Dubayda mushkul ahvolda qolgan ayollar Oʻzbekistonga qaytarildi

14:24 26 Mart 2025 Jamiyat
228 0

Dubay shahrida mushkul ahvolda qolgan uch nafar ayol Oʻzbekistonga qaytarildi. Bu haqda Oʻzbekistonning ushbu shahardagi Bosh konsulxonasiga tayanib, “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, oʻzbekistonlik I.X., I.G. va uning voyaga yetmagan farzandi I.M. 2024-yil 22-dekabr kuni yaqin qarindoshining taklifi bilan BAAga kelgan va Dubay shahrida ijara uyga joylashgan. Oʻtgan vaqt mobaynida ular BAAda boʻlish uchun viza rasmiylashtirmasdan noqonuniy yashab kelgan.

Mehmonlarni BAAga taklif qilgan shaxs 23-fevral kuni Qatarga chiqib ketayotganini aytib, aloqani uzgan. Mart oyi boshida xonadon egasi ijara pulini toʻlash kerakligini, agar ijara puli toʻlanmasa, xonadonni tark etishni talab qilib, ularni koʻchaga haydagan.

“Hamyurtlarimiz bilan suhbat davomida ularning turar uy-joy, oziq-ovqat va vatanga qaytish uchun mablagʻlari yoʻqligi oydinlashdi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Bosh konsulxona xodimlari Amirliklardagi “Ayollar va bolalarga yordam koʻrsatish markazi” xayriya tashkiloti va faol vatandoshlar bilan birgalikda yordamga muhtoj fuqarolarga barcha zarur yordamlarni koʻrsatgan. Ularning BAAda noqonuniy yashab kelgan muddatda hisoblangan 2 ming 178 AQSh dollari miqdoridagi qarzdorlik ushbu mamlakatning tegishli organlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ijobiy hal qilingan.

“Uzbekistan Airways”ning BAAdagi vakolatxonasi esa fuqarolarning Oʻzbekistonga qaytishi uchun Dubay—Toshkent qatnoviga hech qanday toʻlovlarsiz chipta rasmiylashtirib bergan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер