Endi uy-joy omonat emas, qonuniy

11:42 12 Avgust 2025 Jamiyat
259 0

Koʻplab oilalar uchun yillar davomida hujjatsiz uyda yashash orqali kechgan hayot bir qarashda odatiydek tuyulsa-da, buning ortida hadik va xavotir bor edi. “Tagi yoʻq” uylarda umr kechirgan odamlar uchun har kuni bir tashvish qalbni bezovta qilardi: “Ertami-indin davlat kelib uyimni buzib ketmasa boʻldi...” Mana shunday vaziyatda 2024-yil 5-avgust kuni qabul qilingan “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi Qonun yurtdoshlarimiz hayotiga umid va xotirjamlik olib kirdi.

Qonun 2024-yil 8-noyabrdan kuchga kirdi va shundan soʻng viloyatlarda keng koʻlamli ishlar boshlandi. Buning mohiyati shundaki, endilikda oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer va ulardagi uylarga ham rasmiy mulk huquqi berila boshlandi. Xalq deputatlari viloyat kengashlari qarorlari qabul qilinyapti, kadastr xodimlari esa xonadonma-xonadon yurib, har bir uyni xatlovdan oʻtkazmoqda, zarur oʻlchovlarni olib, axborot tizimiga kiritayotir. Bu jarayon aholidan ortiqcha sarsongarchilik va qogʻozbozlik talab qilmaydi.

Andijon viloyatida ham jarayon shiddat bilan ketmoqda. 2025-yil 11-avgust holatiga koʻra 47 ming 107 ta uy-joy xatlovdan oʻtkazildi. Shulardan 18 ming 104 tasi “Eʼtirof AAT” tizimiga kiritildi va 2 ming 943 ta obyekt boʻyicha mulk huquqi rasmiy ravishda eʼtirof etildi. Shu bilan birga, tahlillar viloyatda yana 224 ming 920 ta uy hali hujjatsiz ekanini koʻrsatmoqda. Rejaga koʻra faqat 2024–2025-yillar mobaynida 351 ta mahalladagi 141 ming 809 ta uy roʻyxatga olinadi. Eng muhimi, qonun talablariga binoan 2028-yilga qadar hujjatsiz uy qolmasligi belgilangan.

Mahalladagi oʻzgarishlarning ahamiyatini odamlar oʻz hayotlarida his qilmoqdalar.

— Biz bu xonadonda 1979-yildan beri yashaymiz,—deydi Buloqboshi tumani Guliston mahallasida istiqomat qiluvchi Xolisxon aya Hayitova. —Uyimiz hujjatsiz ekani doim bir xavotir uygʻotardi. Prezidentimiz chiqargan qonun tufayli kadastr xodimlari kelib, uyimizda oʻlchov ishlarini qildi, hisob-kitoblarini tayyorladi. Bizga hech qanday qiyinchilik qolmadi. Endi uyimiz qonuniy oʻzimizniki boʻldi. Bu biz uchun katta baxt!

Bunday imkoniyat, nafaqat, shaxsiy mulkdorlik tuygʻusini mustahkamlaydi, balki jamiyatdagi barqarorlikka ham xizmat qiladi. Chunki uyining ertangi kunidan ishonchi komil odam mehnatga ham, hayotga ham boshqacha qarash bilan yondoshadi. Avval “omonat uy” degan xayol qalbni qiynagan boʻlsa, endi uning oʻrnida yangicha iftixor va xotirjamlik turibdi.

Jarayonning yana bir muhim jihati uning ochiq va shaffof tarzda olib borilayotganidir. Integratsiyalashgan tizim orqali har bir xonadon egasi yagona hujjatni qoʻlga kiritish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Bu hujjat esa oila tayanchi, farzand merosi va kelajak poydevori hisoblanadi.

Bu qonunning hayotdagi ahamiyati nihoyatda katta ekanini odamlar nigohidagi, yuz koʻzidagi quvonchdan ham payqab olish qiyin emas. Uyingiz qonun bilan himoyalangani, hech kim uni daxl qila olmasligi inson uchun eng katta xotirjamlik, aslida. Mana shu tuygʻuni odamlar oʻz hayotida aniq his etish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Dilnozaxon ISMOILOVA,

Davlat kadastlari palatasi

Andijon viloyati boshqarmasi xodimi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер