Emlanish — faqat bir odamni emas, jamiyatni qutqarib qoladi
Inson jamiyatdan ayro yashay olmaydi. Yurt boshiga tashvish tushsa, buning menga aloqasi yoʻq, men oʻzimni-oʻzim himoya qilaman, deyish bu kaltabinlikdir. Chunki har bir inson jamiyat aʼzosi va shu jamiyatda roʻy berayotgan har bir jarayonga aloqadordir. Ham deputat, ham vrachligim nuqtayi nazaridan shuni aytmoqchimanki, “Sovid-19”ga qarshi emlanish davlatimizning oʻz fuqarolariga bergan katta imtiyozi va saxovatidir. Davlat xazinasidan katta-katta mablagʻ sarflanib, dunyo ekspertlari sinovidan oʻtgan va tan olingan vaksina olib kelindi va fuqarolarimiz bu vaksina orqali emlanmoqda.
Tan olish kerak, emlanish darajasi pastligicha qolyapti. Bunga esa baʼzi tibbiyotdan yiroq va kalta oʻylaydigan, yurt taqdiriga oʻzini daxldor sanamaydigan odamlarning baʼzi nojoʻya fikrlari ham sabab boʻlmoqda. Buning oqibatida oʻzingiz koʻrib turibsiz, yurtimizda koronavirus kasalligi yana-da ortib, mamlakatimiz iqtisodiyotiga, ijtimoiy hayotiga salbiy taʼsir oʻtkazmoqda.
Aziz hamyurtlar! Bu baloni daf qilish, yurtimizdan butkul chiqarib yuborish oʻzimizning qoʻlimizda. Bunda har bir inson jamiyatning faol aʼzosi ekanini unutmasligimiz lozim. Savdo-sotiq boʻladimi, transportdami yoki oʻquv muassasasidami, qayerda boʻlishdan qatʼiy nazar karantin talablariga qatʼiy amal qilish juda muhimdir. Elni, yurtni, farzandlar kelajagini oʻylagan odam faqat oʻzini emas, butun jamiyatni, Oʻzbekistonni qutqarib qolish haqida qaygʻurishi shart.
“Sovid-19”ni qanday qilib yengish mumkin, degan savolga baralla aytmoqchimanki, uni faqat hamjihatlik, davlatimiz tomonidan bu sohada amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlagan holda yengish mumkin. Beparvolikni tashlaylik. Har qadamda bizni koronavirus taqib qilayotganini, shu yerda, shundoqqina yonginamizda turganini teran aqlimiz bilan anglagan holda unga qarshi qatʼiy kurashaylik.
Azizlar, biz koronavirusni yengamiz. Ammo qachon yengamiz, unga qancha vaqt kerakligini hozir hech kim ayta olmayapti. Faqat bir narsa ayonki, har birimiz oʻzimizni asrasak, farzandlarimizni asrasak, yurtni, jonajon Oʻzbekistonni asragan boʻlamiz. Sogʻligʻingizga befarq boʻlmang!
Mavluda Ibragimova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring