FAO CRIC-21da chang va qum boʻronlari masalalarini koʻtaradi

18:11 16 Noyabr 2023 Siyosat
111 0

Chang va qum boʻronlari tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan transchegaraviy muammo hisoblanadi. Ushbu xavfli tabiat hodisasi barcha qitʼalardagi 151 mamlakatda kuzatilmoqda hamda bu 17 ta barqaror rivojlanish maqsadlaridan 11 tasiga erishishni xavf ostiga qoʻymoqda. Iqlim oʻzgarishi va oʻsimlik qoplamining degradatsiyasi chang va qum boʻronlari xavf darajasining oshishiga olib keladi va ular bilan bogʻliq xatarlarni yanada oshiradi. Salbiy oqibatlar, ayniqsa, daromadlari toʻgʻridan-toʻgʻri tabiiy resurslar va qishloq xoʻjaligiga bogʻliq boʻlgan hamda qurgʻoqchil hududlarda yashayotgan fermerlarga taʼsir qiladi.

Oʻzbekistonda yer va yaylovlar degradatsiyasi, yogʻingarchilikning kamayishi, choʻllanishning koʻpayishi, shuningdek, boshqa ichki va tashqi omillar tufayli chang va qum boʻronlari tez-tez roʻy bermoqda.

Choʻllanishga qarshi kurashish Konvensiyasining bajarilishini koʻrib chiqish qoʻmitasi 21-sessiyasi (CRIC-21) doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) “Chang va qum boʻronlariga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirish: birgalikda biz global javobga hissa qoʻshishimiz mumkin” tadbirini (side-event) tashkil etdi.

Tadbir turli mamlakatlarning ushbu tabiiy hodisaga qarshi kurashish borasidagi saʼy-harakatlarini namoyish etish, milliy, mintaqaviy va mintaqalararo harakatlarga tayangan holda ushbu yoʻnalishdagi global choralarni targʻib qilish boʻyicha fikr almashish maqsadida oʻtkazildi. Tadbir davomida qishloq xoʻjaligida chang va qum boʻronlariga qarshi kurashish boʻyicha uchta yangi nashr taqdim etildi: “Qum va chang boʻronlari: yumshatish, moslashish, qishloq xoʻjaligida xatarlarni boshqarish siyosati va choralari boʻyicha qoʻllanma”, “Qum va chang boʻronlariga tayyorgarlik, chorvachilik jamoalari ishtirokida favqulodda vaziyatlarni rejalashtirish: Moʻgʻuliston boʻyicha amaliy tadqiqotlar” hisoboti va “Eron Islom Respublikasida qishloq xoʻjaligining qum va chang boʻronlariga chidamliligini oshirish uchun investitsiyalar va harakatlarni kuchaytirish uchun favqulodda rejalashtirish jarayoni” qoʻllanmasi.

Oʻtkazilgan tadbir aʼzo mamlakatlarning chang va qum boʻronlariga qarshi kurashishdagi saʼy-harakatlarini (BMT koalitsiyasining rejalari va oʻsish) xalqaro miqyosda qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida xabardorlikni oshirishga yordam berdi. FAO texnik mutaxassisi Feras Ziadat taʼkidlaganidek: “Mamlakatlar oʻrtasida bilimlar almashishni qoʻllab-quvvatlash orqali biz chang va qum boʻronlarining oldini olish va yumshatish amaliyotini yaxshilashimiz, shuningdek, ushbu hodisaga qarshi kurashda siyosat izchilligi va sinergiyasini taʼminlashimiz mumkin”.

Eslatib oʻtamiz, CRIC-21 2023-yil 13-17-noyabr kunlari Samarqandda 196 mamlakatdan 500 dan ortiq delegatlar ishtirokida boʻlib oʻtmoqda. Forum qurgʻoqchilikka chidamlilikni oshirish, ayollarning yer huquqlarini targʻib qilish hamda chang va qum boʻronlariga qarshi kurashish, shuningdek, mamlakatlar qishloq xoʻjaligi yerlarini tiklashda erishayotgan yutuqlarni muhokama qilish uchun yaxshi platforma yaratadi. CRIC-21 da FAO neytral yer degradatsiyasiga erishishga hissa qoʻshadigan harakatlar toʻgʻrisida maʼlumot berish uchun bir qator qoʻshimcha tadbirlarni tashkil qiladi, shuningdek qum va chang boʻronlari boʻyicha yuqori darajadagi tadbirlarida ishtirok etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?