Deputatlar tomonidan “yashil” zonalarni himoya qilish uchun tayyorlangan qonun loyihasining “taqdiri” nima boʻldi?

12:02 07 Yanvar 2025 Siyosat
128 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlarni muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.

Qonun loyihasi aholining dam olish maskanlari va koʻkalamzor hududlarini saqlab qolish hamda ularning huquqiy himoyasini taʼminlashni maqsad qilib qoʻyadi.

Loyihaga koʻra, davlat mulki hisoblangan yerlarda binolar va inshootlarni qurish, ularning hududini qisqartirish, yoki yerlarni begonalashtirish taqiqlanadi. Shu bilan birga, faqat yengil turdagi obyektlarni qurishga ruxsat berilishi belgilandi. Bu orqali ekologik muvozanatni saqlash va aholining madaniy ehtiyojlarini taʼminlash koʻzda tutilgan.

Qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash davomida masʼul qoʻmita tomonidan yigʻilishlar va seminarlar tashkil etildi. Deputatlar tomonidan kiritilgan barcha takliflar chuqur tahlil qilinib, asosli deb topilganlari loyiha matniga kiritildi. Ushbu jarayon hujjatning har tomonlama pishiq-puxta tayyorlanishini taʼminladi.

Deputatlar ushbu qonun loyihasi “yashil” zonalarni muhofaza qilish, ekologiya va atrof-muhitni yaxshilashda muhim qadam ekanini taʼkidladilar. Qonun qabul qilinishi natijasida aholining madaniy hordiq chiqarish hududlarini himoya qilish samaradorligi oshadi va ularning sifatli dam olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Mazkur qonun loyihasi aholining ehtiyojlarini qondirish, ekologik muhitni yaxshilash va kelajak avlod uchun toza tabiatni saqlab qolish maqsadlariga xizmat qilishi kutilmoqda.

Qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda qabul qildi. Endilikda loyiha soʻnggi bosqichga tayyorlanib, parlamentning yuqori palatasiga yuboriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?