Dunyoga mashhur Parij shahrida kurash bayrami tantanasi

14:19 26 Iyul 2022 Sport
637 0

Xabar berganimizdek, kecha, 24-iyul kuni Fransiya poytaxti Parij shahrida kurash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir tashkil etildi.

Yevropa qitʼasida “olijanob sport” deya eʼtirof etilayotgan milliy sportimiz boʻlmish kurash yana sayyoramizdagi eng goʻzal shaharlardan biri Parijda tantana qildi. Fransiyaning ramziy timsoliga aylangan dunyoga mashhur Eyfel minorasi poyida oʻtkazilgan musobaqa dovrugʻi yetti iqlimga taraldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Jahonning 30ga yaqin davlati polvonlari ishtirok etgan turnirda Yevropaning koʻzga koʻringan polvonlari jam boʻlishdi. Oʻz navbatida oʻzbek polvonlari ham ushbu musobaqada hech kimdan kam emasliklarini namoyish etdilar.

Mutlaq vazn toifasida oʻtkazilgan musobaqada gilamga chiqqan har bir polvon millati, dini va eʼtiqodidan qatʼi nazar oʻzbekona qadriyatlarimizga hurmat bajo keltirdi. Chunonchi, kurash gilamiga chiqqan har bir sportchi bellashuv avvalida raqibiga hurmat saqlagan holda taʼzim qilib bahslarga kirishdi, “kurash” chaqirigʻi boʻlganda kurashdi, “toʻxta” deyilganda toʻxtadi. Bir soʻz bilan aytganda, dunyo polvonlari oʻzbekcha kurash tushdi.

Qizgʻin va murosasiz kurashlar ostida oʻtgan musobaqa yakunida erkaklar oʻrtasida hamyurtimiz Muhammadkarim Xurramov, ayollar orasida esa Germaniya vakilasi Jasmin Grabovskilar bosh sovrinni qoʻlga kiritishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun oʻtkazilgan xalqaro turnir gʻolib va sovrindorlari bilan tanishing:

Erkaklar

1. Muhammadkarim Xurramov (Oʻzbekiston),

2. Kulum Zakro (Serbiya),

3. Boban Danov (Makedoniya),

3. Kasper Szurovski (Polsha),

5. Marmelyuk (Estoniya),

5. Aleksandr Papanikolau Panagiotis (Gretsiya),

7. Ugesh Gaetan (Fransiya),

7. Denis Sokol (Litva),

Ayollar

1. Jasmin Grabovski (Germaniya),

2. Sandra Likun (Polsha),

3. Laurin Manike Solance (Fransiya),

3. Bologan Viktoritsa (Belgiya),

5. Gabriyela Gigova (Bolgariya),

5. Nicoleta-Karina Ganea (Ruminiya),

7. Hanna Lolova (Ukraina),

7. Durdona Abdujabborova (Oʻzbekiston).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?