Ekskursiya bolajonlar uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi

19:57 16 Aprel 2025 Jamiyat
147 0

Yurtimizda voyaga yetayotgan har bir farzand – kelajak egasi, xalqimizning umidi. Ularning qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini uyg‘otish, tarixiy xotirani mustahkamlash, ajdodlarimizning qahramonlik yo‘lidan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirish har birimizning muqaddas burchimizdir.

Aynan shunday ezgu maqsadni ko‘zlagan holda “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi va “Shon-sharaf” davlat muzeyiga tashkil etilgan ekskursiya bolajonlar uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, dastlab bolajonlarga majmuaning tashqi qismi tanishtirildi. Mayin musiqa sadolari ostida o‘tgan sayohat davomida bolajonlarga o‘tmishdagi hayot sahnalari, okoplar, blindajlar va dala oshxonalari kompozitsiyalari, temir yo‘l vokzali, eski kutubxonalar va tibbiyot punktlari aks ettirilgan noyob hududlari bilan tanishtirildi.

Shundan so‘ng bolalar “Shon-sharaf” davlat muzeyiga yo‘l oldilar. Bu yerda urushning mashaqqatli kunlari hayotiy manekenlar, yasama texnikalar va real eksponatlar orqali jonli ifodada namoyish etildi. Harbiy ofitserlarning manekenlari, zahmat chekib mehnat qilgan jasoratli o‘zbek ayoli, shifokorlar, vayrona binolar, tanklar – bularning barchasi bolajonlarning qalbida chuqur taassurot va unutilmas xotiralarni qoldirdi.

Bu ekskursiya bir narsani yana bir bor isbotladi – bizning tariximiz g‘ururga to‘la, ajdodlarimiz jasorat namunasi. Bolajonlar ana shu jasoratdan ruhlanib, ertangi kunga ishonch bilan qadam qo‘yadilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер