Yevropa Ittifoqi: mintaqamiz ravnaqi yoʻlidagi muhim sherik

12:19 20 Avgust 2024 Siyosat
158 0

Bu yil Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 30 yil toʻldi. Aloqalarimiz yildan yilga jadal tus olib, turli sohalarda rivojlanib bormoqda. Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar va bunyodkorlik jarayonlarini samarali qoʻllab-quvvatlamoqda. Yaqin orada hamkorlik uchun yana bir maydon yaratish rejalashtirilgan. Samarqand shahrida “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” birinchi rasmiy sammiti boʻlib oʻtadi. Ushbu nufuzli tadbir doʻstona aloqalarimizning yangi sahifasini ochishi, shubhasiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenga uning ushbu lavozimga qayta saylangani munosabati bilan yoʻllagan tabrigida ham soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan keng qamrovli munosabatlari sifat va mazmun jihatdan mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilgani, mamlakatimizdagi ortga qaytmas tus olgan demokratik va iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda Yevropa komissiyasi rahbarining ulkan hissasi borligi eʼtirof etilgan.

Darhaqiqat, 27 mamlakatni oʻzida birlashtirgan iqtisodiy va siyosiy hamjamiyat Oʻzbekiston hamda butun Markaziy Osiyodagi iqtisodiy va ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etayotgan tomonlardan biri. Umumiy bozor, odamlar, tovarlar, kapital va xizmatlarning erkin harakatlanishini kafolatlaydigan, 500 millionli nufusga ega Yevropa Ittifoqi mintaqamizdagi bu kabi intilishlarni ham doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlab keladi. Zero, aloqalarning samaradorligi koʻp jihatdan aynan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan konstruktiv siyosiy muloqot va koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish Yevropa hamjamiyatining hamda mintaqa davlatlarining manfaatlariga mos kelishi bilan bogʻliq.

Butun dunyodagi singari Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari koronavirus pandemiyasi bilan kurashdan soʻng yangi inqirozlarga duch keldi. Mazkur inqirozlar dunyoda taʼminot zanjirlari uzilishiga, oziq-ovqat xavfsizligi va savdo-sotiq aloqalariga putur yetkazdi. Bu tanglik sharoitida davlatlar oʻz mahsulotlari uchun yangi bozorlar va transport yoʻlaklarini izlayapti. Shu maʼnoda, Oʻzbekistonning YI bilan manfaatli sherikligi alohida oʻrin tutadi. 2022-yilning noyabr oyida Oʻzbekistonda Mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha yuqori darajadagi konferensiya oʻtkazilishi, unda raqamlashtirish, transport kommunikatsiyalari, energetika va suv resurslarini boshqarish sohalaridagi loyihalarni, xususan, yevropalik sheriklarning “Global darvoza” strategiyasi doirasida ilgari surishga alohida eʼtibor qaratilgani ana shunday intilishlarning natijasi, desak, yanglishmagan boʻlamiz.

Qolaversa, Markaziy Osiyoda barqaror energetika tizimini yaratish hamda professional taʼlim sohasida bir qator muhim mintaqaviy loyihalar boshlandi. Toshkentda fuqarolik jamiyati forumi, Olmaotada ikkinchi Iqtisodiy forum oʻtkazilishi, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB)ning Samarqandda boʻlib oʻtgan yillik yigʻilishi hamda boshqa tadbirlar mintaqa davlatlarining yevropalik sheriklari bilan muloqotlari sifat jihatdan ijobiy tomonga oʻzgarib borayotganini yana bir bor koʻrsatdi. Boz ustiga, ana shunday saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq, bugun Markaziy Osiyo Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari uchun jozibador markazga hamda yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoniga aylandi. Zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratish, “yashil” energetikani joriy etish, “aqlli” qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, takomillashgan transport-logistika infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan keng investitsiyaviy va texnologik sheriklik fikrimizning yaqqol isbotidir.

Keyingi yillarda Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan barcha darajadagi muloqotlari sezilarli darajada faollashdi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya, Germaniya, Italiya, Vengriya va Chexiya yetakchilari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Mamlakatimizning Budapesht va Stokgolmda elchixonalari ochildi. Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi barqaror oʻsib bormoqda. Bunda 2021-yildan Oʻzbekiston uchun Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv boʻyicha maxsus preferensiyalar tizimi (“GSP+”) kuchga kirishi katta ahamiyat kasb etdi. “GSP+” tizimining benefitsiar aʼzosi sifatida Oʻzbekistonning matolar, kiyim-kechak va plastik mahsulotlari kabi qator muhim eksport tovarlariga tariflar bekor qilinishi eksportimizning oʻsishi va mamlakatimizga qoʻshimcha sarmoyalar jalb etilishiga imkon beradi. Barqaror taraqqiyot sohasida “GSP+” oldidagi majburiyat Oʻzbekistonning ishonchli va uzoqni koʻra oladigan iqtisodiy sherik sifatidagi pozitsiyasini yanada mustahkamlaydi.

Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari bilan yuqori texnologik ishlab chiqarish hamda yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha istiqbolli loyihalar portfeli 20 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda. Strategik hamkorlarimiz orasida Germaniya, Fransiya, Italiya, Vengriya kabi YI mamlakatlarining “Siemens”, “Linde Group”, “CLAAS”, “Airbus”, “BASF”, “EDF”, “Alstom”, “Total”, “Orano”, “OTP Group” va jahonga mashhur koʻplab boshqa korporatsiyalari bor.

Qoʻshma loyihalarning amalga oshirilishi, shubhasiz, Yevroosiyo qitʼasining industrial xaritasini tubdan oʻzgartirib yuborishga imkon beradi. Negaki, bunday hamkorlikdan har ikki tomon ham katta foyda topadi. Buning uchun salohiyat yetarli. Masalan, murakkab geosiyosiy vaziyat va global iqtisodiyotdagi salbiy jarayonlarga qaramasdan Markaziy Osiyo mamlakatlari barqaror oʻsishni namoyish etmoqda. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tahlilchilarining soʻnggi oʻrganishlariga koʻra, mintaqadagi umumiy iqtisodiy oʻsish joriy yilda 5,3-5,5 foizni tashkil qiladi. Yevropalik ekspertlar esa Oʻzbekistonda oʻrtacha 6,5 foizlik yillik oʻsishni prognoz qilmoqda. Ayni paytda mamlakatimiz oʻz oldiga “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasiga asosan yalpi ichki mahsulot hajmi va aholining real daromadlarini ikki barobar oshirib, daromadlari oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kirishni rejalashtirgan. Jadal sanoatlashtirish siyosati, jumladan, qayta ishlash tarmoqlariga xorijiy sarmoyalarni, xususan, YI davlatlari investitsiyalarini keng jalb etish ushbu maqsadga erishishning asosiy omili boʻladi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, juda murakkab geosiyosiy sharoitda Markaziy Osiyo YIning eng muhim hamkoriga aylandi. Bundan bir necha yil oldin Markaziy Osiyo Yevropa hamjamiyati uchun chekka hudud boʻlib tuyulgandi, endilikda esa mintaqamiz transport-tranzit yoʻllarining markaziga aylandi. Shuning uchun ham hamkorlik har ikki tomon uchun muhim. Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni qabul qilish jarayoni tez fursatda yakunlanishi ham savdo-iqtisodiy aloqalarning yanada rivoj topishiga yoʻl ochadi. Xavfsizlik va kommunikatsiyalar, energiya va resurslarni diversifikatsiyalash nuqtayi nazaridan sheriklikni yanada mustahkamlash zarurligi ayon boʻlib boryapti.

Shu maʼnoda, barqaror iqtisodiy oʻsishning muhim omili sifatida oʻzaro bogʻlangan transport yoʻlaklarini shakllantirish ustuvor masala. Ayniqsa, Markaziy Osiyo va Yevropaning transport-kommunikatsiyaviy bogʻliqligini, avvalo, “Oʻrta marshrut” deb nom olgan Transkaspiy tranzit yoʻlagini shakllantirish orqali rivojlantirish maqsadida mamlakatlarimizning saʼy-harakatlarini birlashtirish muhim. Bu yoʻl mintaqaning qiyofasini oʻzgartirish, Xitoydan tortib Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa kabi boshqa mintaqalar chegaralariga ulanish, tovar yetkazish imkonini beradi. Mazkur yoʻlak Yevropaga ham, Markaziy Osiyoga ham barqarorlikni mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish uchun yechim hisoblanadi. Yevropa va xalqaro moliya institutlari Yevropa Ittifoqi hamda Markaziy Osiyo oʻrtasidagi barqaror transport aloqalari uchun 10 milliard yevro ajratadi. Investitsiyalar Transkaspiy transport yoʻlagini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi, shunda u orqali yuk 15 kun ichida oʻtishiga erishiladi.

Taʼkidlash joizki, ushbu loyiha oʻtgan yili Samarqandda boʻlib oʻtgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruvchilari uchrashuvida ham puxta tahlil qilindi. Afsuski, ushbu magistral raqobatbardoshligini oshirish masalasida oʻzaro muvofiqlashgan yondashuv hanuzgacha mavjud emas. Davlatimiz rahbari koʻp bora taʼkidlaganidek, bugun yuk tashishning asosiy hajmini hosil qilayotgan biznes uchun manfaatli boʻlgan tariflar kerak. Biroq tahlillar koʻrsatayotganidek, ushbu yoʻnalishdagi joriy tarif va yigʻimlar, masalan, muqobil boʻlgan Shimol — Janub yoʻnalishlaridagidan 1,5 barobar baland. Shuning uchun Transkaspiy yoʻlagi salohiyatidan foydalanishning doimiy, taʼsirchan mexanizmini yaratish maqsadga muvofiq.

Yevropa Ittifoqi investitsiyaviy va texnologik jihatdan yuqori imkoniyatga ega. Oʻzbekistonda esa ulkan insoniy resurslar va malakali ishchi kuchi mavjud. YI texnologiyalari va investitsiyalari katta miqdorda kirib kelsa, bundan har ikki tomon ham yutadi. Shu nuqtayi nazardan, “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” iqtisodiy forumi doirasida har yili sanoat-texnologiya koʻrgazmalarining oʻtkazilishi bunga imkon beradi. Bugungi voqelikdan kelib chiqib, Oʻzbekiston Yevropa investitsiya banki bilan birgalikda Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishlab chiqarish quvvatlarini mamlakatlarimizga koʻchirish jarayonida ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning maxsus vositalarini ishga tushirishdan manfaatdor. Davlatimiz rahbari shu maqsadda Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini Oʻzbekistonda ochishni taklif qilgan.

Xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Yashil shaharlar” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektr avtobuslar xarid qilish hamda ular bilan bevosita bogʻliq infratuzilmani yaratish” loyihasi boʻyicha 100 ta elektrobus va 50 ta quvvatlantiruvchi moslama xaridi uchun shartnoma imzolangan va 2023-yil may oyida dastlabki 6 ta elektrobus Samarqand shahriga keltirildi.

Oʻzbekiston raqamli oʻzaro bogʻliqlik sohasida Yevroittifoq bilan yaqindan hamkorlikni oshirish niyatida. Jahon banki mutaxassislarining tadqiqotlariga koʻra, yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkoniyatlarining yanada kengaytirilishi mintaqa mamlakatlari yalpi mahsuloti va eksporti hajmining mutanosib ravishda oshishiga olib keladi. Yevropa Ittifoqining bu boradagi tashabbuslari Markaziy Osiyo uchun raqamli kun tartibini birgalikda ishlab chiqish yoʻlidagi dadil qadam boʻladi.

Iqlim sohasidagi xatarlarga qarshi kurashish ham hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan. Dunyo qurgʻoqchilik, suv toshqinlari va boshqa tabiiy ofatlar qarshisida qolayotgan bir paytda Yevropaning ilgʻor bilim va texnologiyalarini qoʻllagan holda maqsadli mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish hisobidan ekotizimlar barqarorligini taʼminlash kun tartibidagi muhim mavzulardan biri boʻlib qolmoqda. Qolaversa, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, anʼanaviy energiya manbalari bilan bir qatorda, qayta tiklanuvchi energiya inshootlarini qurish ekologiyani asrash ishiga xizmat qiladi. Yevropa Ittifoqida bu borada tajriba va salohiyat yetarli. Bugun Oʻzbekistonda ham “yashil” energetika faol rivojlanib bormoqda va bunda YI davlatlarining ulushi mavjud. 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish quvvatlarini 25 ming megavattgacha oshirish va uning ulushini hozirgi 14 foizdan 40 foizgacha yetkazish rejalashtirilgan. Bunda YI sarmoyalari va texnologiyalari suv bilan havodek zarur. Shu maqsadda Oʻzbekiston YIni Markaziy Osiyo atrof-muhitni va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetini tashkil etish loyihasida faol ishtirok etishga chaqirgan.

Gumanitar sohadagi hamkorlik ham rivojlantirilishi kerak boʻlgan yoʻnalish. Oʻzbekiston bu borada Parijdagi Luvr va Berlindagi Yangi muzey bilan hamkorlikda ikkita noyob loyihani amalga oshirdi. Butun dunyoga mashhur ushbu sanʼat markazlarida ilk bor mintaqamizning boy madaniy-tarixiy merosi keng namoyish etildi. Yoshlar taʼlimiga investitsiya kiritish ham dolzarb vazifa. Oʻzbekistonda Yevropaning yettita universiteti filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Lekin bu yetarli emas. Oʻzbekistonimiz yaqin istiqbolda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan sheriklikni yoʻlga qoʻyish va qoʻshma taʼlim dasturlarini, birinchi navbatda, muhandislik mutaxassisliklari boʻyicha joriy qilish ustida ish olib boryapti. Yevropalik sheriklar taʼlim sohasi vazirlari va universitetlar rektorlarining shu formatdagi uchrashuvlari muntazam oʻtkazilayotgani bunga keng yoʻl ochadi.

Xavfsizlik sohasida yangi xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash oʻzaro munosabatlarning eng muhim yoʻnalishlaridan. Bugun oʻrtada chegaralarni himoya qilish, narkotrafik va terrorizmga qarshi kurash boʻyicha qoʻshma dasturlar samarali amalga oshirilmoqda. Soʻnggi yillarda ikki yuzdan ortiq mintaqaviy tadbirlar oʻtkazildi. Yevropalik sheriklar koʻmagida minglab yuqori malakali mutaxassislar tayyorlandi, chegara punktlari modernizatsiya qilindi. Ekstremizm va radikalizm, odam savdosi, uyushgan va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish hamda chegaralarni qoʻriqlash sohasida yangi sheriklik dasturlarining ishlab chiqilayotgani eʼtiborga molik. Bu haqda soʻz ketganda, eʼtibor markazimizda, avvalo, Afgʻoniston muammosi turadi. Afsuski, Afgʻonistondagi gumanitar vaziyat barqaror emas. Birlashgan Millatlar Tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, hozirgi vaqtda millionlab afgʻonlar halokat yoqasida turibdi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston YIni hamisha afgʻon masalasida samarali hamkorlikka chorlab keladi. Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solish va uning tinch taraqqiyotiga koʻmaklashish borasidagi dolzarb masalalar yechimi yuzasidan umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakillarning muntazam maslahatlashuvlarini oʻtkazishga alohida ahamiyat qaratib kelmoqda.

Shubhasiz, joriy yil Samarqandda oʻtkazilishi kutilayotgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” formatidagi birinchi rasmiy sammit tomonlar oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surishga, doʻstlik hamda sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga yangicha surʼat bagʻishlaydi, mintaqada tinchlik va barqarorlikni, izchil taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiladi.

Erkinjon TURDIMOV,

Samarqand viloyati hokimi,

Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar,

tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar

va turizm masalalari qoʻmitasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер