Fargʻonada “Armi-2022” xalqaro armiya oʻyinlari doirasida “Yoʻl patruli” musobaqalari oʻtkazilmoqda

14:36 17 Avgust 2022 Jamiyat
297 0

Foto: Xalq so‘zi

Sharqiy harbiy okrugining Qoʻqon shahridagi harbiy qism oʻquv markazida “ArMI-2022” xalqaro armiya oʻyinlari doirasida mamlakatimiz mezbonlik qilayotgan “Yoʻl patruli” musobaqalari boʻlib oʻtmoqda.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda ishtirokchi davlatlar masʼullari va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi. Unda mudofaa vaziri oʻrinbosari, polkovnik Alisher Norboyev ishtirokchilarni qutlab, barchaga omad tiladi.

Shundan soʻng “ArMI-2022” xalqaro armiya oʻyinlarining “Yoʻl patruli” musobaqasida ishtirok etuvchi davlatlar jamoalari hamda harbiy avtomobil nazoratiga tegishli avtomashinalar saf tortdi.

Sharqiy harbiy okrugi orkestr jamoasining chiqishi, taniqli badiiy jamoalar va sanʼatkorlar ijrosidagi katta konsert dasturi, Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining sport texnikalari namoyishi tadbir qatnashchilarining olqishiga sazovor boʻldi.

— “Yoʻl patruli” bahslari ikki bosqichda — mutaxassislar bellashuvi hamda harbiy-texnik estafeta (jamoaviy poyga) koʻrinishida oʻtkaziladi, — deydi musobaqa bosh hakami, polkovnik Zafar Bazarbayev. — Dastlabki bosqichda ishtirokchilardan avtomashinani ekstremal vaziyatlarda avariyaga qarshi boshqarish mahorati, belgilangan marshrutda oʻziga xos poyga, inspektorlar tomonidan yoʻl harakatini boshqarish, mashina gʻildiraklarini almashtirish va avtomobilni ekstremal yonma-yon toʻxtatish mashqlarini bajarish talab etiladi.

Harbiy-texnik estafeta (jamoaviy poyga) hisoblanuvchi ikkinchi bosqichda ishtirokchilar maxsus kiyim va jangovar qurol bilan asfalt yoʻlagini bosib oʻtadi. Bunda musobaqa qatnashchilari oʻzlariga biriktirilgan avtomobillarda oʻrnatilgan toʻsiqlardan bexato oʻtish va turli sinov mashqlarini bajarishlari zarur.

Musobaqada Belarus, Eron Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekistonning ikki jamoasi sovrinli oʻrinlar uchun kurash olib bormoqda.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?