Yevropadagi Rossiya aktivlari musodara qilinishi mumkin

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Yevropa davlatlarini Rossiyaga tegishli aktivlarni faqat muzlatib qoʻyish bilan cheklanmay, ularni toʻliq musodara qilishga chaqirdi. Bu haqda “Deutsche Welle” nashri xabar berdi.
25-fevral kuni Britaniya parlamentida chiqish qilgan Lemmi Yevropaning ushbu masalada tez harakat qilishi lozimligini taʼkidladi. Uning fikricha, Rossiya aktivlarini faqat muzlatish emas, balki toʻliq musodara qilish orqali Moskvaga nisbatan iqtisodiy bosimni kuchaytirish mumkin.
Lemmi bu masalada hech bir davlat yakka holda harakat qila olmasligini qayd etdi va Yevropa davlatlarini hamjihatlikda qaror qabul qilishga chaqirdi. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya aktivlarining taqdiri allaqachon “Katta yettilik” (G7) va xalqaro hamkorlar bilan muhokama qilingan. Britaniya Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytirish tarafdori boʻlib, Yevropa davlatlari ushbu masalada yakdil pozitsiyada boʻlishi zarurligini bildirgan.
“Politico” nashrining xabar berishicha, Bryusselda Rossiyaga tegishli muzlatilgan aktivlarni toʻliq musodara qilish imkoniyati koʻrib chiqilmoqda. Bunga AQSH va Rossiya oʻrtasida Ukraina va Yevropa Ittifoqi ishtirokisiz tinchlik muzokaralari oʻtkazilishi haqidagi xabarlar sabab boʻlgan. Yevropa rasmiylari Rossiya aktivlarini “maxfiy qurol” sifatida baholab, ulardan muzokaralarda qoʻllanishi mumkinligini taʼkidlamoqda.
Rossiya aktivlarini musodara qilish taklifini Latviya, Litva, Estoniya, Polsha, Chexiya va Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat boʻyicha rahbari Kaya Kallas qoʻllab-quvvatlayapti. Shunga qaramasdan, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen bu taklifga qarshi chiqadi. Taʼkidlash kerakki, bu qadam xalqaro huquq normalariga zid boʻlishi va Yevropa iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Maʼlumotlarga koʻra, hozirda jahon boʻylab Rossiyaga tegishli 260 milliard yevro miqdoridagi aktivlar muzlatilgan. Ushbu mablagʻning 210 milliard yevrodan ortigʻi Yevropa Ittifoqi hududida, AQSHda esa atigi 5 milliard dollar ekanligi aniqlangan.
2024-yil oxirida Belgiyadagi “Euroclear” depozitariyi hisobida Rossiyaga tegishli 183 milliard yevro muzlatilgani qayd etilgan. 2024-yil yanvar oyida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Rossiya markaziy banki aktivlaridan tushgan daromadlarni Ukraina iqtisodiyotini qayta tiklash maqsadida ishlatishga rozilik bildirgan. Bu mablagʻlarning bir qismi allaqachon Ukrainaga oʻtkazilgan va kelgusida ham ushbu mablagʻlardan foydalanish rejalashtirilmoqda.
Yevropa davlatlari va AQSH Rossiya aktivlarini qanday taqsimlash va ulardan qanday foydalanish borasida aniq qaror qabul qilish arafasida. Yevropa Ittifoqi bu masalada yakdil pozitsiyaga ega emas, ammo Rossiyaga bosimni kuchaytirish imkoniyatini saqlab qolish uchun muzlatilgan aktivlarni qanday boshqarish boʻyicha faol muhokamalar olib bormoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring