Dunyo tanigan olim

12:32 11 Oktyabr 2020 Jamiyat
294 0

Shamsiyev Azamat Muhitdinovich — bu nom bugungi kunda oddiy odamlar, ziyolilar, mansabdoru amaldorlar xullas, barcha-barcha tomonidan oʻzaro suhbat jarayonida ham, jurnalistlar tomonidan tayyorlangan matbuot sahifalari, ijtimoiy tarmoqlardagi maqolalarda ham, telekoʻrsatuv va radio eshittirishlarda ham faxr va iftixor bilan tilga olinadi.

Davralarda shifokorlarning gurunglarida “Shamsiyevning maktabi”, xalq orasida esa “Shamsiyev klinikasi” degan iboralar bot-bot tilga olinadi. Darhaqiqat, uzoq yillar davomida oʻzining fidokorona, halol mehnati, qoʻli yengilligi, bilimi va noyob iqtidori, jonkuyarligi bilan ne-ne insonlarni ogʻir darddan xalos etib, hatto oʻlim toʻshagidan saqlab qolishga muvaffaq boʻlgan bu inson koʻpchilikning yuksak hurmat-eʼtiboriga sazovor boʻlib, odamlar qalbida oʻziga haykal oʻrnatgan desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Eʼtiborli jihati shundaki, Azamat Shamsiyevning qoʻlidan shifo topgan Respublikamizning turli hududlaridagi minglab bemorlarning deyarli barchasi murakkab va oʻta murakkab jarrohlik amaliyotlarini boshidan kechirishgan.

Shu oʻrinda tan olish kerakki, Azamat Shamsiyev nafaqat qoʻli yengil jarroh boʻlib qolmasdan, u kishida noyob tashkilotchilik va rahbarlik qobiliyati mujassam. Azamat Shamsiyevning bunday fazilatlari butun mehnat faoliyati davomida toʻla oʻz aksini topdi.

Yurtimizda Oliy taʼlim tizimini va tibbiyot sohasini rivojlantirishga juda katta munosib hissa qoʻshdi. Boshqacha aytganda, Azamat Shamsiyevning hayot yoʻli nurli xotiralarga, shon-sharafga, yutuqlarga boy boʻldi.

Ha, xalqaro miqyosda tanilgan, elimiz ardogʻidagi atoqli tashkilotchi, mohir xirurg, sermahsul va novator olim, 1998-yilda “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibi boʻlgan hamyurtimiz A.Shamsiyev Samarqand (hozirgi Navoiy) viloyatining Xatirchi tumanida tugʻilgan. 1968-yilda Toshkent davlat meditsina institutini tugatgan. Vrachlik faoliyatini Samarqand viloyat Bulungʻur tumani markaziy shifoxonasi xirurgiya boʻlimida boshlab, soʻngra 1969-yildan Samarqand davlat tibbiyot instituti klinikasi bolalar xirurgiyasi boʻlimida vrach-xirurg vazifasida davom ettirdi. Yosh xirurg oʻzining mehnatsevarligi, bilim doirasining kengligi, oʻtkir zehni, qobiliyati, qatʼiyati, xirurgik mahorati, bemorlarga boʻlgan eʼtibori va mehribonligi bilan ajralib turar edi. Shuning uchun u tez orada klinika jamoasi va bemorlar oʻrtasida katta obroʻ qozondi. Institut ilmiy maktabida singdirilgan xirurgiya amaliyoti va fanga boʻlgan ishtiyoq uning kelajakda fan nomzodi, dotsent, fan doktori, professor darajasiga yetishishida muhim omil boʻldi.

A.Shamsiyev 1970-yildan Rostov davlat meditsina institutiga maqsadli aspiranturaga yuborilib, 1973-yilda nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. 1973-1976-yillarda Samarqand davlat tibbiyot instituti bolalar xirurgiyasi kafedrasida ishni davom etdi. U bu davrda klinikaning bolalar xirurgiyasi boʻlimi amaliyotiga bir necha yangi texnologiyali davolash-diagnostika usullarini joriy qildi. Shu sababli klinikada bemor bolalarni xirurgik davolash natijalari keskin yaxshilandi.

Yosh olim bundan keyingi davrda oʻzining ilmiy tadqiqot ishlarini davom ettirish uchun 1976-1983-yillarda Ukrainaning Donesk meditsina institutining bolalar xirurgiyasi kafedrasida xirurg ordinator keyinchalik doktorant lavozimida ishlab doktorlik ilmiy ishini nihoyasiga yetkazdi. 1983-yil SSSR meditsina fanlari akademiyasining Pediatriya ilmiy tekshirish institutida (Moskva) “Bolalarda oʻtkir destruktiv pnevmoniyani davolash” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Xulosa qilib aytganda, A. Shamsiyevning Ukrainaning Donesk shahridagi 7 yil mobaynidagi ilmiy izlanishlari, mashaqqatli mehnati butun umri davomida oʻz samarasini berdi. Ishlab chiqilgan yangiliklar bolalar xirurgiyasi klinikasida bemor bolalarni davolashda ham muhim ahamiyat kasb etdi. Doktorlik dissertatsiyasini yoqlagandan soʻng Samarqand davlat tibbiyot institutida dotsent, professor lavozimlarda ishlab, 1985-yil bolalar xirurgiyasi kafedrasini tashkil etib, unga rahbarlik qilgan.

A.M.Shamsiyev bolalar xirurgiyasi sohasida ilmiy maktab yaratgan atoqli olim. Uning tashabbusi va rahbarligida 1989-yilda Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan 200 oʻrinli ixtisoslashgan koʻp tarmoqli “Bolalar xirurgiyasi ilmiy-amaliy markazi” tashkil etib, 25 yil rahbarlik qildi. Markaz zamonaviy tibbiy diagnostik va davolash texnologiyalar bilan jihozlangan boʻlib, har yili 10-12 ming bemor bolalarga yuqori malakali ixtisoslashgan meditsina yordami koʻrsatiladi, va 6 mingdan ortiq turli xil murakkab operatsiyalar bajariladi. Ushbu markaz nafaqat Samarqand viloyati, balki, regionda joylashgan boshqa viloyatlar aholisiga ixtisoslashtirilgan yuqori malakali bolalar xirurgiyasi yoʻnalishi boʻyicha tibbiy yordam koʻrsatib kelmoqda. Markazning torakal xirurgiya, kardio-xirurgiya, urologiya, chaqaloqlar xirurgiyasi boʻlimlarida yangi texnologiyali murakkab operatsiyalar bajarilib kelinmoqda.

Professor A.M.Shamsiyev tibbiyot fanining bolalar xirurgiyasi sohasi boʻyicha oʻzining ilmiy-amaliy maktabini yaratgan, dunyoga tanilgan novator olimdir.

Mazkur markazda 1991-yilda professor A.Shamsiyev tomonidan Samarqandda ilk bor yosh bolalarda tugʻma yurak nuqsonlari boʻyicha operatsiya muvaffaqqiyatli amalga oshirilgan, va hozirgacha bajarilib kelinmoqda. Markazni boshqarish bilan birga olimning ilmiy rahbarligida 30 dan ortiq tibbiyot fanlar doktori va tibbiyot fanlar nomzodlar tayyorlangan. A.Shamsiyev ilmiy ishlanmalari va u rahbarlik qilgan Samarqand bolalar xirurgiyasi ilmiy-amaliy markazi xodimlar jamoasi erishgan yutuqlari xorijiy mamlakatlar va Respublika miqyosda sogʻliqni saqlash amaliyotida keng qoʻllanmoqda.

A.Shamsiyev oliy malakali bolalar xirurgi, u yiliga yangi tugʻilgan chaqaloqlar va boshqa yoshdagi bemorlarda turli xil murakkab operatsiyalarni bajarib kelmoqda. Urologiya va abdominal xirurgiyada endoskopik diagnostika va yangi davolash usullarini joriy qilgan. Bugungi kunda ham har yili 100 dan ortiq turli hajmdagi murakkab operatsiyalarni amalga oshiradi. Uning bolalar xirurgiyasiga oid 50 dan ortiq ixtirosi va 44 ta ratsionalizatorlik taklifi respublikamiz va Mustaqil Hamdoʻstlik davlatlari amaliyotida keng qoʻllanilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirish qoʻmitasining 8 ta amaliy va 1 ta innovatsion loyihalari ustida ilmiy izlanishlar olib borilgan.

1991-yil ushbu ilmiy markazda Oʻzbekistonda ilk bor bolalar xirurgiyasi boʻyicha studentlar va yosh olimlarning Butunittifoq ilmiy-amaliy konferensiyasi yuksak darajada oʻtkazildi. Ushbu katta ilmiy anjumanning bolalar xirurgiyasi ilmiy markazi qoshida tashkil etilishi 400 dan ziyod xorijdan kelgan delegatlar ishtirok etishi, 130 ta maʼruzalar, 3 ta akademik va 4ta meditsina institutlarning rektorlari, oʻnlab professorlar va kafedra mudirlarning qatnashishlari oʻsha davr uchun juda katta obroʻy hisoblanar edi.

1988-yilda markazda tashkil etilgan bolalar xirurgiyasi studentlar ilmiy jamiyati aʼzolari 30 yil davomida uzluksiz ravishda Rossiya meditsina universitetlarida har yili oʻtkaziladigan studentlar va yosh olimlar xalqaro konferensiya va nufuzli tanlovlarda muntazam ravishda qatnashib, birinchi va ikkinchi oʻrinlarni egallab oltin va kumush medallar olib kelmoqda.

U kishi 1995-yil OʻzFA Samarqand filialini tashkil etishda faol ishtirok etgan, meditsina boʻlimi rahbari boʻlgan va nufuzli ilmiy anjumanlarni tashkil etishda faol ishtirok etgan. 1996-yil OʻzFAning «Problemы biologii i meditsinы» jurnalini tashkil etib, hozirgacha bosh muharrir vazifasini bajarib kelmoqda.

A.Shamsiyev bolalar xirurgiyasi ilmiy markaziga rahbarlik davrida uning 10 yillar davomida Rossiya va Ukraina davlatlarida meditsina institutlarida ishlab bolalar xirurgiyasi ilm-fan sohasida juda katta tajriba orttirganligi, koʻp tarmoqli ixtisoslashgan bolalar xirurgiyasi markazi tashkil etilishi, uning bazasida bemor bolalarda murakkab operatsiyalar qilinishi, xalqaro konferensiyalar oʻtkazilishi, Ittifoqdagi dunyoga tanilgan bolalar xirurgiyasi sohasi professor akademiklari-- Yu.F.Isakov, S.Ya.Doleskiy, G.A.Bairov, L.I.Roshal, A.T.Pulatov, K.S.Ormantayev, A.G.Pugachyov, N.L.Kuщ, Ya.K. Gauyen, V.P.Nemsadze, V.A.Geraskin, V.M.Rozinov, A.I.Lyonushkin, A.B.Okulov, A.F.Dronov va boshqalar bilan yaqindan ilmiy-amaliy hamkorlik qilinishi, ularning koʻpchiligi ushbu markazga kelib, anjumanlarga qatnashishi, murakkab operatsiyalarda ishtirok etishi natijasida ushbu xirurgiya markazining nomi va obroʻyi butun dunyoga tarqaldi. Shuningdek, Oʻzbekistonda taniqli bolalar xirurglari, professorlar K.X.Tagirov, A.S.Sulaymanov, S.R.Raximov, M.M.Aliyev, Sh.T.Salimov, N.Sh.Ergashev, J.B.Beknazarov, A.J.Hamrayev, B.B.Ergashev va boshqa atoqli olimlar bilan yaqindan hamkorlik qilinishi va tajriba almashinishi natijasida ushbu markazning obroʻyi yana-da yuksaldi.

Hammaga maʼlumki, Samarqand davlat tibbiyot instituti nafaqat Samarqandda, balki respublikamizda ham eng nufuzli, oʻziga yarasha anʼanaga ega, ilmiy-pedagogik salohiyati yuqori, Oʻrta Osiyoda mustaqil toʻngʻich Oliy tibbiy maskani boʻlib kelgan.

Ammo, respublika hukumati, Sogʻliqni Saqlash Vazirligi va mahalliy hokimiyatlarning taʼkidlashlaricha, 90 yillarning ikkinchi yarmidan boshlab institut oʻz mavqeini yoʻqota boshladi, ilmiy-pedagogik kadrlarni va yuqori malakali shifokorlarni tayyorlash hamda institutning ilmiy potensiali pasaya boshladi, talabalarning oʻqishga qiziqishi susaya boshladi. Bulardan tashqari, baʼzi bir kafedra va kurslarni asossiz birlashtirish, ularni bir joydan ikkinchi joyga koʻchirish, ayniqsa, eng achinarlisi shuki, katta tajribaga ega boʻlgan bir qator professor-oʻqituvchilar ishdan chetlashtirilgan, uning oqibatida kafedralarni ilmiy-pedagogik salohiyatlari pasayib ketdi. Yoqlanayotgan dissertatsiyalar soni kamayib ketdi. Institut ayanchli ahvolga tushib, unda egasizlik hukm surdi.

Yuqoridagilarni hisobga olib, Respublika Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-noyabr №543 sonli qaroriga binoan, professor Azamat Muhitdinovich Shamsiyev Samarqand davlat tibbiyot institutiga rektor etib tayinlandi va bu lavozimda 2020-yil 15-fevral oyigacha xizmat qildi. Samarqand davlat meditsina institutning 90 yillik tarixida rektorlar orasida eng davomli ishlaganlar - Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi professor Oʻktam Karimovna Vahobova 14 yildan koʻproq va Azamat Muhitdinovich Shamsiyev 15 yildan ortiq rektorlik vazifasini bajardilar.

Qisqa vaqt ichida, yangi rektor institut xodimlarni ishga va talabalarni oʻqishga safarbar qila oldi, yaʼni, mehnat intizomi yoʻlga qoʻyildi, rektorat va dekanatlar yangi kadrlar bilan taʼminlandi, ularning strukturasi, ish uslublari qayta koʻrib chiqildi, kafedra va kurslar tarkiblari ham qayta qurilib, baʼzi bir kafedralar va institutning boʻlimlarida alanga olishi mumkin boʻlgan, yaʼni “tutab turgan oʻchoqlar” oʻchirildi; buxgalteriya, oʻquv, rejalashtirish boʻlimlari malakali kadrlar yordamida tartib oʻrnatildi. Institut va fakultetlarning ilmiy kengashlari qonun asosida tartibga solindi. Institutda yoʻl qoʻyilgan tartibsizlik va moliyaviy qonunbuzarliklarga barham berildi, xodimlarning maoshlari va studentlarning stipendiyalari oʻz vaqtida beriladigan boʻldi. Bir vaqtlar nohaq quvgʻinga uchragan tajribali professor-oʻqituvchilar ilmiy pedagogik, hattoki rahbarlik ishlariga jalb etildi.

A.M. Shamsiyevning rektorlik davrida Samarqand davlat tibbiyot institutida juda katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari bajarildi. Institut moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi. Institutning kelajagini, yaʼni ilmiy-pedagogik va kadrlar tayyorlash ishlarini takomillashtirish maqsadida yangi fakultetlar - Tibbiy pedagogika, Oliy hamshiralik ishi, Stomatologiya, Tibbiy profilaktika ishi, Farmatsiya, Tibbiy biologiya va tibbiyot kollejlari oʻqituvchilarining malakasini oshirish fakultetlari tashkil qilindi.

Professor A.Shamsiyevning rektorlik faoliyatini shu qadar dadil va ishonchli qadamlar bilan boshlaganiga asos shuki, u kishi katta ixtisoslashgan bolalar xirurgiyasi muassasa boshligʻi, 20 yildan ortiq kafedra mudiri, tajribali pedagog, ilmiy rahbar, moliya va yurisprudensiya masalalari boʻyicha ham yetarli bilimga va tajribaga ega inson.

Professor A.Shamsiyev tomonidan Markaziy Osiyo Oliy oʻquv yurtlari miqyosida ilk bor Samarqand davlat tibbiyot institutida 2013-yildan xalqaro taʼlim standartlariga javob beradigan oʻqitishning kredit-modul tizimi joriy etilgan. Fanlarni kredit-modul tizimida oʻqitish uchun 4,5-5 terabayt hajmdagi maʼlumotlardan iborat masofaviy elektron onlayn oʻqitish platformasi yaratilgan. Bu esa oʻz navbatida chet ellik yoshlarni institutimizga intilishini, qiziqishini yana-da orttirishga olib keldi. Buning natijasida 2013-yildan buyon Janubiy Koreya Respublikasining koʻplab yoshlari Samarqand davlat tibbiyot institutida tahsil olmoqda. Platforma resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida talabalar turar joylari va hamma oʻquv binolarida studentlar va professor-oʻqituvchilar uchun bepul Wi-Fi routerlarining yuqori tezlikda doimiy ishlashi taʼminlangan.

Masofaviy elektron onlayn oʻqitish joriy etilishi natijasida studentlar va professor oʻqituvchilarining elektron serverga kirib oʻqishi boʻyicha Samarqand davlat meditsina instituti Oʻzbekiston va Rossiya oliy oʻquv yurtlari orasida oxirgi 5 yildan buyon doimiy ravishda birinchi oʻrinni egallab kelmoqda.

Bundan tashqari yuqorida keltirilgan juda katta ijobiy ishlar natijasida Samarqand davlat meditsina instituti oxirgi 3 yil davomida (2017-2020-yillar) Webometrics va UniRank xalqaro reytinglarida Oʻzbekiston Oliy oʻquv yurtlari orasida doimiy ravishda yuqori 3-8chi oʻrinlarni egallab keldi.

Barcha kafedralar va boʻlimlar, oʻquv zallari va xonalari zamonaviy oʻquv jihozlari va axborot-texnologiya vositalari (kompyuterlar- 1400 ta va multimedia - 70ta) bilan toʻliq taʼminlandi. Har 3 nafar studentga 1 ta kompyuter toʻgʻri keladi, ularning 1000 dan ortigʻi internet tarmogʻiga ulangan.

Studentlar bilimini baholash va nazorat qilish taʼlim sifatini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega ekanligini inobatga olib, 2013-yildan institut rektori A.Shamsiyev tomonidan baholashning 5 baholik va 100 ballik tizimi hamda ularning konvertatsiya qilish mezoni ishlab chiqildi. Aynan shu tizim Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan qabul qilinib, Adliya vazirligida tasdiqlandi va 2018-2019 oʻquv yilidan boshlab, barcha oliy taʼlim muassasalarida amaliyotga joriy etildi (Oliy va oʻrta- maxsus taʼlim vazirligining 2018-yil 28-sentyabrdagi 820-sonli buyrugʻi).

Axborot-resurs markazi respublika va chet ellarda chop etilgan 25 mingdan ziyod yangi avlod adabiyotlari bilan boyitilib, elektron biblioteka tashkil qilingan va unda 15 mingdan ortiq elektron oʻquv adabiyotlari yaratilgan. Shuningdek, professor A.Shamsiyev rahbarligida institutda xar yili bir necha bor meditsinaning dolzarb muammolariga bagʻishlangan xalqaro ilmiy amaliy konferensiyalar oʻtkazilib kelindi va institutning xalqaro aloqalari faol rivojlantirildi, 60 dan ortiq nufuzli xorijiy tibbiyot universitetlari va ilmiy markazlari bilan aloqani mustahkamlab, memorandumlar tuzilgan. Hamkorlik dasturlarida AQSH, Germaniya, Avstriya, Angliya, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Koreya Respublikasi, Singapur, Rossiya Federatsiyasi yetakchi meditsina oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tekshirish institutlari va klinikalari bilan hamkorlik alohida eʼtibor qaratilgan.

