Diplomat, zabardast olim, kamtarin inson va haqiqiy doʻst

20:40 17 Iyul 2022 Madaniyat
874 0

Foto: Халқ сўзи

Taniqli davlat va jamoat arbobi Saidmuxtor Saidqosimov faoliyatiga bagʻishlangan “Davlat arbobi. Diplomat. Ustoz” nomli toʻplam nashr ettirildi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan tayyorlangan mazkur toʻplamda S.S.Saidqosimovning jamiyatimiz taraqqiyotiga, maʼnaviyat, ilm va maʼrifat olamiga baxshida boʻlgan serqirra faoliyatiga atalgan 30 dan ortiq dil izhorlari joy olgan.

Xususan, majmua Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning S.S.Saidqosimovga yoʻllagan tashakkurnomasi bilan boshlanib, qator olimlar, fan doktorlari, elchilar, davlat va jamoat arboblarining maqolalari bilan toʻldirilgan. Kitobda keltirilishicha, maqolalar asl holida mualliflar yoʻllagan til va uslublarda eʼlon qilingan.

Kitobdan oʻrin olgan atoqli din arbobi Shayx Abdulaziz Mansur oʻz xotiralarida: «Guvoh sifatida shuni ham aytishim kerak, rahmatli muftiyimiz Usmonxon hoji Alimov hazratlari ham umrlarining oxirigacha Saidmuxtor aka bilan yaqindan muloqotda boʻlib, lozim boʻlganda qator diniy masalalar, diniy vaziyatlar yechimi boʻyicha oʻzaro fikr almashib, ularning eʼtiqodimizni saqlash va mustahkamlash yoʻlida qilgan xizmatlarini juda yuqori qadrlab, ular haqiga, avvalo, tabarruk otalari Saidgʻozixon eshon haqlariga duolar qilardilar», — deb yozgan. Bundan koʻrinadiki, S.S.Saidqosimov koʻpgina sohalarning mohir bilimdoni, kuchli diplomatdir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining raisi Alisher Qodirov oʻz xotiralarida S.S.Saidqosimovning insoniylik xislatlarini yodga olib: “Ayni paytda hayajonli va tajribasiz yoshlik davrimda, hayotimning xavfli burilishlaridan birida qoʻlimdan tutib, toʻgʻri yoʻlni koʻrsatib yuborgan, yiqilib ketishimga yoʻl qoʻymagan Saidmuxtor Saidqosimov men uchun halol, toʻgʻri, samimiy, odamlarga yaxshilik qilishdan huzur topadigan rahbarning oliy namunasi boʻlib qoladi”, — deb yozadi.

S.S.Saidqosimov kasbiy faoliyati davomida Oʻzbekiston Prezidentining alohida muhim topshiriqlar boʻyicha yordamchisi (1991-1992), Oʻzbekiston Prezidentining fan, madaniyat, taʼlim va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha Davlat maslahatchisi (1992-1993), Oʻzbekiston Prezidentining siyosiy masalalar boʻyicha Davlat maslahatchisi (1993-1998) bilan birgalikda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori (1992-1998), Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri (1993-1994), Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari (1994-1996), YUNESKO bilan aloqalar boʻyicha Oʻzbekiston Milliy komissiyasi raisi (1993-1997) sifatida faoliyat olib borgan. 1999-2014-yillarda dunyoning turli universitetlarida, xususan, Garvard, Boston, Priston universitetlari, Massachusets texnologiya instituti (AQSH), Oksford, Vestministr universitetlari (Buyuk Britaniya) va Fransiya, Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Eron, Turkiya, Shri-Lanka, Kuba, Moʻgʻuliston universitetlarida maxsus kurslar va maʼruzalar oʻqigan, 2013-2018-yillarda Janubiy Koreyaning Koreya, Xankuk, Xanyang, Inha, Ajou universitetlari professori hamda 2018-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?