Dunyo yoʻllariga tutash manzillar

16:19 23 Noyabr 2024 Jamiyat
262 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda xalqaro ahamiyatdagi magistral avtomobil yoʻllarini qurish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi “2023—2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumani hududida xalqaro ahamiyatdagi A380 “Gʻuzor – Buxoro – Nukus – Beyneu”avtomobil yoʻlida 240 kilometrli sement-beton qoplamali yangi yoʻl barpo etildi.

Xitoy Xalq Respublikasining “CRBC va SSSS Third Highway Engineering Co. Ltd” qoʻshma korxonasi xalqaro ahamiyatdagi yoʻl inshootining sement-beton qoplamasini qurish ishlariga bosh pudratchi etib tayinlangan. Loyihaning umumiy qiymati 383,4 million AQSH dollariga teng boʻlib, qurilish ishlari 2020—2024-yillarda amalga oshirildi. Joriy yilda mazkur avtomobil yoʻlining 964—1204 kilometrlari oraligʻidagi 240 kilometr yoʻl qismini mukammal rekonstruksiya qilish loyihasi yakunlanib, foydalanishga topshirildi.

— Bu yoʻlning ochilishi xalqimizning koʻpdan kutgan orzusi edi, — deydi “Nuroniy” jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi raisi Tursinbay Abdijabbarov. — Bu yoʻl oldin abgor ahvolda boʻlgan. Hozir shu yoʻldan harakatlanayotgan haydovchilar beton qoplamali ravon yoʻldan avtotransportlarini boshqarayotib, bunday xayrli ishlar boshida turganlardan cheksiz minnatdor.

Amalga oshirilgan loyihaning asosiy maqsadlaridan biri xalqaro va davlat miqyosidagi avtomobil yoʻllarini xalqaro standartlar va andozalar talablariga mos ravishda yuqori darajadagi sifatli holatga keltirish hisoblanadi. Jahon standartlariga mos, sifatli qurib bitkazilgan mazkur avtomobil yoʻli koʻp yillar davomida xalqimizning uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qilishga xizmat qilmoqda.

— “Karakalpakiya” posyolkasida istiqomat qilayotgan aholi sifatida yoʻl qurilishining qanchalik muhimligini yaxshi anglayman, — deydi oʻqituvchi Roza Isfanova. — Qirq yildan oshibdiki, mana shu yerdagi maktabda oʻqituvchilik qilaman. Baʼzan oʻquvchilarim yoʻllarning abgorligidan maktabga kelolmas, uning qachon taʼmirlanishini soʻraganida tayinli javob aytolmasdim. Negaki, ovulda kimdir betob boʻlib qolsa, shifoxonaga yetkazish, mashina chaqirtirishning oʻzi katta muammo boʻlardi. Bu yoʻlning qayta qurilib, foydalanishga topshirilayotgani haydovchi va yoʻlovchilardan tashqari bizning ovul ahli uchun ham katta bayram boʻldi.

— Faoliyatimizni 2018-yili Prezidentimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan chet eldan yuk tashuvchi avtomashinalarini xarid qilib, yuk tashish xizmati yoʻlga qoʻyilganda boshlagandik, — deydi tadbirkor Davletnazar Saidjano. — Qisqa muddatda yuk avtomobillar sonini 5 barobar oshirib, hozirda 14 ta avtomobillarimiz xalqaro yuk tashish xizmatini koʻrsatib kelmoqda. Ilgari avtomashinalarimiz “Dovud ota” postidan Nukus shahrigacha 15 soat vaqt sarflagan. Yangi yoʻlning foydalanishga topshirilishi bilan yukni Nukusga yetkazish vaqti yetti soatga qisqardi. Shu yoʻl infratuzilmasining yaxshilanishi bilan yuk tashish xizmatini koʻrsatuvchi tadbirkorlarning salohiyati yanada oshib, soha yanada rivojlanishiga ishonchimiz komil.

Darhaqiqat, shu yoʻl infratuzilmasining yaxshilanishi orqasidan Qoraqalpogʻistonga sarmoya kiritish istagida boʻlayotgan investorlar safi ortib bormoqda. Negaki, A380 avtomagistralining mamlakatimiz shimoliy darvozasi sanalgan “Dovud ota” postigacha boʻlgan oraligʻi yangidan qurilib foydalanishga topshirilgani tadbirkorlarning vaqt va yoʻl xarajatlarini qisqartirib, tadbirkorlik salohiyatini oshirishga imkon beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер