Fargʻonada kadastr inspektori va davlat muassasasi masʼullari pora olayotganda ushlandi

10:12 06 Dekabr 2025 Jamiyat
367 0

Fargʻona viloyatida davlat xizmatchilari tomonidan sodir etilgan pora olish va korrupsiya bilan bogʻliq ikki jinoyat holati aniqlanib, tegishli tartibda huquqiy chora koʻrildi.

Birinchi holat Rishton tumanida qayd etilgan. Kadastr agentligi tuman boʻlimining bosh inspektori fuqaro yashash hududida qoʻshimcha yer maydoni oʻzlashtirilgani va oʻzboshimchalik bilan qurilish qilingani uchun 84 million soʻm jarima qoʻllanilishi mumkinligini aytib, fuqaroni qoʻrqitgan. Shundan soʻng, u jarima qoʻllamaslik va yer hujjatlarini qonuniylashtirib berish evaziga 400 AQSH dollari talab qilgan.

DXXning Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbir chogʻida bosh inspektor fuqaro taklif qilgan pulni xizmat binosi oldida olayotganida, ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ikkinchi holat taʼmirlash pudrati bilan bogʻliq. 2025-yil oktabr oyida qurilish faoliyati bilan shugʻullanuvchi xususiy korxona “Fargʻona suv qurilish invest” davlat muassasasining maʼmuriy binosini 850 million soʻm qiymatdagi mukammal taʼmirlash ishlari boʻyicha oʻtkazilgan shaffof tenderda gʻolib boʻlgan. Ammo muassasaning bosh muhandisi va bir nechta masʼul xodimlar oʻzaro til biriktirib, taʼmirlash ishlarini boshlashga ruxsat berish uchun korxona rahbaridan 5 500 AQSH dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida ular 5 000 AQSH dollarini olayotgan vaqtida qoʻlga olingan va noqonuniy harakatlari fosh etilgan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov jarayonlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?