Erkalatsa otasi, boshga chiqar bolasi

18:05 17 Aprel 2025 Jamiyat
162 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Farzandini suymagan inson yoʻq. Biroq uni haddan ziyod erkalatishning foydasidan zarari koʻproq. Buni yaqinla Namanganda 16 yoshli qizning avtomashina ruliga oʻtirishi oqibatida roʻy bergan fojia yana bir bor tasdiqladi.

Gap shundaki, Uchqoʻrgʻon tumanida yashovchi fuqaro “Spark” rusumli transport vositasini hali voyaga yetmagan, haydovchilik tajribasi yoʻq qiziga ishonib topshiradi. Rulga qizi yonidagi old oʻrindiqqa esa oʻzi oʻtiradi. Bu paytda orqa oʻrindiqda qizning onasi va 10 yoshli singlisi ham boʻlgan. Avtomobilni ichki yoʻlda boshqarib ketayotib, xavfli burilish qismida oʻng tomonga burilayotgan vaqtida tajribasizligi tufayli boshqaruvni yoʻqotadi va shu yerdan oqib oʻtuvchi Andijon kanaliga tushib ketadi. Buyogʻi esa...

Hodisa oqibatida orqa oʻrindiqdagi kichik qizaloq va ona «nafas yoʻliga suv tiqilish» tashxisi bilan vafot etishadi. Voyaga yetmagan haydovchi va unga rulni bergan ota esa tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Ayni voqeadan bir necha kun oʻtib yana Uchqoʻrgʻon tumanida sodir boʻlgan ayanchli avtohalokat ham koʻpchilikni larzaga soldi. Tumandagi 23-umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi otasiga tegishli boʻlgan “Cobalt” rusumli avtomashinani oʻzboshimchalik bilan uydan olib chiqib, boshqarib ketayotgan vaqtida harakat xavfsizligini taʼminlay olmay qoladi va yoʻlni kesib oʻtayotgan ayni shu maktabning 4-sinf oʻquvchisini urib yuboradi. Hodisa oqibatida bolajon shifoxonada vafot etadi.

Endi oʻz qilmishi sababli tergov idoralarida otasini ham sarson qilayotgan, bir oilaning katta musibatiga sababchi boʻlgan yigit qattiq pushaymonda. Biroq bu pushaymon hali dunyoga toʻymagan goʻdakning hayotidan ustun boʻlarmidi.

Aytish lozimki, voyaga yetmagan bolalarning avtomobil ruliga oʻtirishi bilan bogʻliq noxush hodisalar borgan sari koʻproq kuzatilmoqda. Bunga asosan farzandining istagiga quloq tutgan ota-onalar sabab boʻlayotgani haqiqat. Qoʻyib bersangiz bolaning koʻngli nimalarni xohlamaydi, deysiz. Shunday ekan, ularni avtomobil sayridan koʻra ilm-fanni egallash yoki boshqa nafli mashgʻulotga qiziqtirgan maʼqul emasmi?!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер