Fargʻona viloyati qoʻgʻirchoq teatri TURKSOYning maxsus sovrini bilan taqdirlandi

15:23 16 Sentyabr 2025 Jamiyat
36 0

Yaqinda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY tomonidan “Aqtau – 2025-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” sifatida eʼlon qilindi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar doirasida Qozogʻistonning Aqtau shahrida “Nomad Puppet” I Xalqaro qoʻgʻirchoq teatrlari festivali boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Tatariston, Turkiya va Qozogʻiston ijodiy jamoalari ishtirok etdi.

Festivalda mamlakatimiz nomidan qatnashgan Fargʻona viloyati qoʻgʻirchoq teatri ijodiy jamoasi TURKSOYning maxsus diplomi bilan taqdirlandi.

— Nufuzli hakamlar hayʼati xulosasiga koʻra, ijodiy jamoamizga “Eng yaxshi aktyorlik ansambli” nominatsiyasi gʻolibligi sovrini topshirildi, — deydi teatr direktori Tavakkal Sultonov. —Taʼkidlash joizki, asosan yosh isteʼdodlardan shakllangan teatrimiz 2022-yildan buyon xalqaro ijodiy festivallarda muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda. Repertuarimizdagi milliy hamda jahon klassik tomoshalari, soʻzsiz ijro etiladigan va milliy liboslar yordamida talqin etiladigan musiqali sahna asarlari tomoshabinlarga juda manzur boʻlayotir.

Yaqin kunlarda Qozogʻistonda oʻtkaziladigan yana bir festivalga taklifnoma olganmiz. Bu yerda “Toychoq” nomli sahna asari namoyish etiladi. Shuningdek, joriy yilning oktyabr oyida Turkiyada yana bir nufuzli anjumanda qatnashish hamda muxlislar eʼtiboriga “Musiqali choyxona” asarini taqdim etish boʻyicha tayyorgarlik ishlari olib borilyapti. Teatr jamoamizni maʼnan va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashda Madaniyat vazirligi hamda Fargʻona viloyati hokimligining koʻmagi beqiyos.

Aytish joiz, qardosh Qozogʻistonda tashkil etilgan oʻziga xos madaniyat va sanʼat bayrami doirasida Fargʻona viloyati qoʻgʻirchoq teatri hamda barcha ishtirokchi teatrlar oʻrtasida kelgusidagi faol hamkorlik yuzasidan memorandumlar imzolandi.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер