Fargʻonada oʻzaro janjal tufayli uka akasini pichoqladi

21:20 30 Sentyabr 2021 Jamiyat
889 0

Xalqimizda azaldan oilada aka-ukachilik rishtalariga putur yetkazmaslik, jigarlar oʻrtasida oʻzaro mehr-oqibat tuygʻularini ulugʻlash qadriyat darajasiga koʻtarilgan. Afsuski, bugungi kunda oila va oilaviy munosabatlarga bepisand qarash, ayniqsa, yoshlarimiz orasida bot-bot uchramoqda. Shu yilning boshida Qoʻqon shahrida yuz bergan fojea ham aka-ukalar oʻrtasida oqibat koʻtarilgan oilalar borligini isbotlaydi.

Qoʻqon shahrida yashovchi Sh.A. 2021-yil 13-yanvar kuni onasi bilan televizor koʻrayotgan bir paytda boshqa kanalga olish ustida tortishib qoladi. Bu holatni kuzatib turgan aka ukasini arzimagan narsa uchun shovqin koʻtarmaslikka, onaga nisbatan hurmatsizlik qilmaslikka chaqiradi. Bu tortishuv aka-uka oʻrtasida janjalga aylanadi. Vajohat otiga mingan uka kutilmaganda oshxona pichogʻini olib, hovlida turgan akasiga tan jarohati yetkazadi. Aka koʻchaga qochib chiqadi, lekin uka quvib borib, yana bir necha marotaba pichoq uradi...

Bu shovqin-surondan koʻchaga chiqqan mahalladoshlar koʻmagida jabrdiyda akaga vaqtida tez tibbiy yordam koʻrsatiladi. Hayriyatki, akaning hayoti saqlab qolinadi, biroq tan jarohati bitgani bilan endi qalb jarohati bitarmikan?!

Bu holat yuzasidan zoʻravon ukaga jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borildi. Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudining hukmiga koʻra, Sh.A. Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topildi. Muqaddam sudlanmagani, jabrlanuvchi bilan yaqin qarindoshligi inobatga olinib, unga nisbatan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?