Oxirgi 3 yilda (2017-2019) institutda 42 dissertatsiya (16 nafar fan doktori va 26 nafar falsafa doktori) himoya qilingan. Ushbu yillarda 42 monografiya, 17 darslik va oʻquv qoʻllanma, va 10 ilmiy ishlar toʻplami nashr etilgan. Ushbu adabiyotlardan 16tasi professor A.Shamsiyev rahbarligida chop etilgan boʻlib, uning ilmiy ishlariga iqtiboslik 1680 tani, Xirsh indeksi esa 22 boʻlib, bu koʻrsatgich Oʻzbekistonda meditsina yoʻnalishi boʻyicha eng yuqori koʻrsatgich hisoblanadi. Shuningdek, institut iqtidorli studentlaridan 123 nafari Respublika Fan olimpiadalari va nufuzli tanlovlarda, 41 nafari xorijiy mamlakatlarning nufuzli meditsina universitetlarida oʻtkazilgan Xalqaro olimpiada va ilmiy anjumanlar tanlovida oltin, kumush va bronza medallari bilan taqdirlangan.

Institutning moddiy-texnik bazasini yana-da rivojlantirish maqsadida Hurmatli Prezidentimizning 2018-yil 3-fevraldagi PK-3507- sonli qarori boʻyicha smeta bahosi 34,5 mlrd. soʻmlik 800 oʻrinli oʻquv binosi qurilishi bevosita institut rektori A.Shamsiyev rahbarligida juda koʻp mashaqqatlar bilan 2018-yilda boshlanib, 2020-yilning boshlarida ushbu bino tayyor holatga keltirilgan, yaqin muddatlarda pardozlash va jihozlash ishlarini nihoyasiga yetkazish, foydalanishga topshirish arafasida.

A.Shamsiyev 12 ta ilmiy loyihalarga rahbarlikni amalga oshirgan. Shulardan amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarning 3 tasiga bevosita ilmiy rahbarlik va 8 tasiga umumiy rahbarlik qilgan. Ayni paytda, Koreya va Oʻzbekiston xalqaro ilmiy hamkorligidagi Oʻzbekiston Respublikasining Samarqand viloyatida exinokokkoz kasalligini oʻrganish borasida xalqaro ilmiy loyihaga ilmiy rahbarlik qildi va uning bajarilishida koordinator boʻlib ishtirok etdi.

A.Shamsiyev bolalar xirurgiyasi sohasini salmoqli ilmiy natijalari bilan boyitgan. Respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan 1000 ziyod ilmiy maqola va tezislar, 8 ta darslik va oʻquv qoʻllanmasi, 20 ta monografiya (shundan 5 tasi xorijda nashr etilgan) muallifi va 50 dan ortiq ixtiroga patent olingan (shundan 1 tasi xorijiy patent).

Professor A.M.Shamsiyev Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, Markaziy Osiyoda yagona bolalar xirurgiyasi ilmiy-amaliy markazi direktori lavozimlarida ishlagan hamda mamlakatimizda va xorijda tan olingan yuqori malakali xirurg, sogʻliqni saqlashni va oliy taʼlimni tashkil qilishning yirik namoyondasidir. Olim rahbarligida 30 dan ortiq shogirdlari doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilganlar. . Oxirgi 3 yilda uning rahbarligida 7ta kandidatlik va doktorlik dissertatsiyalar himoya qilingan.

Ustozning oddiy vrach-xirurgdan ana shunday yuqori mavqeigacha oʻzining saʼy-harakatlari, tinimsiz mehnati bilan erishganligi yoshlarimiz, ayniqsa, oʻzlarini ilm-fan ravnaqi yoʻliga baxshida etayotgan boʻlgʻusi medik olimlar uchun har qancha oʻrnak olib oʻrgansa arziydi.

A.Shamsiyev Yevropa bolalar xirurgiyasi Assotsiatsiyasi, Nyu-York fanlar akademiyasi, Buyuk Britaniya Qirolligi Sogʻliqni Saqlash Assotsiatsiyasi, Rossiya bolalar xirurgiyasi Assotsiatsiyasi, Rossiya xirurglar jamiyati aʼzosi, Gras meditsina universiteti (Avstriya) va Ternopol meditsina universiteti faxriy professori (Ukraina), Rossiya meditsina va texnika akademiyasining va Ijevsk meditsina Akademiyasi faxriy akademigi (Rossiya), Osiyo endoskopik va laparoskopik xirurglar jamiyati (ELSA) aʼzosi.

A.Shamsiyev jahon bolalar xirurgiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi uchun Mustaqil Hamdoʻstlik Mamlakatlari miqyosida sohaning eng yuksak mukofoti – professor V.P.Nemsadze nomli xalqaro mukofot bilan taqdirlangan va xirurgiya sohasining oliy mukofoti – akademik A.V.Vishnevskiy nomli medalga sazovor boʻlgan.

A.Shamsiyev OʻzFAning “Biologiya va tibbiyot muammolari” («Problemы biologii i meditsinы») va OʻzR SSVning “Doktor axborotnomasi” («Vestnik vracha») jurnallari Bosh muharriri, «Detskaya xirurgiya» (Moskva) jurnali, «Xirurgiya Uzbekistana», «Meditsinskiy jurnal Oʻzbekistana», “Pediatriya”, “Tibbiyotda yangi kun” va «Jurnal teoreticheskoy i klinicheskoy meditsinы» nashrlari tahrir hayʼati aʼzosi.

A.Shamsiyev Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Ixtisoslashgan kengashi aʼzosi va Samarqand Davlat Tibbiyot instituti Ilmiy Kengashi raisi boʻlgan. OʻzFA Samarqand filiali tashkilotchilaridan biri, uning faoliyati davomida tibbiyot boʻlimi rahbari, xamda akademik V.V.Vohidov nomidagi Respublika ilmiy-amaliy xirurgiya markazi Ixtisoslashgan kengashi aʼzosi boʻlgan. Hozirgi paytda A.Shamsiyev Samarqand davlat meditsina institutining dissertatsiya yoqlash boʻyicha ixtisoslashgan kengash raisi (bolalar xirurgiyasi, pediatriya va terapiya sohalari boʻyicha) boʻlib faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

A.Shamsiyev Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim standartlari, oʻquv reja va dasturlarini jahonning rivojlangan mamlakatlari taʼlim standartlariga moslashtirish, malakali meditsina mutaxassislari tayyorlash sifatini oshirish, Ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash, vrachlar malakasini oshirish borasida kecha-kunduz tinim bilmasdan ishlaydigan, innovatsion gʻoyalarga boy, tashabbuskor tashkilotchi rahbar sifatida institut jamoasi va viloyat jamoatchiligi orasida katta obroʻ-eʼtibor qozondi.

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining 2019-yil 11-yanvar kuni boʻlib oʻtgan navbatdan tashqari sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, toʻgʻri ovqatlanish tamoyillarini hayotga tatbiq etish, yuqumli boʻlmagan kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf-xatarlarni erta aniqlash borasida Samarqand davlat meditsina instituti rektori professor Azamat Shamsiyev zimmasiga bir qator dolzarb vazifalar yuklatilgan edi.

Shuningdek, Prezident ushbu sessiyada, institutda tibbiy taʼlimni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirgan ishlar toʻgʻrisida A.M.Shamsiyevdan soʻraganida, 2013/2014 oʻquv yilidan boshlab jahon taʼlim standartlariga mos kredit modul tizimida oʻqitish joriy etilganligi, onlayn usulda masofaviy oʻqitish yaratilganligi ularning malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, dunyoning rivojlangan mamlakatlari oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari bilan raqobatlasha oladigan kadrlar tayyorlashga yetarli zamin yaratishga olib kelishi haqida atroflicha soʻzlab berganida, Muhtaram Prezidentimiz bu yangilikka katta baho berib, qoʻllab-quvvatlagan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmonida respublikadagi barcha oliy taʼlim muassasalari 2030-yilga qadar bosqichma-bosqich kredit-modul tizimida oʻqitishga oʻtishi belgilab qoʻyilganligi Samarqand davlat tibbiyot institutining tajribasini ommalashtirilganligining isbotidir.

Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida 2019-yil 28-29-mart kunlari Samarqand davlat meditsina institutida Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda “yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi va diagnostikasi, sogʻlom turmush tarzi va toʻgʻri ovqatlanish” mavzulariga bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.

Ushbu anjumanda Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa hududiy idorasi, yetakchi rahbari Jill Farington, mazkur tashkilotning Oʻzbekistondagi bosh vakili Liann Kuppens, milliy vakili Yelena Soy, xamda Rossiya va Oʻzbekiston universitetlari va ilmiy tekshirish institutlari olimlari faol qatnashdilar.

Samarqand viloyati aholisi oʻrtasida shu tarzdagi tashviqot ishlarini olib borish maqsadida viloyat shahar va tuman hokimliklari bilan hamkorlikda 2019-yil fevral-aprel oylari davomida amaliy konferensiyalar oʻtkazilib, unga barcha faollar, xotin-qizlar qoʻmitasi aʼzolari, tibbiyot birlashmalari, xalq taʼlimi tizimi xodimlari, imom xatiblar faol ishtirok etdilar va oʻz navbatida ular aholi bilan targʻibot ishlarini davom ettirdilar.

Bundan tashqari, rektor A.Shamsiyev rahbarligida institutning yetakchi professor oʻqituvchilari Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlarida sogʻliqni saqlash tizimiga amaliy-uslubiy yordam koʻrsatib, joylarda vrach-mutaxassislar bilan mahorat darslari oʻtkazib keldilar.

Mazkur omillar, xalqimizning salomatligini mustahkamlash, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining jismoniy faollik darajasini oshirish, odamlarning barvaqt oʻlim hamda kasallanishini kamaytirish borasida muhim oʻrin tutadi. Xalq salomatligini mustahkamlashga qaratilgan bunday eʼtibor va yondashuv albatta respublikamizda oʻrtacha umr koʻrish darajasini yana-da oshirish imkonini beradi.

Hozirgi kunda professor A.M.Shamsiyev Samarqand davlat tibbiyot instituti Bolalar xirurgiyasi kafedrasi professori vazifasida ishlab, ilmiy pedagogik shogirdlar tayyorlash, turli darajadagi ogʻir bemorlarni operativ davolash ishlariga munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. Shuningdek, Samarqand viloyat kasaba uyushmasi tashkilotlari birlashgan kengashi rayosati aʼzosi sifatida tibbiyot xodimlarini ijtimoiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish ishlarida faollik koʻrsatmoqda.

Yuqorida keltirilgan maʼlumotlarga va institutda amalga oshirilgan katta oʻzgarishlarning natijalariga tayanib, shuni aytish mumkinki, professor Shamsiyev Azamat Muhitdinovich yetarli darajada faol tashkilotchi rahbar, mohir xirurg, ilmiy-pedagogik salohiyati yuqori, yetarli katta hayotiy tajribaga ega inson, rahbar sifatida institutning oldingi mavqeini nafaqat tiklay oldi, balki uni yana-da rivojlantirib, xalqaro andozalarga javob bera oladigan kadrlar, shifokorlar va yuqori malakali ilmiy xodimlar tayyorlashni yana-da yuqori choʻqqilarga koʻtara oladigan oliy oʻquv yurtiga va ilmiy maskanga aylantira oldi.

A.Shamsiyevning Vatan va xalq oldidagi xizmatlari inobatga olinib, 1998-yil “Sogʻlom avlod uchun” 2-darajali ordeni bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 1, 10, 15, 20 va 25 yilligi esdalik nishonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi esdalik nishoni va Oʻzbekiston Respublikasining “Sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. Oliy taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Samarqand viloyat xokimi faxriy yorliklari bilan bir necha bor taqdirlangan.

Mamadiyor Ziyodinov,
jurnalist

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?