Endokrin kasalliklarni tashxislash va davolash standartlari yangidan qabul qilindi

18:20 21 Iyul 2022 Jamiyat
1062 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan “Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun shiori ostida «2022 — 2024-yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami koʻrsatishni rivojlantirish Dasturi”ning ijrosiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida yuqori texnologiyalarga asoslangan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishning prinsipial jihatdan yangi tizimi tashkil etildi. Yurtimizda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, jumladan xirurgiya, kardiologiya, koʻz mikroxirurgiyasi, urologiya, akusherlik va ginekologiya, pediatriya, endokrinologiya, terapiya va tibbiy reabilitatsiya, dermatologiya va venerologiya, ftiziatriya va pulmonologiya sohasida zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan va malakali mutaxassislar bilan taʼminlangan ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyat koʻrsatmoqda.

Soʻnggi besh yilda Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida 300 mingdan ortiq operatsiyalar, shu jumladan 100 mingdan ortiq yuqori texnologik operativ muolajalar qilinib, davolashning murakkab va noyob usullari amaliyotga joriy etildi.

Shuningdek, 2019 — 2021-yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha milliy dastur doirasida diagnostika va davolashning yangi standartlari tasdiqlandi. 75 ming nafarga yaqin bemorlar 40 milliard soʻmdan ziyod Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga 100 foiz insulin bilan bepul taʼminlandi, 200 milliard soʻmga yaqin mablagʻ evaziga 14 ta hududiy endokrinologiya muassasalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi.

Davra suhbatida qayd etilganidek, aholiga koʻrsatilayotgan endokrinologik yordamning samarali hamda zamonaviy tizimini shakllantirish, kasalliklar va ularning asoratlari profilaktikasini takomillashtirish, aholiga yuqori malakali endokrinologiya yordamini koʻrsatish maqsadida Prezidentimizning “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan 2022 — 2024-yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami koʻrsatishni rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

Tadbirda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbarining ushbu dastur ijrosi yuzasidan axboroti ham eshitildi.

Axborotda keltirilganidek, sogʻliqni saqlashning barcha bosqichlarida endokrin kasalliklarini tashxislash va davolash standartlari yangidan qabul qilindi. Hududlarda endokrinologiya boʻyicha ixtisoslashtirilgan xirurgiya boʻlimlari, reanimatsiya, diabetik toʻpiq, nefropatiya, laboratoriya boʻlimlari tashkil etildi.

Shu bilan birga, sohani isloh qilish boʻyicha davlat dasturlari doirasida aholiga endokrinologiya yordamini koʻrsatishning yaxlit, vertikal integratsiyalashgan tizimi yaratildi.

Tadbirda deputatlar endokrin kasalliklarni barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va davolash boʻyicha bir qator taklif va tavsiyalar berishdi.

Davra suhbatining ikkinchi qismida malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy koʻrik va koʻrgazmali seminar tashkil etildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?