Direktor almashgani bilan oʻqituvchi va oʻquvchining sharoiti yaxshilanib qolmaydi — deputat

12:41 23 Yanvar 2021 Jamiyat
1146 0

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan hududlarda oʻrganish olib borilmoqda va bitiruvchilari oliy taʼlimga kirmagan maktablar “toʻq qizil” rangli deb tasniflanmoqda.

Shu maktab direktori esa lavozimidan ozod qilinmoqda.

Biroq direktorni ishdan olgan bilan muammo yechilarmikan?

Muammoning ildizlarini chuqurroqdan izlab koʻrmaymizmi?

Yurtdoshlarimizning muhokamalariga quloq tutsangiz,soha muammolari haqida gapirib,oyna tutmoqdalar.

Darhaqiqat, oʻqimaydigan bolani majburlab oʻqitib boʻladimi?

Hunar oʻrganganning nimasi yomon? 

Prezident siyosatiga koʻra oliy maʼlumoti yoʻqlar uchun ish oʻrinlari yaratish, oʻrta maʼlumotlilar haqida gap bormoqda.

Agar oʻquvchi oliy maʼlumotli boʻlishni istasa ham,taʼlim sifati yomonligidan oʻqishga kirolmayotgan boʻlsa,bunga kim aybdor?

Maktab direktorimi?

Oʻsha maktabda necha smenada oʻqilarkan,qishda isitilarkanmi,elektr energiyasi taʼminoti yaxshimikan, oʻqituvchilarining maoshi yetarlimikan,oʻquvchilar uy-roʻzgʻor ishlariga qarashish haqida emas,faqat oʻqish haqida oʻylashga sharoiti bormikan?

Yogʻin yogʻsa,yoʻllari loy boʻlib qanday borishini bilmay oʻtirmasmikan

Internet yoʻqligidan onlayn oʻqishni tushida koʻrmaganmikan?

Murojaatlar asosida Bagʻdod tumanidagi 19-maktabga qoʻshimcha bino qurish boʻyicha vazirlikka xat yubordim.

Javob xatida siz deputat sifatida bizga mablagʻ ajratishda yordam bering deb oʻzimdan yordam soʻrashdi.

Vaholanki, byudjetdan eng katta mablagʻ Xalq taʼlimiga ajratiladi.

Qayergaki borsam, aholi maktab, bogʻchaga boradigan yoʻllardan noliydi.

Avval sharoit yaratib, keyin kimnidir ayblasak toʻgʻri boʻlardi. 

Direktor almashgani bilan oʻqituvchi va oʻquvchining sharoiti yaxshilanib qolmaydi.

Maktab oʻqituvchisining qogʻozbozliklardan va majburiy mehnatdan qutulganligi uchun rahmat.

Lekin hali oʻqituvchining yaxshi maosh olib, zamonaviy sharoitlarda dars berishi, oʻz ustida ishlay olishi uchun qiladigan ishimiz koʻp.

Toʻgʻri, oʻqituvchilarning saviyasini,malakasini oshirish uchun yaqin oradagi oliy oʻquv yurtlariga biriktirib qoʻyilishi vazirlik tomonidan amalga oshirilgan ijobiy harakat.

Mukammal dasturlar va mukammal darsliklar, adolatli test tizimi haqida ham oʻylash kerak.

Jamiyatda korrupsiya yoʻqolib,oliy maʼlumotli olgan bilimiga koʻra saralanib yaxshi ishga olinadigan boʻlsa,hamma ham oliy maʼlumotli boʻlishga intiladi.

Oʻquvchining oilasida ham turmush sharoiti yaxshilanishi,uning yaxshi oʻqishi uchun motivatsiya boʻlishi ham kerak.

Tanlovlar,olimpiadalar adolatli boʻlishi, jamiyatda bilimlining qadr topayotganini koʻrib borishi kerak.

Gulbahor SAIDGʻANIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?