Fargʻona tarixi va madaniyati muzeyi taʼmirlanmoqda

15:27 01 Fevral 2024 Madaniyat
497 0

Bir asrdan ziyod vaqt mobaynida faoliyat koʻrsatib kelayotgan Fargʻona tarixi va madaniyati muzeyi mamlakatimizning eng keksa madaniyat maskanlari sirasiga kiradi. Ayni paytda yurtimiz tabiati, koʻhna tarixi koʻzgusi boʻlgan muzeyda 100 mingdan ortiq arxeologik topilmalar, amaliy sanʼat namunalari hamda asarlari saqlanmoqda.

Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan 2021-2022-yillarda mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 3 mlrd. 100 mln. soʻm mablagʻ ajratilib, muzey binosida mukammal taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilyapti.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov muzeyda amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, muassasa faoliyatini zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirish, xizmatlar sohasi va marketingni kengaytirish, xorijiy ilgʻor tajribalarni qoʻllash boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi. Bu borada muzeyning yangi konsepsiyasini yaratish, muzey ekspozitsiyalarini rejalashtirish va dizayni uchun xorijdan yuqori malakali mutaxassislar jalb etish muhimligini taʼkidladi.

— Bir yilda oʻrtacha 100 ming nafar mahalliy sayyoh, 3 mingga yaqin xorijlik mehmonlar faoliyatimiz bilan yaqindan tanishadi, — deydi Fargʻona tarixi va madaniyati davlat muzeyi rahbari Xayrullo Zokirov. — Shu maqsadda oliy, oʻrta taʼlim muassasalari va mahalla fuqarolar yigʻinlari rahbarlari bilan hamkorlik shartnomasi imzolangan. Har oyning birinchi yakshanbasi barchaga, seshanba va juma kunlari 18 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlar uchun muzeyga kirish bepul. Muzey tasarrufida savdo shoxobchasi tashkil etilgan boʻlib, viloyatdagi madaniy meros, sanʼat asarlari va kulolchilik namunalari savdosi yoʻlga qoʻyilgan.

Ayni paytda dunyo tajribasi asosida muzey faoliyatini ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targʻib etish maqsadida maxsus dastur yaratish ustida ish olib borilmoqda.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?