Endi vobkentlik yoshlarning oʻz sayilgohi bor
Foto: “Xalq soʻzi”
Vobkent tumanida 76 ming nafardan ziyod yigit-qiz istiqomat qiladi. Ular boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishi, miriqib hordiq chiqarishi uchun bir muhtasham sayilgohga ehtiyoj sezilayotgan edi. Shu nuqtai nazardan tuman markazining qarovsiz yotgan bir gektardan ziyod maydonida koʻrkam bogʻ barpo etilib, Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgani ayni muddao boʻldi.
Sayilgoh davlatimiz rahbarining shu yil 11-aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida qad rostladi. U mahalliy byudjet hamda homiylik mablagʻlari hisobidan ajratilgan 6 milliard soʻmdan ziyod sarmoya evaziga barpo etildi. 600 tupga yaqin manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazilgani, pavilyonlar, milliy taomlar oshxonasi, attraksionlar, suv havzasi, kitob mutolaasiga moʻljallangan oʻrindiqlar, xullas, koʻngilochar maskan uchun zarur barcha qulayliklar yaratilganidan vobkentliklar behad mamnun boʻlishdi.
— Sayilgohdagi shart-sharoitlar nafaqat biz, yoshlar, balki ota-onalarimizga ham maʼqul tushdi,— deydi tuman markazidagi “Doʻstlik” mahallasida yashovchi Shahzod Erkinov. — Oʻzim tumandagi ixtisoslashgan maktabda oʻqiyman. Shu bilan birga “Barkamol avlod” bolalar maktabi mashgʻulotlarida qatnashaman. Robotexnika sohasi jonu dilim. Mashgʻulotlardan keyin esa bu yerga kelib dam olishning zavqi boʻlakcha. Biz zamonaviy oʻquv dargohlarida chuqur bilim olish, iqtidorimizni yuzaga chiqarish, shuningdek, boʻsh vaqtni mazmunli oʻtkazishimiz uchun qulayliklar yaratib berilayotganidan xursandmiz.
Sayilgohning ochilish marosimida soʻz olgan tuman hokimi Farhod Umarov, keng jamoatchilik hamda yoshlar vakillari bu goʻshadagi qulayliklar navqiron avlodning mazmunli dam olishi bilan birga ularning maʼnaviy dunyoqarashini boyitishda ham muhim ahamiyat kasb etishini aytib oʻtishdi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring