Fargʻonada mahalla bankirlari ish boshladi

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Maʼlumki, joriy yildan tuman banklari filiallarida “mahallabay” ishlash boʻlimlari tashkil etilib, hududlar kesimida mahalla bankiri hamda har bir mahallada ular bilan birga ishlaydigan yordamchi-agentlar oʻz faoliyatini boshladi.
Ayni jarayonda Fargʻona viloyatida 307 nafar mahalla bankiri ish boshlagan boʻlsa, ularga 1062 nafar yordamchi-agent biriktirildi.
— Mahalla bankiri oʻz hududida har bir oila, tadbirkor bilan yuzma-yuz ishlab, aholi daromadi oshishi va farovonligiga koʻmaklashadigan samarali tizim, — deydi Markaziy bankning Fargʻona viloyati bosh boshqarmasi boshligʻi Shavkatjon Doʻstaliyev. — Mahalla bankiri hududning biznes imkoniyatlarini oʻrganib, drayver sohalarni aniqlaydi va biznes-loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun amaliy yordam beradi. “Xonadonbay” ishlab, tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish, kredit olish, mahsulot yetishtirish va sotishgacha boʻlgan barcha jarayonda yaqin koʻmakdosh boʻladi.
Joriy yilda viloyatda mahalla bankiri va ularning agentlari koʻmagida aholi bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda ishga solinmagan zaxiralardan samarali foydalanish maqsadida “Sayxunobod tajribasi” boʻyicha mahallalarda 42 ming 520 ta mikroloyihani amalga oshirish evaziga 85 ming nafardan ziyod aholi bandligi taʼminlanishi koʻzda tutilgan.
Ezgu tashabbus doirasida birgina yanvar oyining oʻzida viloyat tijorat banklari tomonidan 52,6 mlrd soʻm kredit ajratilib, 2 ming 533 ta mikroloyiha ishga tushirildi hamda 5,5 ming aholi yuqori daromadli ish bilan band qilindi.
Shuningdek, “Uychi tajribasi” asosida yil davomida ikki mingdan ortiq uchrashuv oʻtkazilib, tadbirkorlarning muammolarini hal etish va yangi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash orqali 15 ming aholi ishga joylashtiriladi. Oʻz navbatida, Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan har bir mahallada 100 nafargacha xotin-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida kichik va oʻrta tikuvchilik faoliyati bilan shugʻullanadigan markazlar tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida aholiga dehqonchilik uchun ajratilgan 600 gektar maydonda 19,3 mlrd soʻmlik namunaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Viloyatning barcha tumanlarida avvalgi yillarda ijara shartnomasi asosida ajratilgan yerlarda 50-100 gektardan atirgulchilik, bodomchilik, karam, malinachilik, naʼmatak va supurgi kabi sanoatlashgan plantatsiyalar tashkil etish ishlariga kirishildi. Bu plantatsiyalar qoshida sanoatlashgan ishlab chiqarish faoliyati yoʻlga qoʻyilib, “daladan – bozorgacha” tamoyili asosida tizimli jarayon toʻliq qamrab olinadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring