Egey va Oʻrta Yer dengizi sohillaridagi eng yaxshi kurortlar

14:59 17 Iyun 2023 Dunyo
840 0

Oʻrta Yer dengizi va Egey dengizlarining tutashgan joyi boʻlgan Mugʻlaning Bodrum, Fethiye, Marmaris, Datcha, Goʻjek, Oʻludeniz va Koʻyjegiz kabi eng mashhur sayyohlik maskanlariga mezbonlik qilishini bilarmidingiz?

Bodrum-Milas va Dalamandagi ikkita xalqaro aeroporti bilan mintaqa moviy va yashil manzaralari, qadimiy shaharlari, nodir osori-atiqalari, musaffo havosi va feruza rangli suvlari bilan tashrif buyuruvchilarni maftun etadi. Keling, Turkiyaning eng uzun qirgʻoq chizigʻiga ega hamda sayohatchilar uchun mashhur yozgi dam olish maskani boʻlgan Mugʻlaning turistik kurortlariga qisqa sayohat uyushtiraylik...

Bodrum barcha uchun eng sevimli joylardan biri

Bodrum, shubhasiz, Turkiyaning goʻzal sohil chizigʻida joylashgan eng mashhur dam olish maskanlaridan biridir. Koʻpikli suvlari bilan goʻzal qirgʻoq chizigʻida joylashgan Bodrumning oltin qumi va “Moviy bayroq”li sohillari quyosh va dengizni sevuvchilarga jonli tabiat bagʻrida dam olish tajribasini taqdim etishi bilan birga, koʻplab suv faoliyatlari, jumladan, suv ostiga shoʻngʻish uchun qulay joylarni taklif etadi. Tarixga qiziquvchilar uchun XV asrda Rodos ritsarlari tomonidan qurilgan Bodrum qalʼasi va qalʼa ichidagi Bodrum suv osti muzeyi, qadimgi davrning yetti moʻjizasidan biri boʻlgan Galikarnas maqbarasi xarobalari koʻrishingiz shart boʻlgan yerlar roʻyxatidadir.

Usta oshpazlarining maskani boʻlgan Bodrumdagi kechki ovqatlar, ayniqsa, turk va xalqaro taomlarning xilma-xil tanlovlarini taqdim etuvchi restoranlarga mezbonlik qiluvchi portlar va sohilboʻyi hududlarda, shuningdek, quyosh botishining goʻzal manzaralarini ham kuzatishingiz mumkin.

Fethiye tabiiy diqqatga sazovor joylar

Tabiiy goʻzalligi, mukofotga sazovor boʻlgan sohillari, sokinligi va yorqin manzaralari bilan yana bir mashhur Mugʻla sayyohlik kurorti boʻlgan Fethiye mashhur yozgi taʼtil oʻtkazish maskanlaridan biridir. Oʻludeniz nafaqat oʻzining goʻzal qirgʻogʻi bilan ajralib turadi, balki 80 dan ortiq kapalak turlarini oʻz ichiga olgan, 1995-yildan beri tabiiy muhofaza qilinadigan hudud — Kapalaklar vodiysi (Kelebekler Vadisi) Fethiyening eng mashhur sayyohlik joylaridan hisoblanadi. Dunyoning eng yaxshi uzoq masofali piyoda yurish yoʻllaridan biri boʻlgan Likiya yoʻli ham Fethiyeda joylashgan boʻlib, jarliklar va kanyon tubi boʻylab oʻtadigan Esen oqimi, shuningdek, bir nechta yer osti yoʻllari mavjud. Bundan tashqari, shahar shoʻngʻish joylari bilan ham mashhurdir. Chunki uning suvlarida turli xil baliq va dengiz oʻsimliklari mavjud. Fethiye, shuningdek, Turkiyaning va dunyoning eng muhim parashyut va paraplanda uchish markazlaridan biri boʻlgan Babadagʻga ham mezbonlik qiladi.

Marmaris — sayyohlarning sevimli maskani

Tabiat goʻzalliklari, uzoq oʻtmishi, koʻm-koʻk dengizi va oltindek qumlarni taklif etuvchi Marmaris sayohatchilarga yozgi taʼtil uchun zarur boʻlgan barcha imkoniyatlarni taklif etadi. Turunch va Ichmeler kabi goʻzal sohillari bilan tanilgan ushbu kurortga har yili koʻplab sayyohlar tashrif buyurishadi. Tarix ixlosmandlari Kariyaning eng muhim port shaharlaridan biri boʻlgan qadimiy Fiskos shahrini koʻrishdan zavqlanadilar.

Sedir oroli sifatida ham tanilgan Kleopatra oroli tetiklashtiruvchi muzdek suvlarida suzishni va tarixiy inshootlarni kuzatishni istagan sayyohlarni oʻziga tortadi. Oltindek qumi bilan mashhur boʻlgan va tarixiy ahamiyati tufayli himoyalangan Kleopatra orolida Apollon ibodatxonasi, teatr va nekropol kabi qadimiy joylar ham mavjud. Marmarisning dengiz boʻyidagi ikkita aholi punkti boʻlgan Selimiye va Bozburun, shuningdek, kruiz terminali ham tinch va sokin dam olishni kafolatlaydi.

Koʻyjegʻiz — eng sokin shahar

Marmaris va Fethiye oʻrtasidagi yoʻlda joylashgan Koʻyjegiz Turkiyaning CittaSlow shaharlaridan biridir. Koʻyjegiz koʻlidagi qayiq sayohatlariga qoʻshilgan mehmonlar apelsin daraxtlarining hididan bahramand boʻlishlari bilan birga, Koʻyjegiz-Dalyan maxsus atrof-muhitni muhofaza qilish hududida yashovchi Caretta Caretta dengiz toshbaqalarini ham koʻrish imkoniyatiga ega boʻlishingiz mumkin.

Mintaqadagi eng qadimgi aholi punktlaridan biri va Kariya sivilizatsiyasining eng ajoyib shaharlaridan biri boʻlgan qadimgi Kaunos shahridir. U miloddan avvalgi davrda qurilgan boʻlib, IV asrga oid qoyalari bilan tashrif buyuruvchilarni hayratga soladi.

Datcha — sokin va maftunkor yarim orol

Datcha — Mugʻlaning sokin va maftunkor yarim oroli hisoblanadi. Shaharning muhim aholi punkti boʻlgan Yangi Datcha (Yeni Datça)da koʻplab restoranlar, kafelar shu bilan birga, baliq va oʻrdaklarga boy Ilisa koʻli joylashgan. Datcha yarim orolining gʻarbiy uchiga yaqin joyda joylashgan Knidos qadimiy shahri sayyohlarning oʻtmishini qayta jonlantiradigan oʻzgacha manzildir. Datcha oʻt-oʻlanlari, dengiz mahsulotlari, shifobaxsh asali va bodomlari bilan tayyorlangan mahalliy taomlari beeʼtibor qoldirmaslik kerak boʻlgan omillardan sanaladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?