Eʼtibordan chetda qolgan uy-muzeylar

15:39 03 Aprel 2025 Jamiyat
92 0

Koʻcha toʻldirib oʻynayotgan bolalarga hayvonot bogʻi yoki biror muzeyga borish imkoni berilsa, necha nafari ikkinchisini tanlaydi? Topgan mablagʻlarimizdan ozginasini ehson uchun ajratayotganimizda aqalli bir marta hududimizdagi biror muzeyning taʼmiriga koʻmak berish xayolimizga kelganmi?

Namangan tumanining Shoʻrqoʻrgʻon qishlogʻida bolalar shoirasi Toʻxtaxon aya Rahimova oʻn yillar oldin “Istiqlol” muzeyini tashkil qilgandi. Bir paytlar bu muzey kattalarni ham, bolalarni ham xursand qilgan. Mingdan ziyod eksponatlarni koʻrish uchun maktab, kollej va oliy oʻquv yurtlari oʻquvchi-talabalari kelgan. Nufuzli maʼnaviy-maʼrifiy, adabiy tadbirlar oʻtkazilishi natijasida nomi ham tilga tushib ulgurgan. Pedagog adiba xonadonidagi muzey eksponatlari koʻpayib ketgach, alohida joy soʻrab mahalliy hokimiyatga murojaat qiladi. Orada bir muddat tashlandiq binodan joy ajratiladi. Koʻp oʻtmay ikki qavatli bu bino qishloq oilaviy poliklinikasiga berilgach, onaxon muzeydagi eksponat va boshqa jihozlarni yana xonadoniga olib keladi. Sakson uch yoshli onaxon muzeyga ajratilgan binoni taʼmirlatish uchun 30-40 million soʻm mablagʻiga kuyib qolganidan emas, eksponatlarini kengroq targʻib qilishning imkoniyati boʻlmayotganidan xavotirda.

Chortoq tumanidagi Koroskon qishlogʻida filologiya fanlari nomzodi Mahmudjon Maʼmurov, Peshqoʻrgʻonda folklorshunos Otash Xolmirzayev, Yangiqoʻrgʻonlik shoir va murabbiy Robiddin Isʼhoqov uy-muzeylarida ham katta miqdordagi qimmatli eksponatlar bor. Yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun muhim boʻlgan bu muzeylarga shuncha yildan beri nega mahalliy hokimiyat yoki tegishli idoralar eʼtibor qaratmagan? Haligacha rasman roʻyxatga olingani ham yoʻq. Mutasaddilar mazkur muzeylar shu paytgacha tashkilotchilarning farzandlari, nevaralari, shogirdlari tarafidan imkon darajasida moliyalashtirilib kelayotganidan ham bexabar.

Aslida bu uy-muzeylar farzandlarimizning maʼnan boyishi va yuksak maqsadlar bilan yashashi uchun kerak. Gohida bir koʻchada oʻnlab dorixonalar, savdo markazlari qurilayotganining guvohi boʻlamiz. Buning yomon tomoni yoʻq, albatta, ammo birorta gazeta doʻkonini uchratmaysiz. Nima, bizga kiyim-bosh, dori-darmonlar qatorida maʼrifat kerak emasmi? Hech boʻlmasa, uy-muzeylariga mutasaddi tashkilotlar eʼtibor berishi kerak. Bular nafaqat mahalliy byudjet, balki tadbirkorlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanganida, hozir xodimlar ham qoʻnim topib ishlayotgan boʻlardi. Mamlakatimizda ichki turizm rivojlanib borayotgan bir paytda bunday ziyo maskanlariga alohida eʼtibor zarur. Ammo bu muzeylar haligacha kimningdir “xobbi”sidek oʻz holiga tashlab qoʻyilgan.

Davlatimiz rahbarining 2023-yil 22-dekabrdagi Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashining kengaytirilgan yigʻilishida Abdulla Qodiriy uy-muzeyini tashkil etish haqidagi fikrlarini eshitib, maʼnaviyat fidoyilari qatorida sevingandik. Tabarruk yoshda noyob eksponatlarni toʻplab, muzey tashkil etgan Toʻxtaxon aya singari millatimiz fidoyilari koʻp. Yoshlar boʻsh vaqtida internet klublari yoki faqat qoʻl telefoniga yopishib qolmasdan uy-muzeylariga kelsa, noyob eksponatlar tarixi bilan tanishsa, ilm-fanga, tarixga, adabiyotga mehri ortadi. Qachondir kimgadir yurtimiz tarixi, adabiyot va sanʼatning nodir javohirlarini taqdim etgan uy-muzeylari koʻz oʻngimizda qarovsizlikdan nurab bormoqda. Albatta, bunga millatimiz ziyolilari va saxovatpesha tadbirkorlar eʼtibor qaratishiga ishonamiz.

Jahongir TOʻXTASINOV,

jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер