Fargʻonada 4 nafar yigit 50 ming soʻm pul va 1 dona telefon uchun 46 yoshli taksichini vahshiylarcha oʻldirdi

11:29 22 Iyul 2021 Jamiyat
1461 0

Ijtimoiy tarmoqlarda shu yilning 19-iyul kuni 15-16 yoshli bolalar 45 yoshli taksichini vahshiylarcha oʻldirib dalaga tashlab ketishganligi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura “Xalq soʻzi”ga quyidagilarni maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, 20-iyul soat 02:50 larda fuqaro T.K. (2003-yilda tugʻilgan sudlanmagan, ishsiz) voyaga yetmagan tanishlari D.A. (2004-yilda tugʻilgan, maktab oʻquvchisi), N.A. (2004-yilda tugʻilgan sudlanmagan, ishsiz) va M.T. (2005-yilda tugʻilgan maktab oʻquvchisi) bilan aholiga pulli transport xizmati koʻrsatuvchi biron-bir haydovchini xilvat joyga olib borib, oʻzini oʻldirib, avtomashinasi va mol-mulklariga egalik qilishga oʻzaro kelishib olgan. 

Shundan soʻng, telefon orqali Fargʻona shahrida joylashgan “EVA TAXI” MCHJning xizmat koʻrsatuvchi operatoriga qoʻngʻiroq qilishib, Quva tumaniga borishlari haqida buyurtma berishgan.

Ushbu buyurtma asosida soat 02:58 larda ushbu jamiyatga aʼzo boʻlgan haydovchi A.A. (1975-yilda tugʻilgan, sudlanmagan) “Nexia-3» rusumli avtomashinasida yetib kelgan va ular A.A. bilan 150 ming soʻm evaziga Fargʻona shahridan Quva tumanida joylashgan “Karkidon” suv omboriga borib-kelishga oʻzaro kelishgan. Quva tumani, Tolmazor mahallasida joylashgan «Muxammadsaid Ozodbek» fermer xoʻjaligi dala maydoniga yetib kelishgan vaqtida esa A.A.ga hujum qilib, avtomashinani toʻxtatib, uni qasddan oʻldirishgan.

Soʻngra, avtomashina va marhumning yonida boʻlgan 50 ming soʻm pul hamda 1 dona "MI NOT pro” rusumli telefonini bosqinchilik yoʻli bilan qoʻlga kiritishgan.

20-iyul kuni viloyat prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 2-qismi «i, p» bandlari va 164-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ular JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan 20-iyul kuni Fargʻona viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97 (Qasddan odam oʻldirish) va 164 (Bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Jinoyat ishi doirasida 4 nafar shaxs (3 nafari voyaga yetmagan) gumonlanuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlangan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?