Yer va yer osti boyliklarining muhofazasi kuchaytirilmoqda

17:11 28 Avgust 2024 Siyosat
159 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yerni va yer osti boyliklarini asrab qolishga hamda muhofaza qilishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun qo‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda yerni va yer osti boyliklarini asrash hamda muhofaza qilish, shuningdek, yer uchastkalaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Respublikamizda 2676 ta foydali qazilma koni mavjud bo‘lib, ulardan ruxsatnoma asosida tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan 2 mingdan ziyod foydali qazilma qazib olinmoqda.

Ayniqsa, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish rivojlanyapti. Prezidentimizning 2018 yil noyabrdagi tegishli qarori bilan tadbirkorlikning bir turi sifatida mazkur faoliyatning ham huquqiy asoslari yaratildi. 2019–2023 yillar mobaynida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati uchun 300 dan ziyod ruxsatnoma rasmiylashtirilib, tadbirkorlik faoliyatining qonuniyligi ta’minlangan.

Ammo ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish bilan bog‘liq holatlar hamon kuzatilyapti. O‘tgan bir yilda qimmatbaho metallarni noqonuniy yo‘l bilan qazib olish bilan bog‘liq 100 dan ziyod holat aniqlangan.

Jizzax, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlarida jami 79 nafar jismoniy shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Sohada huquqbuzarlik holatlari ortib borishi mazkur qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Shuning uchun ham Jinoyat kodeksida foydali qazilmalarni qonunga xilof ravishda qazib olish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takror sodir etganlik uchun, shuningdek foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadigan normalar mustahkamlanmoqda.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek yer berish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish yuzasidan ichki ishlar organlariga zarur vakolatlar berilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun yerni va yer osti boyliklarini asrab qolish hamda muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini, shuningdek, mazkur sohadagi huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер