Dunyo sayyohlari eʼtiboridagi tarixiy manzil

18:29 07 Fevral 2024 Welcome to uzbekistan
1462 0

Архив сурат

Xiva — dunyo sayyohlari eʼtibori va eʼtirofidagi tarixiy shahar. Xalqaro YUNESKO tashkiloti roʻyxatiga olingan, tarixiy-meʼmoriy obidalari yaxlit joylashgan ertaknamo manzil — “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasiga tashrif buyurayotgan xorijiy hamda mahalliy sayyohlar soni yil sayin oshib bormoqda.

Maʼlumki, 2022-yil 27 — 29-iyun kunlari Boku shahrida boʻlib oʻtgan Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar turizm vazirlarining XI sessiyasida Xiva shahri 2024-yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb eʼlon qilingan edi.

Ayni kunlarda Prezidentimizning “Xiva — 2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti” xalqaro tadbiriga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha viloyat miqyosida, jumladan, “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasida ham qizgʻin taraddud koʻrilmoqda.

— Mazkur anjuman doirasida Xivada xalqaro tadbirning tantanali ochilishi, IHTga aʼzo davlatlar turizm vazirlarining navbatdagi sessiyasi oʻtkazilishi, chet ellik mehmonlar, ekspertlar ishtirokida muhim mavzularda anjumanlar, “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi”, Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlangan “Strongmen” xalqaro bahodirlar oʻyini musobaqasi, madaniy va gastronomik festivallar oʻtkazilishi rejalashtirilgan, — deydi “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasi rahbari Azamat Qurbonov. — Ayni kunlarda xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida obodonlashtirish ishlari bilan bir qatorda, muzeylarda yangi ekspozitsiya va koʻrgazmalar tashkil qilish ishlari ham rejali davom etyapti.

Qolaversa, sayyohlik targʻiboti yoʻnalishida oʻzbek, rus, ingliz, arab, fransuz va boshqa xorijiy tillarda bukletlar, yoʻlkoʻrsatkich qoʻllanmalari tayyorlash, nogironlar, turli yoshdagi tashrif buyuruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha ham zarur choralar koʻrilmoqda.

Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Ispaniya, Xitoy hamda boshqa chet davlatlardagi muzeylar va muzey-qoʻriqxonalar bilan hamkorlik aloqalari asosida muzeyshunoslik hamda sayyohlarga namunali xizmat koʻrsatish sohasida ilgʻor tajriba hamda texnologiyalar amaliyotga joriy etilayotir. Muzey-qoʻriqxonada masʼul mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari faoliyati uchun zarur texnik vositalar bilan taʼminlangan shtab tashkil qilindi.

Har jihatdan puxta taraddud koʻrilayotgan nufuzli tadbirlar serquyosh va bagʻrikeng Oʻzbekistonning, shu jumladan, Xiva shahrining turistik salohiyatini xalqaro maydonda yanada faol targʻib qilish hamda pirovardida, sayyohlar sonini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Otabek ISMOILOV, jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер