“Fajr Open”: Oʻzbekiston vakili kumush medalni qoʻlga kiritdi

10:54 09 Mart 2022 Sport
857 0

Foto: Sportni rivojlantirish vazirligi

Eron Islom Respublikasi poytaxti Tehron shahrida sportning taekvondo turi boʻyicha “Fajr Open” xalqaro turniri boʻlib oʻtmoqda. Turnirning kechagi kungi bahslarida Oʻzbekiston vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Kecha, 8-mart kuni uch nafar taekvondochimiz oʻz ishtiroklarini boshlashdi. Jumladan, -54 kg vazn toifasida Omonjon Otajonov, xuddi shu vazn toifasida yana bir sportchimiz Jahongir Xudoyberdiyev hamda -74 kg vazn toifasida Najmiddin Qosimxojiyev bahslarga kirishdi.

Ular orasida -54 kg vazn toifasida dayanga chiqqan hamyurtimiz Jahongir Xudoyberdiyevga omad kulib boqdi. U dastlabki bosqichda afgʻonistonlik Muhammad Matin Nazarini 26:4 hisobida magʻlub etdi. Nimchorak finalda Jahongir eronlik Lait Alvarashdexni 15:5 hisobida taslim qildi. Chorak finalda Xudoyberdiyev ozarbayjonlik Baxruz Guluhzade ustidan zafar quchdi – 18:9.

Yarim finalda Jahongir eronlik Sorrosh Dariniga qarshi jang qildi va bu safar gʻalaba oʻzbek oʻgʻloni tomonida boʻldi. Shu tariqa J.Xudoyberdiyev toʻrt nafar raqibni magʻlub etdi va finalga yoʻl oldi.

Hal qiluvchi bahsda hamyurtimizga yana bir eronlik sportchi Amir Muhammad roʻbaroʻ keldi. Biroq, avvalgi janglardan farqli oʻlaroq finalda omad mezbon sportchiga kulib boqdi. Natijada, Jahongir Xudoyberdiyev kumush medal sohibiga aylandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?