Fargʻona shahrida autsorsing xizmatlari koʻrsatuvchi xalqaro Call-markazi ish boshladi

10:50 31 Oktyabr 2024 Jamiyat
225 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyatida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda IT xizmatlar eksportini oshirishda jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Buning samarasi sifatida ayni paytda viloyatda 100 dan ziyod IT park rezidentlari faoliyat koʻrsatayotir. Bu sohada xizmatlarni eksport qiluvchi korxonalar soni 20 taga yetdi.

Shu kunlarda Fargʻona shahrida Rossiyadagi call-markaz autsorsingi xizmatlarini koʻrsatishga ixtisoslashgan “Audiotele” kompaniyasi markazi tashkil etilgani ham ushbu sohadagi istiqbolli loyihalar sirasiga kiradi.

— Markazda 60 nafar yosh mutaxassislar ish boshladi, — deydi Fargʻona shahar hokimi oʻrinbosari Yusufjon Yusupov. — Shu yil yakuniga qadar yosh mutaxassislar sonini 110 nafarga yetkazish maqsad qilingan. Shu tariqa joriy yil yakunigacha 4 million dollar hajmida xizmatlar eksportini amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.

Yurtimizga tashrif buyurgan kompaniya rahbari Dmitriy Faleleyev Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bilan yuzma-yuz muloqot oʻtkazib, markaz faoliyati va bu yerda yaratilgan sharoitlar haqida maʼlumot berdi.

Aytish joiz, mazkur kompaniya Rossiyaning qator shaharlarida oʻz markazlariga ega. Kompaniyada 4 ming nafardan ziyod xodim faoliyat olib boradi.

Uchrashuvda markazga IT sohasiga qiziquvchi yoshlarni keng jalb etish, oʻquv kurslarini tashkil qilish hamda xizmatlar turlarini yanada koʻpaytirib borish muhimligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?