Fargʻona viloyati: yangilanish, taraqqiyot va istiqbol

Bundan ikki ming yil avvalgi voqealardan hikoya qiluvchi xitoycha “Shiji” solnomasida shunday soʻzlar uchraydi: “Fargʻonada devorlar bilan oʻralgan shaharlar va hujralardan tashkil topgan imoratlar bor. Uning hududida yetmishdan oshiq katta-kichik shahar va qishloqlar joylashgan. Shahar aholisi bir necha yuz mingdan oshadi, lashkarlari oʻq-yoy, nayza, qalqonlar bilan qurollangan chavandozlardan iborat”. Bu soʻzlarni oʻsha davrdagi Xan sulolasi hukmdorining elchisi Chjan Tsyang yozib qoldirgan.
Elchi Fargʻonani Dovon mamlakati deb atar ekan, bu yurtning goʻzalligi, odamlarining omilkorligi, jasurligi, samoviy otlarining dovrugʻini hayrat bilan tilga oladi. Bu oʻlkada hunarmandchilik, meʼmorchilik, dehqonchilik va chorvachilik taraqqiy etganini eʼtirof qiladi. Shuningdek, yana bir qiziq voqeadan xabar beradi: Xan hukmdori sovgʻa sifatida bir arava oltin va tilladan yasalgan ot haykalini yuborganida fargʻonaliklar koʻp eʼtibor qaratmaydi. “Bizlar qimmatbaho deb bilgan bu maʼdanni ular idish-tovoq yasashda ishlatar ekanlar”, deb yozadi “Shiji” muallifi.
Bu maʼlumotlarni oʻqir ekansiz, tarixda dunyo qanaqa boʻlgan, kimlar qanday yashagan degan savollarga muayyan javoblar olasiz.
Darhaqiqat, Vatanimizning har qarich tuprogʻi — koʻhna va azim tarixdan soʻzlovchi bepoyon koʻrgazma. Fargʻona mana shu koʻrgazmaning noyob gavhari. Uning shonli oʻtmishi ikki ming yil oldingi davlatchilik tariximizdan xabar beradi. Davlat yuritish uchun madaniy va qonuniy asos boʻlishi shart. Shu maʼnoda, bu yerda ikki ming yil oldin ham ijtimoiy, madaniy rivojlanish ancha ilgʻor boʻlganiga ishonchimiz komil. Viloyatning madaniy tarixini Soymali va Soʻxdan topilgan qoyatosh suratlari ham tasdiqlaydi. Ular Jizzaxdagi Peshogʻor, Navoiydagi Sarmishsoy tasvirlariga juda oʻxshash.
Fargʻona ne-ne asrlar mobaynida turli kunlarni boshdan kechirib, oʻzligi, koʻrk-u viqorini avaylab saqlab kelgan. Otashqalb shoir Choʻlponning quyidagi misralari uning yaqin tarixidan soʻzlaydi:
Ey goʻzal Fargʻona, qonli koʻylagingdan aylanay,
Tarqalib ketgan qora, vahshiy sochingga boylanay...
Vahshiy bir oʻrmon kabi bagʻringni bosmishtir qamish,
Koʻzlaringda hech koʻrinmas bir olov, bir oʻt yonish...
Shukrki, jadid bobolarimiz orzulari roʻyobga chiqdi: bir asrdan ziyod hukm surgan mustamlaka oʻrnida ozod va hur Oʻzbekiston qad rostladi. Shu nazardan qaralsa, bugungi Fargʻona hurriyat libosi bilan bezangan. Osmonida baxtning yulduzi oʻynagan, bagʻrida qamish emas, xalq xizmati uchun qurilgan bino va inshootlar qad rostlagan, xalqida shijoat, ishonch, erkinlik oʻti yongan.
Xalq ogʻzaki ijodida “Bir qozonda qirq xil taom” degan ertak bor. Shu gap Fargʻonaliklar shaʼniga aytilgandek. Bir daraxtdan oʻn xil meva, bir qarich yerdan qirq xil neʼmat oladiganlar ham shu kishilar. Chunki uy tomiga gul yoki sabzavot ekkanlar, bir necha qavat issiqxona qurganlar, har bir uzumning boshini alohida oʻrab parvarishlab, misli koʻrilmagan hosil yetishtirgan ham Fargʻonaliklar.
Fan, sanʼat va adabiyotni aytmaysizmi? Dunyodagi ilk shoira ayollar maktabi Qoʻqonda boʻlgani haqiqat. Dunyoviy fanlarda Ahmad Fargʻoniy dovrugʻi olamga taralgan boʻlsa, Qoʻqondan Abu Toyyib Tohir ibn Muhammad Xoʻqandiy, Margʻilondan esa Burhoniddin MarQinoniy, Ali ibn Abdulaziz Margʻinoniy, Al-Hasan ibn Ali Zahiruddin Margʻinoniy, Shayxul-imom Abu-l-aimma Abdulaziz Margʻinoniy kabi zotlar yetishib chiqqani faxrimiz.
Fargʻona sanʼati, ayniqsa, baland pardalarda boshlanib avjga chiqadigan va bir nechta avjdan iborat mumtoz qoʻshiqchiligi dunyoda yagona boʻlsa ajabmas.
Agar ikki ming yil oldin Fargʻona tevarak-atrofidagi Qangʻli, Gʻuzer, Xunlar davlati va Xan imperiyasi bilan aloqalarni yoʻlga qoʻygan boʻlsa, bugun dunyoning oʻnlab davlatlari bilan teng huquqli amaliy aloqalar ishtirokchisi. Soʻnggi yillarda Misr, Afrika oʻlkalari, Marokash, Peru, Kosta-Rika, Kolumbiya, Kanada, Buyuk Britaniya, Serbiya, Slovakiya, Argentina, Iordaniya, Kuvayt, Fransiya singari mamlakatlar bilan hamkorlik koʻlami kengayib borayotir. Bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti Italiya, Yaponiya, Ispaniya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Tunis, Turkiyaga avvalgidan koʻra bir necha barobar ortgan. Turli mamlakatlar ishbilarmonlarining investitsiya kiritishi yurtimizning osudaligi va ishonchliligini oshiradi.
Birga oʻn, yuzga ming
Hudud sanoatida kechagina “noldan birni yaratish” uchun jon kuydirilgan edi. Bu koʻlam qonunchilikni yangi davrga moslash, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va raqamlashtirish orqali bunyod boʻldi. Jamiyat taraqqiyotida “nol” va “bir” nimani anglatishini zukko kishilar biladi, albatta. Endilikda esa “birdan mingni yaratish” tamoyiliga oʻtildi. Keyingi bosqich “mingdan millionni yaratish” boʻlishi Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida marra qilib belgilangan.
Dalillarga murojaat qilsak: kechagina Fargʻonaning bir yillik investitsiya marrasi yarim mln. dollar edi. Bugun tumanlardagi oddiy tadbirkorlarning aylanma mablagʻi bundan koʻproq. Viloyat miqyosida birgina oʻtgan yilning oʻzida umumiy qiymati 1,8 mlrd. dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirilib, 35 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilgan. Soʻnggi yetti yilda esa viloyatda sanoat korxonalari 2,8 barobar koʻpayib, 13 mingtaga yetdi. Bu yil viloyat iqtisodiyot tarmoqlariga 3,7 mlrd. dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoya jalb etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 1,5 mlrd. dollarlik mahsulot eksport qilish koʻzda tutilgan.

Prezidentimizning 2024-yil 11-12-iyul kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash maqsadida Qoʻqon shahrida maxsus sanoat zonasi — Qoʻqon texnoparkini tashkil etish topshirigʻi berilgan edi. “Qoʻqon fenomeni” deb nom olgan bu zamonaviy kompleks uchun 230 gektar yer ajratilib, dastlabki bosqichda 1,5 mlrd. dollarlik loyihalarni amalga oshirish va kamida 5 mingta ish oʻrni yaratish boʻyicha saʼy-harakatlarga kirishildi.
Oʻtgan yili viloyatda sanoat, xizmat koʻrsatish, qurilish va qishloq xoʻjaligi sohalarida 1182 ta loyiha foydalanishga topshirilib, 36 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilgan. Natijada neft, kalava ip, tikuv-trikotaj, kimyo, oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi va qurilish, elektrotexnika, charm, farmatsevtika tarmoqlari viloyat iqtisodiyoti drayveriga aylanib ulgurdi.
Bu yil viloyatda 450 mingga yaqin yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratilib, yalpi hududiy mahsulot hajmini 108,3 trln. soʻmga yetkazish maqsad qilingan. 6 mlrd. dollar miqdoridagi investitsiya loyihalarini boshlash hamda 1,2 mingta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shahar va tumanlarda 1210 gektar yerda Xitoy tajribasi asosida “Fargʻona: yangi imkoniyatlar” deb nomlangan maxsus sanoat zonalari tashkil etiladi.
Viloyat tadbirkorlari delegatsiyalarini dunyoning eng rivojlangan davlatlariga xizmat safarlariga yuborish, oʻzaro tajriba almashish va yangi hamkorlar jalb qilishga qaratilgan amaliy ishlar doirasida imzolangan hujjatlar boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Unga koʻra, umumiy qiymati 5,2 mlrd. dollar boʻlgan 158 ta loyihani amalga oshirishga kirishildi.

Hozirgi kunda viloyatda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlariga qishloq xoʻjaligi va sanoat mahsulotlari eksport qilinayotgan boʻlsa, mavjud xorijiy korxonalar soni 800 dan ziyodni tashkil etadi. Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Germaniya, Singapur, Tailand singari davlatlar bilan investitsiyaviy hamkorlik koʻlami yildan-yilga kengayib bormoqda. Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasining Omsk hududida Fargʻona ulgurji taqsimlash logistika markazining birinchi bosqichi ishga tushdi. Bunday markazlar tez orada boshqa mamlakatlarda ham ish boshlaydi.
Ayni jarayonda shahar va tuman hokimliklari hamda Markaziy bank bilan hamkorlikda Jahon banki mablagʻlaridan moliyalashtirilishi koʻzda tutilgan umumiy qiymati 34 mln. dollarlik 28 ta istiqbolli loyihaning manzilli roʻyxati shakllantirilgan.
Viloyatdagi qulay sarmoyaviy muhit, xorijlik tadbirkorlar ishtirokida ochilayotgan yangi korxonalar haqida gap ketganda, nuroniylar davrasida, hatto mahallalardagi oddiy gurunglarda ham “Dunyo bilan boʻylashish xayrli ish. Ularni koʻrib, tadbirkorlarimizning koʻzi pishsin, tajribasi oshsin”, degan fikrlar yangraydi. Ha, investitsiyaning raqamlardan tashqari yana bir koʻrsatkichi bor, bu — hududga texnologik yangiliklarning kirib kelishi va mutaxassislar bilim va tajribasini boyitish.
Qadr topayotgan qadriyat
Qisqa davrda Oʻzbekistonning barcha hududi kabi Fargʻona ham yangidan qurildi. Bu yerda aholining turmush sharoiti yaxshilandi, yuksalishga yuz tutdi. Odamlarning dunyoqarashi, koʻnikmalari oʻzgardi. Kichik bir misol: bugun kishilarimiz qurayotgan uylari avvalgidek emas, barcha sharoitga ega, koʻp qavatli uylar urf boʻldi. Bu mutaxassislar tili bilan aytganda, ekstensiv emas, intensiv taraqqiyot rivoj topayotganini bildiradi.
Mehmondoʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik yangi Oʻzbekistonda yanada qadr topayotgan qadriyat. Kamina Soʻx tumanidagi chegara mojarolariga guvohman. Yaqingacha rishtonliklar Soʻxga deyarli yuz kilometrlik aylanma yoʻldan borib-kelardi. Bugun tumanga yarim soatda yetish mumkin, chegaradan oʻtish soddalashtirilgan. Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda bir xabar tarqaldi: qirgʻiz tomoni bilan Chashma bulogʻi suvidan foydalanishda kelishuvga erishildi. Aholi xursand!
Soʻx — yurtimizdagi islohotlar eng chet hududlarga yetib borayotganiga yorqin misol. Hazrati Bobur qadami yetgan, bir necha ming yillik tarixiy bu maskan endi turistik markazga aylanmoqda. Yana bir faxrli tomoni — oʻz aeroportiga ega!
Viloyatda Fargʻona va Qoʻqon aeroporti xalqaro darajada taʼmirlanib, ishga tushirildi. Albatta, xalqaro yorliq olish uchun aeroport zamonaviy talablarga monand boʻlishi kerak. Viloyatda ayni jihatga alohida diqqat qaratilyapti. Zotan, aeroport — misoli darvoza. Hududga kelgan kishi borki, avvalo, mana shu darvozadan boʻylaydi. Shu bois uning chiroyi, muhtashamligi, yoʻlovchilarga qulayligi, shinamligi muhim.
Aslida, Fargʻonada dunyoga koʻz-koʻz qilishga arziydigan maskanlar anchagina. Margʻilon, Rishton, Mindon, Quva, Vodil, Shohimardon — bular vodiyning koʻhna goʻshalari. Jozibador sayyohlik manzili oʻlaroq ularning har birida etno va ekoturizm, tibbiyot hamda gastronomik turizm yoʻnalishlari rivoj topishi yoʻlida talay ishlar amalga oshirilmoqda. Etnoturizmning oʻziga xosligi — xorijiy sayyohlar qishloqqa kelib bir necha kun yashashadi, xalqning urflari, toʻy-marosimlariga shohid boʻlishadi. Vodiydagi “turizm qishloqlari”da xalqimizning fazilatlari, anʼanalariga lol qolgan turistlarni koʻp uchratish mumkin. Sayyohlar toʻy-marosimlarimizni, bayramlarimizni koʻrib, angrayib qolganiga koʻpchiligimiz guvohmiz. Hunarmandchilik, sanʼat va urflar, kulinariya turizmining oʻziyoq minglab sayyohlarni oʻziga mahliyo qiladi. Rishton palovining shuhrati allaqachon ummonlar osha oʻzga yurtlarga yetib borgan. Yana bir qiziq yoʻnalish rivoj topmoqda: bu “asal oyi” turizmi. Bugun sayyohlar qatorida xorijlik yoshlarni ham koʻrsa boʻladi.
Bu yil Fargʻona yarim mln.ga yaqin xorijlik sayyohni kutib olishni koʻzlagan. Buning uchun viloyatdan Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Yaponiya, Malayziya, Fransiya, Germaniya, Italiya kabi davlatlarga aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyiladi. Mahalliy sayyohlar uchun “Oltin vodiy” turizm halqasi tashkil etiladi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan joriy yilda Rishton tumanidagi Mamadali Topvoldiyev nomidagi mahalla fuqarolar yigʻini “turizm mahallasi”ga, Fargʻona shahridagi Sohibqiron Temur koʻchasi “turizm koʻchasi”ga aylantirilmoqda. Avval Chimyon, Vodil, Shohimardon va Yordon qishloqlarini “turizm qishlogʻi”ga aylantirish boʻyicha belgilangan yumushlar nihoyasiga yetkazilyapti. Quvadagi Karkidon, Yozyovondagi Markaziy Fargʻona suv ombori hududlarida ekoturistik manzillar barpo etish ishlariga kirishilgan. Bevosita sayyohlik yoʻnalishiga qaratilayotgan eʼtibor va ragʻbat tufayli mehmon uylari 264 taga hamda yulduzli toifadagi mehmonxonalar soni 10 taga yetkazildi. Bugungi kunda viloyatda 124 ta turoperator va 44 ta turagent faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Hozirda Fargʻona tumanining Shohimardon hududida zamonaviy turizm komplekslari hamda Soʻx tumanida Soʻx daryosi sohili boʻylari va togʻ yonbagʻri hududlarida zamonaviy majmualar tashkil qilish boʻyicha rejalar ishlab chiqilmoqda.
Mintaqa rivojiga daxldor loyihalar ishtirokchisi
Yaqinda olam sayqali boʻlmish Samarqandda “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sammiti boʻlib oʻtdi. Unda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan koʻp qirrali tashabbuslar mintaqalar manfaatlari yoʻlida sheriklik va amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga turtki boʻladi.
Jahon davlatlarining yangi Oʻzbekistonga eʼtibori va hamkorlikka intilishi bejiz emas. Chunki mamlakatimiz nomidan bildirilayotgan takliflar mintaqani yangi pogʻonaga yuksaltirishga xizmat qiladi. Yaqin kelajakda mamlakatimiz Osiyo va Yevropa davlatlarini bogʻlaydigan oʻta muhim oʻtkazgichga, yaʼni xabga aylanadi. Texnologiyalar, bilimlar, mablagʻ va axborot oqimlari daryosi yurtimizdan oʻtadi. Jamiyatimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ushbu ulkan “sakrash”ga tayyor boʻlishlari kerak, albatta.

Bugun koʻzlangan orzular roʻyobga chiqmoqda. Yangi Oʻzbekiston yangi Buyuk Ipak yoʻlining juda muhim ishtirokchisiga aylanayotir. Bunda esa, tarixda boʻlgani kabi, Fargʻonaning oʻrni muhim. Shu bois viloyatning Yozyovon, Buvayda, Dangʻara kabi qator tumanlari hududidan oʻtuvchi xalqaro avtomagistral yoʻllari boʻyida jahon andozalari darajasida transport-logistika markazlari, muhtasham xizmat koʻrsatish va servis shoxobchalari qad rostlamoqda. Keng qamrovli bunday saʼy-harakatlar yaqin istiqbolda Fargʻonani Buyuk Ipak yoʻlidagi javohirga aylantirishiga shak-shubha yoʻq.
Yaqin yillargacha viloyat iqtisodiyoti Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi, “Fargʻonaazot”, “Kvars” singari bir necha yirik korxonalar faoliyatiga bogʻliq edi. Keyingi yillardagi yangilanish va oʻzgarishlar tufayli bugungi kunda viloyatda 60 mingga yaqin kichik biznes subyektlari faoliyat koʻrsatmoqda. Bu yil viloyatda 8 mingta kichik biznes subyekti orqali hududlarda 42,5 mingdan koʻproq mikroloyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Davlatimiz rahbari nufuzli minbarlardan mintaqa va jahon iqtisodiyoti rivojiga daxldor dolzarb loyihalarni ilgari surar ekan, ularni roʻyobga chiqarishga qaratilgan ulkan jarayonda Fargʻonaning ham ishtirokini koʻzda tutayotganidan faxrlanamiz.
Yashil boʻston
Bundan oʻn yillar burun Oltiariqdan Fargʻonagacha yoʻlning bir tarafi qip-qizil dasht edi. Hozir u yoʻldan oʻtgan kishi tanimay qoladi: har ikkala tomonida ham bogʻlar barpo etilgan, chaman-chaman gullar ochilgan. Bugun dasht yerlarda ham yashil maydonlar tashkil qilinmoqda, shu bilan birga, butun aholi “Har oilaga bir daraxt” tamoyili asosida bogʻ-u rogʻlar bunyod etishga chorlanmoqda.
Xalqning jipsligi, birdamligining qudrati shunda namoyon boʻladi. “Fargʻonada oʻrmon yoʻq”, deyishadi kishilar. Ammo har bir kishi ota-onasiga, oilasiga yoki farzandlariga atab bir tup koʻchat eksa, millionlab daraxtdan iborat oʻrmon paydo boʻladi. “Daraxt ekib, bogʻ yarat. Odam yesayam, qurt-u qush yesayam, bir kishi soyasida salqinlasayam savob”, deydilar.

Birgina “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyatda 2022-yildan buyon 65 million tupga yaqin daraxt koʻchatlari ekildi. Ezgu tashabbus davomida har bir shahar-tumanda yashil jamoat parklari, “yashil belbogʻlar”, yashil xiyobonlar hamda koʻkalamzorlashtirilgan hordiq chiqarish maskanlari tashkil etilayotgani eʼtiborga molik. Natijada yildan-yilga viloyatda yashillik darajasi jahon andozalariga mos tarzda oshib bormoqda.
Hozirgi kunda viloyatda 49 ming gektar mevali bogʻlar mavjud va eʼtiborlisi, atigi soʻnggi bir yilda samarasizlari oʻrnida 5 ming gektar intensiv bogʻlar barpo etildi. Ayni jarayonda Soʻx tumanining Javpaya massivida 210 gektar maydonda intensiv oʻrik bogʻi bunyod qilinib, 0,5 gektardan ijara asosida kam taʼminlangan oilalarga boʻlib berildi. Oʻtgan yili Fargʻona tumanining qir-adir yerlarida turkiyalik investorlar tomonidan 70 gektarda sanoatlashgan intensiv bogʻ yaratilgan boʻlsa, joriy yilda yana 200 gektar yerda ana shunday bogʻ barpo etish maqsad qilingan.
Kim kambagʻal?
