Energoinspeksiya har yili yirik elektr va gaz isteʼmolchilari roʻyxatini eʼlon qilib boradi

17:36 10 Iyun 2024 Siyosat
559 0

Prezident raisligida boshlangan videoselektor yigʻilishida energiya samaradorligi, koʻp qavatli uylarni boshqarish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari koʻrib chiqilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Joriy yilda 580 ta maktab, 169 ta bogʻchaning energiya samaradorligini oshirish rejalashtirilgan.

Yangi ijtimoiy obyektlarni loyihalashtirishda energiya tejamkorlik boʻyicha qatʼiy talab kiritish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, issiq oylarda maʼmuriy va tijorat obyektlarini sovutishga qish bilan bir xil energiya sarflanayotgani koʻrsatib oʻtildi. Shu munosabat bilan maʼmuriy binolar, koʻp qavatli uylar, korxona, savdo va servis binolarida energiya samaradorligi boʻyicha texnik shartlarni ishlab chiqish topshirildi.

Mutasaddilarga 1 mingta ijtimoiy obyektni kuz-qish mavsumiga tayyorlash topshirildi. Jumladan, 251 ta shifoxona, 292 ta bogʻcha, 393 ta maktab va internat taʼmirlanadi.

Shuningdek, Prezident tarmoq rahbarlari va hokimlarning bu yil elektr va gazni tejash rejasi qoniqarsiz ekanini, ular yanada katta marra olishi shartligini taʼkidladi.

Har bir hokimga 1 tadan tumanni tanlab, elektr va gaz tejash boʻyicha namuna qilish topshirildi. Ushbu tumanlarda bu yil 750 million kilovatt elektr va 550 million kub metr gaz iqtisod qilinishiga erishish muhimligi taʼkidlandi.

«Tejash – yoʻqotishlarni kamaytirish, tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hisobiga boʻlishi shart», — dedi davlatimiz rahbari.

Yigʻilishda bundan buyon ilgʻor tajriba asosida soha va tarmoqlarda energiya samaradorlikni baholash boʻyicha yangicha tizim amal qilishi belgilandi. Bunda:

— yiliga kamida 4 million kilovatt elektr yoki 375 ming kub metr gaz sarflaydigan yirik isteʼmolchilar har uch yilda energiya auditidan oʻtadi;

— Energoinspeksiya har yili yirik isteʼmolchilar roʻyxatini eʼlon qilib boradi;

— auditdan oʻtmagan korxonalarga gaz va elektr oshirilgan tarifda yetkaziladi.

Mutasaddilarga yil yakunigacha yangi tizim bilan bogʻliq texnik reglament va normativ hujjatlarni ishlab chiqish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?