“Ey soʻz, ne balo ajab guharsen...”

15:30 06 Fevral 2023 Jamiyat
1062 0

Foto: Xalq so‘zi

Alisher Navoiy tavalludining 582-yilligi

 

Bugunimiz millatning faolligi uygʻongan, bebaho maʼnaviy boyligimiz, ulugʻ alloma ajdodlarimiz xotirasi, taʼbir joiz boʻlsa, ehtirom “sarupolari”ga burkangan zamona. Barchasiniku sanay olmasmiz, faqat hazrat Navoiyga uning muborak nomi bilan atalgan shaharda soʻnggi yillarda koʻrsatilayotgan ikromning oʻzi alohida eʼtiborga molik. Bu yerda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har ikki yilda ulugʻ bobokalonimiz hayoti va ijodiy merosiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyaning tashkil etilishi Navoiy siymosiga iftixor kamolining amaliy ifodasidir. Shoir ijodini oʻrganishda ibratli anʼanalar bilan birga boy adabiy merosini tadqiq etishda yangi-yangi yoʻnalishlar ochilmoqda.

Joriy yil hazrat Navoiy tavalludining 582-yilligi munosabati bilan anʼanaviy navoiyxonlik kechalarini Navoiy davlat pedagogika instituti jamoasi boshlab berdi. Bu yerda shoir ijodi va faoliyatiga bagʻishlangan “Ey soʻz, ne balo ajab guharsen...” ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazilib, shoir sheʼriyatining yangi qirralari, hayotining ibratomuz jihatlari xususida soʻz bordi. Tabiiyki, bunda joriy yilimizning ijtimoiy ahamiyatiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

— Inson qadri, saxovatpeshalik, bagʻrikenglik,mehr-muruvvatlilik, homiylikda hazrat Navoiy benazir boʻlgan, — deydi institut rektori Bahodir Sobirov. — Tarixchi Xondamir asarlarida Alisher Navoiyning oʻzi yashab ijod etgan davrda 52 ta rabot, 20 ta hovuz, 16 ta koʻprik, 9 ta hammom va koʻplab madrasalar, katta-katta inshootlar qurdirib, homiylik qilganligi qayd etiladi. Shoir va davlat arbobining ushbu himmati va jasorati barcha zamonlar uchun ibratlidir.

Konferensiyada institutning navoiyshunos olimlari hamda talabalar tomonidan “Navoiy gʻoyalarining zamonaviyligi”, «Malolik fathining sohibqironi», “Xamsa”dagi ayrim hikoyatlar talqini», “Navoiyshunoslik va germenevtik tahlil”, «Hayrat ul-abror» strukturasida izdoshlik va oʻziga xoslik» mavzularida maʼruzalar tinglandi.

— Oʻrta asrlarga qadar yaqin va oʻrta Sharq mamlakatlarida diniy adabiyotda arab, badiiy ijodda fors tili hukmronlik qilgan boʻlsa, hazrat Navoiy oʻz ijodiy faoliyati bilan bu anʼana barham topishini boshlab bergan, — deydi navoiyshunos olim Tohir Xoʻjayev. — Hazrat turkiy (oʻzbek) til dagʻal, unda nozik his-tuygʻularni nafis tarzda ifodalab boʻlmaydi, degan fikrlar hukmron bir sharoitda ona tilimizni himoya qilish uchun maydonga chiqdi. Bu tilimizning boyligini, qudratu salobatini, uning cheksiz imkoniyatlarga ega ekanligini ham manzum, ham mansur asarlari asosida isbotlab berdi.

Anjumanda institutning maqomchilar ansambli tomonidan Navoiy gʻazallari asosidagi mumtoz qoʻshiqlar ijro etildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер