari, Namanganda hokim oʻrinbosari, Toshkentda kadastr idorasi rahbari pora bilan qoʻlga tushdi

11:41 07 May 2024 Jamiyat
339 0

Fargʻona, Namangan, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida pora olayotgan mansabdor shaxslar ashyoviy dalillar bilan qoʻlga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qoʻshtepa tumani prokurori oʻrinbosari oʻz mavqeidan foydalanib, maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbaridan 2000 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Aniqlik kiritilishicha, u tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ayblov xulosasi tuman sudiga yuborilgan maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbariga nisbatan sud organlaridagi tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq jazo tayinlanmasligiga hamda Jinoyat kodeksining 45-moddasi (muayyan huquqdan mahrum qilish) qoʻllanilmasligiga yordam berishi evaziga 3 ming AQSH dollari talab qilgan va muqaddam 1000 AQSH dollari olgan.

Shuningdek, Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi agrofirma rahbari tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari bilan oʻzaro til biriktirib, joriy yilning aprel oyida gʻallachilik va sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalikning davlat zaxirasiga olingan 10 gektar yer maydonini fermer xoʻjalik ixtiyoriga qaytarib berish hamda xoʻjalikning bajarilmagan gʻalla ekish rejasini ijobiy hal qilib berish evaziga 2,5 ming AQSH dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda agrofirma rahbari soʻralgan pul mablagʻidan 1000 AQSH dollari va 5 mln soʻm olgan vaqtida ushlangan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, talab qilingan pul mablagʻidan 100 AQSH dollarini olib, qolgan qismini oʻzida saqlab turishi haqida agrofirma rahbariga topshiriq bergan vaqtida Chortoq tumani hokimi oʻrinbosari jinoyat ustida qoʻlga olingan. Taʼkidlanishicha, agrofirma rahbari fermerning ushbu masalasini hal qilib berish boʻyicha avval ham 3 mln soʻm olgan boʻlgan.

DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Angren shahar elektr taʼminoti korxonasi boshligʻi oʻrinbosari oʻz rahbarining ogʻzaki topshirigʻiga asosan, savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi MCHJning transformatorini elektr tarmogʻiga ulab, tegishli hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga xizmat xonasida 40 mln soʻm miqdorida pora olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shu bilan birga, Angren shahar elektr taʼminoti korxonasi boshligʻi ham protsessual tartibda ushlangan.

DXX Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Davlat kadastrlar palatasining Yangihayot tuman filiali boshligʻi oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, tumandagi 20 sotix yer maydonida qurilgan uy-joy uchun kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga, oʻzining xizmat xonasida 25 ming AQSH dollari miqdorida pora olgan vaqtida qoʻlga olingan.

Hozirda mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?