Dongʻi dunyoga ketgan durdona

Yurtimizdagi har bir qadimiy obidani durdonaga mengzash mumkin. Ular xalqimiz boy madaniy merosining ajralmas bir boʻlagidir. YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan “Baland masjid” yoki “Masjidi Baland” nomi bilan ataluvchi meʼmoriy yodgorlik ham katta tarixga ega obidalardan sanaladi. U XVI asrning ikkinchi yarmida Buxoro xoni Abdullaxonning yaqini yaʼni koʻkaldoshi, Qulbobo nomi bilan mashhur boʻlgan vazir tomonidan bunyod etilgan.
Tarixning guvohlik berishicha, Buxoro xonligining eng gullagan, ravnaq topgan davrlardan biri Abdullaxon II hukmronlik qilgan pallaga toʻgʻri keladi. Buxoro Arkining hozirgi koʻrinishi, qator savdo toqlari, Modarixon (Qoʻsh madrasa) madrasasi va boshqa oʻnlab meʼmoriy yodgorliklar qurilishi bevosita u bilan bogʻliq. Eʼtiborlisi, xonning atrofidagi ayonlari ham uning izidan borib, Buxoroni eng goʻzal shaharlardan biriga aylantirishdek ezgu ishga hissa qoʻshishadi. Qulbobo ham bundan istisno emas.
Hofiz Tanish Buxoriy oʻzining “Abdullanoma” asarida, zukko olim Boʻriboy Ahmedov “Balx tarixi” kitobida Qulbobo Koʻkaldosh toʻgʻrisida maʼlumotlar yozib qoldirishgan. Manbalarga koʻra, Amir Qulbobo, Muhibbiy (taxminan 1534—1598-yillar) — davlat arbobi va harbiy sarkarda. Abdullaxon II Buxoro taxtiga oʻtirgach, Qulbobo Koʻkaldosh saroyda nufuzli mansab — koʻkaldoshlikni egallagan, devoni mushrifiga rahbarlik qilgan va xonning koʻpgina harbiy safarlarida hukmdor yonida boʻlgan.
Hofiz Tanish Buxoriy “Abdullanoma” asarida Qulbobo Koʻkaldoshni “umdat ul-mulk” (“podsholik tayanchi”), “nizomi saltanat”, «amir Nizomiddin» degan taʼriflar bilan ulugʻlaydi.
Qulbobo Koʻkaldosh oʻz davrining savodxon kishilaridan biri boʻlib, shoir, olim va sanʼatkorlarni juda qadrlagan, ularga homiylik qilgan. Oʻzi ham “Muhibbiy” taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. U shaxsiy mablagʻi hisobidan 1551 – 1575-yillarda Buxoro, Balx, Samarqand va Toshkentda madrasalar qurdirgan.
Xalq orasida Koʻkaldosh bilan bogʻliq rivoyatlar uchraydi. Ulardan biriga koʻra, Qulbobo Koʻkaldosh haj ziyoratini ado etmoq uchun Abdullaxon II dan ruxsat soʻraydi. Biroq xon qandaydir sabablar bilan izn bermaydi. Shunda Qulbobo Koʻkaldosh Kaʼbaga monand masjid qurmoqni niyat qiladi.
Shu tariqa xonlikning mashhur meʼmori Mirdoʻstim boshchiligidagi ustalar Haj ziyoratiga yuboriladi. Ularga Kaʼba tuprogʻi va toshidan olib kelish buyuriladi. Ustalar bu vazifani ado etib, uning oʻsha davrdagi oʻlchamlarini ham olishadi. Buxoroga qaytib, Kaʼbatullohning nusxasi shaklidagi masjid loyihasini vazir Qulbobo Koʻkaldoshga taqdim etishadi.
Buxoro xoni va islom ulamolari hamda saroy ayonlari ishtirokidagi loyiha taqdimotida turli bahs–munozaralar yuzaga keladi. Biroq Qulbobo Koʻkaldosh usta Mirdoʻstim bilan birgalikda qatʼiyat koʻrsatadi. Gap shundaki, loyihada boʻlgʻusi masjid ichida bir dona ham ustun ishlatmaslik koʻzda tutilgan edi. Faqat tom qismida uning mustahkamligini taʼminlash uchun maxsus zanjirlardan foydalanish belgilangandi. Bu oʻsha davr uchun tamoman yangi muhandislik usuli edi. Vaholanki, boshqa meʼmorlar-u ustalar masjidni bu yoʻsinda qurish imkoni yoʻqligini aytib, loyihaga eʼtiroz bildirishgan.
Buxoro xoni izni va farmoni bilan Koʻkaldosh Qulbobo masjid qurilishiga bosh boʻladi. Uning poydevoriga Kaʼbadan olib kelingan tosh va tuproq qoʻshib ishlatiladi. Loyihaga koʻra, usta Mirdoʻstim masjidning tashqi hovlisida bor mahoratini ishga solib, 5 ta ustun qoʻyadi. Bu har bir musulmon islom farzlarini ado etish harakatida boʻlmoqligini anglatadi, albatta.
Abdullaxon II inshoot mahobatini koʻrib, uni “Masjidi Baland” deb nomlaydi. Koʻkaldosh Qulbobo haj ziyoratini shu masjid qurilishidan soʻng ado etgani rivoyat qilinadi.
“Masjidi Baland” jomeʼ masjidi imom xatibi Mirshod Saidovning bildirishicha, obidaning eni chindan ham 11, uzunligi 13, balandligi esa 15 metrni tashkil etadi. Masjiddagi yana bir ajoyibot shundaki, ichida ustun yoʻq. Tom qismida uning mustahkamligini, zilzilaga bardoshliligini taʼminlovi zanjirlar mavjud.Oltin suvi yuritilib ishlangan naqshlarini aytmaysizmi?
Buxoroga kelgan sayyoh borki, Baland masjidni koʻrmay qaytmaydi. Mahobatli, oʻziga xos uslubda barpo etilgan bu obida ajdodlar aql – zakovatining beqiyos timsoli sifatida xalqimiz ardogʻida boʻlib kelmoqda.
Sherzod MAHMUDOV,
Buxoro viloyatidagi “Karvon” madaniy merosni
oʻrganish va turizmni rivojlantirish markazi raisi.
Azizxoʻja INOYATOV,
falsafa fanlari nomzodi, islomshunos.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring