DXX kubogi: Qashqadaryo jamoalari tarixiy natija qayd etishdi

12:51 26 Avgust 2024 Jamiyat
54 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. 19 – 24-avgust kunlari Toshkent shahrida sportning futbol va mini-futbol hamda qizlar oʻrtasida mini-futbol turlari boʻyicha DXX kubogi musobaqalarining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi.

Unda musobaqaning hududiy bosqichlarida saralanib kelgan 42 ta jamoa asosiy kuboklar uchun bahslarga kirishishdi.

Eʼtiborli tomoni, besh kun davom etgan shiddatli va murosasiz bahslardan soʻng, har uchala yoʻnalishda Qashqadaryo viloyati jamoalari finalga qadar yetib kelishdi.

Jumladan, futbol bahslarida finalga chiqqan Koson tumanining “Arabxona” jamoasi hal qiluvchi bahsda Toshkent viloyatining “Oq ovul” mahallasi yoshlaridan ustun kelgan boʻlsa, mini-futbol bahslarida Qamashi tumanining “Yangi avlod” jamoasi bu gal ham gʻoliblikni hech kimga bermadi. Ushbu musobaqa bu yil toʻrtinchi bor oʻtkazilgan boʻlsa, shundan uchtasida qamashilik mini-futbolchilar bosh sovringa ega chiqmoqda.

Qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan mini-futbol bahslarida ham Qarshi shahrining Gungon mahallasi qizlari finalda Toshkent viloyatining “Chinoz” jamoasini magʻlub etib, shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi.

Shunday qilib, poytaxtdan uchta kubokni ham olib qaytgan yosh futbolchilar Qarshi temir yoʻl vokzalida viloyat hokimligi va boshqa masʼul tashkilotlar mutasaddilari, muxlislar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillari tomonidan tantanali kutib olindi.

— Jamoamiz bu yil uchinchi bor musobaqaning bosh sovriniga ega chiqdi, — deydi “Yangi avlod” jamoasi murabbiyi Faxriddin Choriyev. — Bu bilan oʻziga xos rekord qayd etdik. Ayniqsa, bu yil uchta kubokning ham viloyatimizga kelgani quvonchli boʻldi.

Tantanali tadbir gʻolib jamoalarning Qarshi shahri koʻchalari boʻylab bayramona yurishlari bilan davom etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер