“Fargʻona tong otguncha...” gʻazali muallifi Haziniy uy-muzeyida boʻlganmisiz?!

11:47 17 Yanvar 2025 Jamiyat
306 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Qoʻqon adabiy muhiti taʼsirida oʻzbek adabiyotining bir necha dargʻalari yetishib chiqqan edi. Tarixchi olimlarning qayd etishicha, oʻz vaqtida Qoʻqon adabiy muhitida shakllangan 300 nafardan ziyod ijodkorlarning asarlari bugungacha xalqimiz tomonidan sevib mutolaa qilinmoqda.

Bu xususda gap ketganda, Muqimiy, Furqat, Haziniy kabi atoqli nomlarni faxr bilan tilga olishimiz mumkin. Bugungi kunda Qoʻqonga qoʻshni hudud Uchkoʻprik tumanining Kenagas qishlogʻida Haziniy uy-muzeyi faoliyat koʻrsatmoqda. Keyingi yillarda bu yerda keng koʻlamli qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilib, tarixiy va qutlugʻ maskanda ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar muhayyo etildi.

Muzey xodimlarining eʼtirof etishicha, Haziniy sheʼriyatining eng muhim xususiyatlaridan biri xalq tili va diliga yaqinligidir. Shu bois uning asarlari “koʻpchilikning tuygʻu, zavqiga yoqib“ tushgan ijod namunasi sifatida eʼtirof etiladi. Uning bizgacha toʻrt ming misra atrofidagi adabiy merosi saqlab qolingan.

Shoir ijodida oʻz davri adabiy muhitida eng koʻp qoʻllangan janrlar — gʻazal, murabba, muxammas, musaddaslarning sara namunalarini uchratish mumkin. Shoirning xalq tili va diliga yaqin ijod namunalari oʻz davrida koʻplab hofizlar tomonidan xalq sayillari, toʻylar va turli maʼrakalarda aytilgan. Uning “Yo hayot an nabiy” radifli gʻazali bilan aytilgan qoʻshiq Hamroqul qori ijrosida grammofon plastinkasiga ham yozib olingan. Haziniyning ”Fargʻona tong otguncha” gʻazaliga Muxtorjon Murtazoyev kuy bastalagan boʻlib, u mumtoz sanʼatimiz durdonasi sifatida hamon xalqimizning ardogʻida.

— Haziniy uy-muzeyi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-iyuldagi qaroriga asosan tashkil etilgan boʻlib, ayni paytda Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi filiali sifatida faoliyat koʻrsatadi, — deydi muassasa rahbari Nargiza Vahobova. — Shu tariqa yaqin yillarda Fargʻona viloyati Madaniyat boshqarmasi tomonidan muzeyning ilmiy konsepsiyasi ishlab chiqilib, Haziniy davri va uning adabiy merosiga aloqador eksponatlar yigʻildi. Hozir muzeyda 400 dan ortiq eksponatlar bor.

Birgina oʻtgan yilning oʻzida muzeyga 4 ming nafardan ortiq hamyurtlarimiz tashrif buyurib, mumtoz adabiyotimizning yorqin vakili hayoti va ijodi haqida batafsil maʼlumotga ega boʻlishdi.

Aytish joiz, Haziniy 1923-yili vafot etgan va Kenagas qishlogʻidagi qabristonga dafn etilgan. Keyinchalik Haziniy qabri ustiga maqbara oʻrnatildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер