Yevropaning 3 davlati Ukraina uchun qurollarga pul toʻlamoqchi emas. Qurollar tarkibi qanday?

16:47 16 Iyul 2025 Dunyo
272 0

Illyustrativ foto

NATO aʼzo hisoblangan Yevropadagi uchta davlat, Fransiya, Italiya va Chexiya Ukraina uchun Amerika qurollariga pul toʻlash tashabbusida ishtirok etmoqchi emas. Bu haqda “Politico” nashri xabar qildi.

Fransiya salbiy pozitsiyasiga sabab qilib ayni paytda hukumat byudjet taqchilligi bilan kurashishga urinar ekan, oʻzining mudofaa xarajatlarini oshirishda qiynalayotgani hamda ichki xaridlar orqali oʻz mudofaa sanoatini rivojlantirishi zarurligini koʻrsatgan.

Italiya ham ushbu tashabbus uchun byudjet imkoniyatlari deyarli yoʻqligi va xaridlarni toʻlash tashabbusiga qoʻshilishni istamasligini bildirdi. Shuningdek, Italiya Mudofaa vazirligining manbalarida hech qachon Amerika qurollarini sotib olish haqida gap boʻlmagani aytilgan.

Tashabbusga qarshi boʻlgan uchinchi davlat esa Chexiyadir. Mamlakat bosh vaziri Petr Fiala davlat Ukraina uchun Amerika qurollarini sotib olishda ishtirok etish niyatida emasligini aytdi.

“Chexiya «Chexiya oʻq-dorilari tashabbusi” kabi Ukrainani qoʻllab-quvvatlashning boshqa loyihalari va yoʻllariga eʼtibor qaratmoqda. Shuning uchun, hozirgi bosqichda biz ushbu dasturda ishtirok etmoqchi emasmiz», degan u nashri uchun bergan sharhida.

Asosiy tashabbuskor

Nashr maʼlumotlariga koʻra, Germaniya Ukrainaga Amerika qurol-yarogʻi yetkazib berish uchun pul toʻlash gʻoyasining asosiy tashabbuskorlaridan biridir. Germaniya kansleri Fridrix Mers yaqinda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bir necha bor gaplashgan va uni Germaniya qurollarni yetkazib berishda yetakchilik qilishiga ishontirgan.

Kanslerning fikricha, Amerika qurollarini sotib olish Yevropaning cheklangan ishlab chiqarish imkoniyatlarini hisobga olganda, Ukrainani zarur vositalar bilan tezda taʼminlashning asosli yoʻllaridan biri.

Avvalroq “Axios” nashri Tramp Ukrainaga hujumkor qurollarni oʻz ichiga olgan yangi qurol-yarogʻ “joʻnatma”sini yuborish toʻgʻrisidagi rejasini maʼlum qilishi haqida yozgandi. Unda ushbu qurollar Rossiya hududining ichkarisidagi nishonlarga, jumladan, Moskvaga zarba bera oladigan uzoq masofali raketalarni oʻz ichiga olgan boʻlishi mumkinligi aytilgan.

Shundan soʻng, Yevropa Ittifoqi Kiyevga yordamni moliyalashtirishga Vashingtonning ham qoʻshilishi kerakligini taʼkidladi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili Kaya Kallas aytib oʻtgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?