Xalqning oʻziga xos gʻururi, oriyati bor, birovga “Kambagʻalmisiz?” desangiz, “Tepamda boshpanam, yonimda oʻgʻil-qizim, qavm-u qarindoshim bor, nega kambagʻal boʻlay?!” deya javob beradi. Bu “Boy boy emas, qanoat qilgan boy”, degan hikmatli gapning xalqona yoʻsinda tilga chiqqani.
Biroq bugun yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga gʻamxoʻrlik koʻrsatishda soʻrab-surishtirishgagina asoslanib qolmay, raqamli texnologiyalar vositasida amalga oshiriladigan zamonaviy mexanizmlar hayotga tatbiq etilgan. Kambagʻallikka qarshi kurash borasidagi keng koʻlamli ishlar kishilarga yetarli taʼminlangan holda hayot kechirishi va bu borada oʻzidagi qobiliyatlarni roʻyobga chiqara olishi uchun koʻmak berishni koʻzda tutadi.
Taqdir taqozosi bilan boshpanasidan, boquvchisidan, daromad manbaidan ayrilgan oilalar toʻla qoʻllab-quvvatlanmoqda. Kambagʻal sanalgan oilaga avval yaqinlari, mahalla-koʻy baholi qudrat koʻmaklashgan boʻlsa, endi bu xayrli ishni davlat oʻz zimmasiga oldi.

Amalga oshirilgan hayotbaxsh islohotlar natijasida oxirgi uch yilda Fargʻona viloyatida 217 ming nafar fuqaro kambagʻallikdan chiqarildi. “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida bunday oilalarning har biri bilan alohida reja asosida ish olib borilmoqda. Buning hisobiga joriy yil yakuni bilan yana 150 ming fuqaroni ehtiyojmandlikdan xalos etish, viloyatda kambagʻallik darajasini 5 foizga tushirish koʻzda tutilgan.
Har bir oila muqim daromadga ega boʻlishida mahallabay, xonadonbay ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilgani ijobiy samara bermoqda. Ayni paytda viloyatdagi 1063 ta mahallaning har birini aniq bir yoʻnalishga ixtisoslashtirishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti. Bugunga qadar mahallalarning 220 tasi sanoat, 281 tasi dehqonchilik, tomorqachilik, 238 tasi koʻchatchilik, gulchilik, uzumchilik, 144 tasi xizmat koʻrsatish sohasiga ixtisoslashtirildi. Yaqin istiqbolda mahallalar ishsizlikdan xoli hududga aylantirilib, har biri uchun jadal rivojlanishning yetakchi sohalari faol ragʻbatlantiriladi.
Toʻqson ming aql
Raqamlarga koʻra, viloyat aholisi yiliga oʻrtacha 90 mingga koʻpaymoqda. Bu shuncha kuch, salohiyat, aql, tafakkur degani. Faqat ularni ulugʻvor maqsadlarga monand ilgʻor bilimli mutaxassislarga aylantirish alohida eʼtiborni talab qiladi.
Bugungi kunda Fargʻona viloyati oliy taʼlim muassasalari soni va qamrovi boʻyicha mamlakatimiz hududlari orasida yetakchi oʻrinda turadi. 2025-yili viloyatda oliy taʼlim qamrovini 40 foizga, 2029-yilda 60 foizga yetkazish ustuvor vazifalar sirasiga kiritilgan.
Maktab taʼlimida milliy tajriba Yaponiya taʼlim tizimi asosida yanada takomillashtirilayotir. Ayni maqsad yoʻlida Fargʻona viloyati delegatsiyasi bir necha marotaba Kunchiqar yurtda oʻzaro tajriba almashib keldi. Hozirda viloyatning 19 ta shahar-tumanida bittadan maktab tajriba tariqasida tanlab olinib, ularda taʼlim-tarbiya jarayoni yapon taʼlim tizimiga muvofiq tarzda olib borilmoqda. Yaponiyadan tajribali mutaxassislar ham jalb etilgan.
Oʻrta boʻgʻin mutaxassislari tayyorlashda esa viloyatdagi 77 ta kasbiy taʼlim tashkilotida nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida Germaniya tajribasi boʻyicha bir paytning oʻzida ham oʻqish, ham ishlash imkonini beruvchi dual taʼlim tizimi keng joriy etilayotir. Bu tajriba kasb-hunar maktabi va texnikumlarda yaxshi samara berib, yoshlarning muayyan kasb-hunar egasi boʻlib yetishib chiqishini taʼminlaydi.

Matematika, fizika, biologiya kabi yoʻnalishlar qatorida muhandislar tayyorlash ishiga ham eʼtibor katta. Sababi yana mamlakatda roʻy berayotgan jarayonlarga borib taqaladi: avval xayolga ham kelmagan yangi ishlab chiqarish obyektlari qurilmoqda, ulardagi uskuna va jihozlarni ishlata olishgina emas, taʼmirlash va rivojlantirishni bajara oladigan muhandislar qatlamini shakllantirish kun tartibida turibdi. “Oltin oʻzimizda. Uni chetdan keltirishga ne hojat?!” deyishadi ulugʻlar. “Oltin” deyilganida yoshlar nazarda tutiladi, albatta. Viloyatda “Bir million dasturchi” loyihasi keng yoyildi, turizm, ilgʻor texnologiyalar, axborotlashtirish yoʻnalishlari, zamonaviy marketing ommalashdi, shu bilan birga, boshqaruvning zamonaviy, raqamlashtirishga asoslangan usullari kirib keldi.
Fan, sanʼat va adabiyotda ham Fargʻona faxrli oʻringa ega. Ayniqsa, Prezidentning “Respublikada milliy askiya va qiziqchilik sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Margʻilonda Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik sanʼati markazi tashkil qilish va ushbu sohada taniqli ijodkorlarning mahorat maktablarini barpo etish tashabbusi quvonch bilan kutib olindi. Endilikda ildizlari necha-necha asrlar qaʼriga borib tutashuvchi oʻlmas meros — askiya va qiziqchilik Fargʻona sanʼatining yuzi sifatida yanada rivojlantiriladi.
Yangi uyga eski tushuncha bilan kirib boʻlmaydi
Fargʻonada salomlashishning yetmish xili bor, deyishadi ulugʻlar. Oqsoqolga, yoshi kattaga, ustozga, qavm-qarindoshga, tengqur doʻst-u birodarga, momo-xolalarga, kichiklarga salom berish oʻzaro farqlanadi. Soʻzi bir, ammo izzati turlicha. Inson qadr-qimmati, el-yurt obroʻsi, axloq va odob tushunchalariga ham bu yerda munosabat oʻzgacha. Koʻplab xorijliklar ayricha hurmat-izzat, tavozega hayron qoladi, biroq milliy anʼanalarimiz shunday: har qanday yangilikka, voqelikka bizlar Fargʻonacha toʻn, qoʻqoncha doʻppi kiydirib, beliga oʻzbekcha belbogʻ bogʻlaymiz. Misol uchun, yangi texnologik zavod qurildi. Anʼanaga koʻra nutq soʻzlab, tasma qirqilishi kerak. Ammo urfimizga koʻra koʻpni koʻrgan oqsoqollardan duo soʻraladi. Ular esa “Elning koriga yarasin, uzoq yillar xalqqa xizmat qilsin, xayr-baraka keltirsin”, degan tilaklarni bildiradi. Buni xalqimiz “qut-baraka” deb ataydi.
Maʼnaviyat borasida dunyoga oʻrnak boʻlgan xalqimizning asriy anʼana va qadriyatlarini saqlab qolish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri.
Xalqimiz mahdudlik davrlarida ogʻizdan-ogʻizga oʻtib kelayotgan qadriyatlar tufayli oʻzligini tanib keldi. Endilikda davlatimiz oʻzlik, anʼana va qadriyatlarini avaylab saqlash va kelgusi avlodlarga yetkazish uchun huquqiy asoslarni yaratib berdi. Biroq katta maqsadlarni koʻzlagan tashabbuslar bilan keng xalq ommasini oʻzaro bogʻlovchi bilim almashish tizimida oqsashlar bor. Tinimsiz oʻzgarayotgan dunyoda oʻzlikni anglamasdan, asriy qadriyatlarni uqmasdan va zamonaviy bilimlarni egallamasdan yashab boʻlmaydi. “Har yili toʻqson ming aql” deyildi, unga ega chiqish zarur, albatta. Barcha qishloqlarda ixcham, qulay kutubxonalar tizimini shakllantirish kerakligini davrning oʻzi taqozo qilmoqda.

Kutubxonalar tizimini takomillashtirish, qishloqlarda ana shu ziyo maskanlarini tiklash, ularni badiiy va ilmiy adabiyotlar, davriy matbuot nashrlari bilan taʼminlash, shuningdek, “oila kutubxonasi” anʼanasini yoʻlga qoʻyish kerak. Jahon axborot makonida “Oʻqish zarur boʻlgan 100 kitob” deganday roʻyxatlar muntazam eʼlon qilib boriladi. Har bir oila uchun zarur milliy kitoblar roʻyxati shakllantirilib, ularni har bir xonadonga yetkazish boʻyicha loyihalar qilinsa, nur ustiga nur boʻladi, albatta.
Yurtni bogʻ-boʻstonga aylantirish odamlarning oʻz qoʻlida. Fargʻona xalqining mirishkorligi avval ham, hozir ham eʼtiroflar markazida turibdi. Kishilarni ilgʻor marralar sari ilhomlantirishning yangi mexanizmlari zarur boʻlib qolmoqda.
Vatanimizdagi ulkan va hayotbaxsh jarayonlar koʻlamini taʼriflash uchun jild-jild kitoblar yozsa arziydi. Bu yangilanishlar xalqona tarzda shunday ifoda etilmoqda: “Yangi uyga eski tushuncha bilan kirib boʻlmaydi”. Yangi uyning qadriga yetish uchun yangi tushunchalar, maʼnaviyat va maʼrifat kerak. Chunki soʻz butun boshli mamlakatni tubdan yangilash va yuksaltirish haqida bormoqda. Bu hududlarga ham tegishli, albatta. Shuncha million kishi taqdiri va kelajagi turganida, maqsadlar ham shunga yarasha ulugʻvor boʻladi.
Shonli tarix va yorqin kelajak ramzi
Maqolamiz avvalida ikki ming yil oldingi voqealarni va qudratli Xan sulolasi hukmdorining havasini keltirgan Fargʻona samoviy tulporlarini eslagan edik. Ular endilikda timsolga aylangan. Bugungi zamonaviy dunyoning argʻumoqlari butunlay boshqacha. Bu zako, isteʼdod va qobiliyat tulporlaridir. Fargʻona ahli bugun ham madaniyati va sanʼati, yetuk axloqi, birdamligi, yaratuvchanligi va bunyodkorligi bilan olamga oʻrnak.
Kezi kelganda, bir mulohazani ham aytib oʻtsak. Fargʻonaga kiraverishda samoviy tulporlar ramzini oʻrnatish vaqt-soati keldi. Bu tarixiy va zamonaviy timsol bugungi Fargʻona kishilarining zakovati, bunyodkorlik salohiyati, ezgu orzulari, yaxshi niyatlarining ifodasi boʻlib qad koʻtaradi. Shu bilan birga, parvozga chogʻlangan bu samoviy tulporlar jannatmonand Fargʻonaning shonli tarixi va yorqin kelajagining ramziga aylanadi.

Darhaqiqat, dunyoda inson ruhiyati, tafakkuri, yashash tarziga kuchli taʼsir koʻrsatadigan, Vatanga muhabbati, hayotbaxsh islohotlarga daxldorlik tuygʻusi, oʻz taqdiri va kelajagiga ishonchini yuksaltirib yuboradigan yangilanish jarayonlari boʻladi. Shu maʼnoda, yangi Fargʻonaning bugungi ravnaq-rivoji va ertangi kun istiqboli yoʻlida tashlanayotgan dadil qadamlar nufusi 4 mln. 200 ming nafarga yaqinlashgan viloyat ahli gʻayratiga gʻayrat, shijoatiga shijoat qoʻshayotgani ham ayni haqiqat.
Zotan, keyingi yillarda Fargʻonaliklar tafakkuri, dunyoqarashi, turmush tarzi, orzu-maqsadlari yangilanib, keng koʻlamli islohotlar jarayonida hayotning joʻshqin oqimidan chetda qolmaslikka intilayotir. Prezidentimiz boshchiligida yangi davr, yangi zamon — yangi Oʻzbekiston dovonlarini qatʼiy ishonch, aniq reja, uzoqni koʻzlagan yuksak maqsadlar bilan zabt etmoqda. Bu Fargʻona viloyatining tobora muhtashamlik va ulugʻvorlik kasb etib borayotganida yaqqol namoyon boʻlayotgani quvonarlidir.
Isajon SULTON,
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring