“Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Qonun yangi tahrirda maʼqullandi

10:41 10 Iyul 2024 Siyosat
184 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning ellik toʻrtinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Qonun qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.

Taʼkidlanganidek, amaldagi Qonun 2009-yilda qabul qilingan boʻlib, unda elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori, jumladan, sohada raqobatni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari nazarda tutilmagan, elektr taʼminotining ishonchli, xavfsiz, barqaror hamda kam xarajatli ishlashini taʼminlaydigan normalar aks ettirilmagan, isteʼmolchilarning narxlar va xizmatlar koʻrsatish sifati boʻyicha manfaatlarini himoya qilish kafolatlari belgilanmagan. Shu boisdan bugungi kun talablariga toʻliq javob bermadi.

Yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Qonun bilan isteʼmolchilarning narxlar, ishonchli elektr taʼminoti va xizmatlar koʻrsatish sifati boʻyicha manfaatlarini himoya qilish, elektr energiyasi jiddiy toʻsiqlarsiz sotiladigan likvidli bozorni shakllantirish maqsadida samarali, shaffof, tabaqalashmagan va raqobatdosh elektr energiya bozorining yuzaga kelishi va rivojlanishiga koʻmaklashish nazarda tutilmoqda.

Qonunda raqobat muhitini rivojlantirish, xususiy sarmoyalarni jalb qilish va joriy etishni ragʻbatlantiruvchi elektr energetika tarmogʻining samarali faoliyat yuritishi uchun tuzilma va umumiy qoidalar belgilanmoqda.

Xususan, Qonunda insofli raqobat, tenglik va hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik, elektr energetikasi xavfsizligining ustuvorligi kabilar sohaning asosiy prinsiplari etib belgilanib, elektr energetikasi sohasining maqsadlariga oid yangi modda kiritilmoqda.

Qonunda elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozor qoidalari ham aks ettirilmoqda.

Bundan tashqari, Qonunda elektr energiyasi bozorida treyderlar (jismoniy yoki yuridik shaxslar) faoliyatini tartibga solishga qaratilgan umumiy qoidalar, ularning huquqlari va majburiyatlariga oid norma kiritilmoqda.

Senatorlar taʼkidlashicha, Qonunning qabul qilinishi sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilishga va bu orqali elektr energetikasi sohasining samarali faoliyat yuritishiga, elektr energetikasi korxonalarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklarini belgilanishiga hamda elektr energiyasini qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ishlab chiqarishni ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер