Dunyoga mashhur insonlarning noodatiy va gʻaroyib vasiyatnomalari haqida bilasizmi?

01:45 02 Mart 2023 Madaniyat
1321 0

Foto: Illustrativ surat

Hammamizga maʼlumki, taniqli shaxslarning oʻziga xos fel-atvori, yashash tarzi, dunyoqarashlari boʻladi. Taʼkidlash joizki, ularning hatto oʻlimi ham, oʻlimdan oldin qoldirgan vasiyatlari ham juda gʻaroyib.

Quyida ulardan bir nechtasini eʼtiboringizga havaola etamiz.

Haynrix Haynening sermaʼno vasiyati

Mashhur nemis shoiri Haynrix Hayne rafiqasiga yozgan eng hazilga boy va sermaʼno vasiyatnomasi tufayli tarixga kirgan. U 44 yoshida hamma Matilda deb ataydigan 26 yoshli Kseniya Yevgeniy Miraga uylandi. Hayne doʻstlarining fikricha, ayol uningdek savodli boʻlmagan. Matilda hatto oʻqishni ham bilmas, butun umri davomida Haynening birorta asarini oʻqimagan ekan. Qolaversa, u juda injiq va jahldor ayol boʻlgan, biroq shunga qaramay, Hayne uni qattiq sevgan deya taʼkidlashadi.

Matilda bilan yigirma yildan ortiq umr kechirgan Hayne bir kuni xotini bilan hazillashishga qaror qiladi. Yozuvchining oʻzi bu voqeani shunday soʻzlab bergan: “Cherkovdan qaytganimdan keyin vasiyatnoma yozdim. Men butun mulkimni xotinimga qoldirdim. Faqat, bitta shart bilan: u oʻlimimdan keyin yana turmushga chiqishi kerak. Men dunyoda hech boʻlmaganda bir odam oʻlimimdan qaygʻurib “Bechora Hayne... Nega bizni tashlab ketdi, agar u tirik boʻlganida xotiniga uylanmasdim!”, deyishini xohladim. Bu vasiyat dunyodagi eng sermaʼno hazil bitilgan vasiyatnoma deb qaraladi. Matilda Haynening barcha merosini qabul qilgani va boshqa turmushga chiqmasligini bildirgan.

Nikolay Gogol: “Kim mening oʻlimimga hurmat bajo keltirishga urunsa, barcha gunohlarimni oʻz zimmasiga olgan sanaladi”

Ulugʻ rus yozuvchisi Nikolay Gogolning hayoti ham, oʻlimi ham fantastikaning oʻzi. Adabiyotshunoslar buni uning ruhiy holati buzilishi bilan bogʻlashadi. Yozuvchining soʻnggi vasiyatnomasidagi birinchi band shunday edi: “Vasiyat qilamanki, tanam butunlay chirimagunicha dafn qilinmasin”.

Yozuvchi vasiyatnomasining yettinchi qismida esa shunday deyilgandi: “Vasiyat qilamanki, menga hech qanday yodgorlik oʻrnatilmasin, bunday kichik, noloyiq nasroniy haqida hech kim oʻyga tolmasin. Hech kim men uchun motam tutmasin. Kim mening oʻlimimga hurmat bajo keltirishga urunsa barcha gunohlarimni oʻz zimmasiga olgan sanaladi”.

Gogol vasiyati orqali uni chindan ham yaxshi koʻrgan, hurmat qilganlar uning xotirasini yodgorliksiz ham hamisha esda saqlay olishlariga ishora qilgan.

Charli Chaplinning million dollarlik merosi kimga nasib etadi?

Dunyoga mashhur va barchamiz uchun sevimli komediya ustasi, aktyor Charli Chaplin vasiyat qoldirganida ham oʻz hazilkash xarakateriga sodiq qolgan. U vasiyatida farzand dunyoga keltirgan birinchi erkak kishiga bir million dollar qoldirayotgani haqida yozgan.

Bundan tashqari, vasiyatnomasida shaxs transgender boʻlmasligi alohida qayd etgan. Koʻrib turganingizdek, hali hech kim Chaplinning vasiyatnomada aytgan ishni bajara olmagan. Bir million dollarlik meros hali hamon oʻz egasini kutmoqda.

Merilin Monro

1962-yilda Amerika kinosining kinoyulduzi Merilin Monro vafot etganida uning toʻgʻridan-toʻgʻri merosxoʻri yoʻq edi. U oʻlimidan bir yil avval uchinchi eri bilan ajrashadi va vasiyatini qayta yozadi. Monroning soʻnggi vasiyatiga koʻra, u oʻgay singlisi va oʻz psixologiga kichik mablagʻda meros qoldirgan. Aktrisa aktyorlik sohasidagi muvaffaqiyati uchun ustozi Li Strasbergga minnatdorlik maktubi yozadi va unda Strasbergga shaxsiy narsalarining bir qismini oilasi hamda boshqa qarindoshlariga tarqatishini soʻraydi. Biroq ustozi uning vasiyatini bajarmaydi. Shaxsiy buyumlarini ularga berishni rad etib, 1982-yil – vafot etguniga qadar omborida saqlaydi. Strasberg 80 yoshida vafot etgach meros va barcha huquqlar uning rafiqasi Annaning ixtiyoriga oʻtadi.

Yosh beva darhol Monro shaxsiy buyumlarining katta kimochdi savdosini uyushtiradi. Aytilishicha, ayol eri mensimagan buyumlar uchun 20 million dollargacha pul ishlagan. Hozir ham Merilin Monroning merosxoʻri sanalgan Anna har yili 8-9 million dollar pul oladi.

Shafqatsiz vasiyatnoma: 65 million dollarlik boyvachcha it va 1 sentlik merosxoʻr ayol

Yurak yetishmovchiligidan vafot etgan Amerikalik kinoprodyuser, 62 yoshli millioner Rojer Dorkas oʻlimidan soʻng iti Maksimilian nomiga yozgan vasiyatnomasi bilan tillarga tushgan. U pul 25 yashar rafiqasi, aktrisa Vendi Ditrixning qoʻliga tushmasligi uchun itiga 65 million dollarlik meros yozilgan vasiyatnoma qoldirgan. Beva xotiniga esa boyligidan atigi 1 senti tekkan xolos. Ayol itdan merosni tortib olishga qancha harakat qilgan boʻlsa-da sud vasiyatnomani haqiqiy deb topgan va uning daʼvosini rad etgan.

Toʻplovchi va tarjimon:

Rahmat Bobojon

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?