Endi Sorgʻunda yashashning gashti oʻzgacha
Foto: "Xalq soʻzi"
Buxoro viloyati Kogon tumani Sorgʻun mahallasi tarkibida Katta Orgʻun, Oynasoz, Sugʻdiyona kabi 8 ta qishloq bor. Yaqin-yaqingacha bu qishloqlarda yashovchilar mabodo mehmon kelgudek boʻlib qolsa bir oz xijolat chekishardi. Negaki, obodonchilik, koʻkalamzorlashtirish ishlari koʻngildagidek emas, infratuzilmaning, xususan, yoʻllarning ahvoli haqida gapirmasa ham boʻlardi.
Endilikda bularning bari oʻtmishda qoldi. Ovloq goʻsha “Obod xonadon, obod koʻcha, obod mahalla” dasturi doirasida oʻzgarishlar va yangilanishlar jarayonini boshdan kechirdi.
— Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar vakillaridan iborat respublika ishchi guruhi viloyatimizda oʻrganishlar oʻtkazgan, eng chekka, ijtimoiy jihatdan ahvoli ogʻir mahallalar qatorida Sorgʻun ham tanlab olingandi,—deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Kogon tuman Xalq qabulxonasi mudiri Said Mirzayev.— Bu yerda qisqa muddat ichida juda katta hajmda qurilish-bunyodkorlik, obodonchilik yumushlari bajarildi. Nafaqat ijtimoiy obyektlar, balki aholi uy-joylari, koʻchalar tamoman yangicha qiyofa kasb etdi. Mahalla aholisining oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashi uchun zarur qator qulayliklar yaratildi.
Darhaqiqat, yogʻin-sochinli kunlarda yurgani yurak betlamaydigan, yozda changi osmonu falakka oʻrlaydigan tuproq koʻchalar asfaltlashtirildi. Yoʻlning 2,5 kilometr qismi betonlashtirildi. Piyodalar yoʻlakchalari barpo etildi. Mahalla guzari rekonstruksiya qilindi. Yoshlar uchun Workout maydonchasi qurildi. Mahallaning yangi binosi qurilishi poyoniga yetmoqda. Sartaroshxona, ayollar goʻzallik saloni, tikuvchilik sexi, savdo shoxobchalari ishga tushirildi. Mahalla tarixida ilk bor oilaviy shifokorlik punkti ish boshladi. Maktab va maktabgacha tashkilotni aytmaysizmi? 240 oʻrinli bilim dargohi binosi va sport zali qurilishiga 4 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ sarflanganining oʻziyoq koʻp narsani anglatadi. Biz hali elektr energiyasi, ichimlik suv taʼminoti , ariqlarni tozalash, qabristonlar va yoʻl yoqalarini obodonlashtirish borasida qilingan ishlar haqida toʻxtalganimiz yoʻq.
— Har gal ish yuzasidan 3500 dan ziyod aholi umrguzaronlik qilayotgan Sorgʻunga yoʻlimiz tushganida oddiy fuqarolar bilan suhbatlashib, ularning oʻy-fikrlari, tashvishlari bilan qiziqamiz, — davom etadi S. Mirzayev. —Endilikda ulardan “Turmushingizdan rozimisiz?», deya soʻrashimizning hojati ham yoʻq. Negaki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu xayrli ishlardan minnatdor ekanliklarini ularning yuz -koʻzlari aytib turibdi.
Darhaqiqat, endi Sorgʻunda yashashning gashti biram oʻzgacha-ki, asti qoʻyaverasiz.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Yurak xuruji va insultdan saqlanish uchun isteʼmol qilish kerak boʻlgan mahsulotlar qaysi? Yangi tadqiqot hammasini fosh qildi
- “ChatGPT”dan moliyaviy maslahat olishdan oldin “yetti oʻlchab, bir kesing”
- Oʻzbekiston tibbiyoti tarixida birinchi marta oʻta murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtkazildi
- 2024-yilning eng yaxshi smartfonlari nomi e’lon qilindi
- 2024-yilning eng qimmat avtoraqami maʼlum boʻldi
- “Milliy sport mukofot-2024” taqdirlash marosimidan fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring