Ekilgani emas, koʻkargani hisob

14:17 14 Noyabr 2024 Jamiyat
187 0

Odilbek Odamboyev/“Xalq soʻzi”. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi mamlakatimizda ekologik vaziyatni yanada yaxshilash hamda iqlim oʻzgarishlariga milliy yechim sifatidagi noyob loyiha boʻldi, desak yanglishmagan boʻlamiz. Ayniqsa, Orolboʻyi mintaqasida joylashgan Xorazm uchun bu loyihaning ahamiyati nihoyatda katta. Kuzgi mavsumdan boshlab, viloyatning barcha hududlarida yangi daraxt va buta koʻchatlarini oʻtqazishga kirishildi.

— Hozirgi kunda ekishga tayyor boʻlgan salkam 15 mln dona koʻchat zaxirasi mavjud. Manzilli dasturda belgilangan rejani ortigʻi bilan bajarish uchun barcha imkoniyatlar yetarli, — deydi viloyatdagi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi boshligʻi Kamoliddin Shermatov. — Koʻchat yetishtiruvchi xoʻjaliklar, obodonlashtirish boshqarmalari, Xorazm oʻrmon xoʻjaligida mintaqamiz tuproq va iqlim sharoitiga mos gujum, terak, tol, tut, yapon saforasi, katalpa kabi navlarga mansub manzarali daraxt koʻchatlari yetarli miqdorda tayyorlangan.

Koʻchatlarni faqat ekib ketish emas, ularni parvarishlash, sugʻorish tizimini yaratishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yaqinda Urganch-Shovot avtomagistral yoʻlining ikki tomoniga 6-8 qator koʻchat ekilib, yangicha usulda sugʻorish tizimi tashkil qilindi. Urganch shahrida Shovot kanalining ikkala sohilida oʻziga xos landshaft dizayni asosida yashil hududlar, yirik sanoat korxonalari joylashgan Sanoatchilar koʻchasida “Yashil belbogʻ”lar yaratildi. “Ochiq byudjet” portalidagi “Mening bogʻim” loyihasi boʻyicha ovoz berish natijalariga koʻra, 16 ta yangi bogʻ barpo etilmoqda. Ushbu loyihalar uchun Ekologiya vazirligi jamgʻarmasidan 3,25 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi.

— “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar asosiy kuch hisoblanadi, — deydi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Xorazm viloyati boshqarmasi boshligʻi Odilbek Artiqov. — Yangi tashkil etilgan mahalla bogʻlarini ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga biriktirish orqali ham koʻchatlarni oʻz vaqtida parvarishlash, ham oilalarning daromadini oshirish mumkin. Viloyatimizda umumfoydalanuvdagi 138 km yoʻllarning chekkalarini 200 nafar ishsiz aholiga kasanachilik asosida biriktirib berdik. Endi yoʻl chekkalari koʻkalamzor, har bir koʻchat egali boʻladi.

Bogʻot tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishga bagʻishlangan koʻrgazmali seminar ham nuroniylar, yoshlarda daraxt ekishga qiziqish uygʻotdi. Tadbirdan soʻng ishtirokchilar ezgu tilaklar bilan koʻchat ekishga kirishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?